O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 10 iyuldagi “O`zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o`ttiz to`rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish to`g`risida”gi qarori doirasida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tizimida ham qator ezgu tashabbuslar amalga oshirilmoqda.
Xususan, bank tomonidan O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida bayram tadbiri tashkil etildi.
Unda bank rahbariyati, bankning tarkibiy tuzilmalarida ishlayotgan xodimlar va ularning oila a`zolari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida davlatimiz rahbari g`oyasi asosida mustaqillik yillarida mamlakat himoyasi yo`lida halok bo`lgan harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlarining xotirasiga bunyod etilgan “Millat fidoyilari” yodgorligi poyiga gulchambar qo`yildi.
Muloqot davomida mustaqillik fidoyilariga bag`ishlangan ushbu majmuaning tashkil qilinishi “G`alaba bog`i”ning ma`naviy ahamiyatini yana bir karra oshirgani ta`kidlandi.
Bugungi tinch-osoyishta hayotimizda millatimiz qahramonlarining mardona kurashlarining o`rni naqadar yuksak ekanligi qayd etildi.
Shundan so`ng tashkil etilgan bayram tadbirida taniqli shoirlar, san`atkorlar ijrosida ona-Vatan, mustaqillik qadr-qimmati haqidagi kuy-qo`shiqlar va she`rlar yangradi.
Mustaqilligimizning 34 yilligi munosabati bilan bunday turkumdagi ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar “Biznesni rivojlantirish banki”ning tarkibiy tuzilmalari tomonidan xududlarda ham tashkil etilmoqda.