2025 yil 1 sentyabrdan Rossiyada nazorat va repressiyalarni kuchaytiruvchi yangi qonunlar kuchga kirdi. Ular qatorida SIM-kartalarni boshqalarga topshirganlik uchun jinoiy javobgarlik, VPN reklamasi taqiqlanishi va migrantlar ustidan nazorat ham bor. Bu haqda DW (Deutsche Welle) nashri xabar berdi.
Xabarga ko`ra, 1 sentyabrdan boshlab Rossiyada chet elliklar ustidan to`rt yillik eksperimental nazorat tizimi ishga tushirildi. Endilikda migrantlar ro`yxatdan o`tishi va "Amina" nomli maxsus mobil ilovani o`rnatishi shart. Bu ilova ularning geolokasiyasini uzluksiz uzatib turadi.
Agar ilova orqali ma`lumotlar 3 ish kunidan ortiq vaqt davomida uzatilmasa, shaxs Migrasiya markazidagi hisobdan chiqariladi.
Bunday holatda shaxs "nazorat ostidagi shaxslar reestri"ga kiritiladi. Oqibatda turmush qurish, bank hisob raqami ochish, bolalarni maktabga yozish kabi taqiqlarga olib keladi.
"Ekstremistik" kontentni izlaganlik uchun jarimalar kuchaytirildi. Taqiqlangan saytlarga ataylab kirgan fuqarolar 3 mingdan 5 ming rublgacha jarimaga tortilishi mumkin.
1 sentyabrdan boshlab Rossiyada ishlab chiqilgan 41 ta ilova telefonlarda oldindan o`rnatilgan bo`lishi kerak. Eng asosiysi—Max messenjeri va RuStore ilovalar do`koni. Ular Rossiyadagi barcha smartfon va qurilmalarga majburiy tartibda o`rnatiladi. Davlat Dumasi WhatsApp’ni to`liq bloklash rejalashtirilayotganini bildirgan.
Shuningdek, sentyabrdan boshlab Rossiyada SIM-kartalarni foyda olish maqsadida yoki jinoyat sodir etish uchun boshqa shaxslarga berish jinoiy javobgarlikka olib keladi.
Jumladan, 700 ming rublgacha jarima yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, raqamlarni berishda ishtirok etganlarga — 300 ming rublgacha jarima yoki 2 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazolari qo`llaniladi.
Yaqin qarindoshlarga berish yoki qisqa muddatli foydalanish holatlari bundan mustasno, deyiladi xabarda.