Biznesni rivojlantirish banki Nukusda yangi loyiha boshladi

28.08.2025 12:12

Nukus shahrida “Yori-I” loyihasi doirasidagi “U-HOPE 2025” innovasion dasturi start olishiga bag`ishlangan tadbir tashkil etildi. Unda “Biznesni rivojlantirish banki” ATB Boshqaruvi rahbariyati, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Yaponiyaning Yamagata universiteti professorlari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (UNDP) mas`ullari, mahalliy tadbirkorlar, mentorlar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 14 sentyabrdagi “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institusional qo`llab-quvvatlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi Qaroriga muvofiq, “Biznesni rivojlantirish banki” ATB “Kichik biznesni uzluksiz qo`llab-quvvatlash” kompleks dasturini samarali amalga oshirish va uni doimiy ravishda takomillashtirib borish bo`yicha asosiy tayanch bank sifatida belgilangan.

Shunga muvofiq, davlatimiz rahbarining tashabbusi asosida tadbirkorlarni o`qitish jarayoniga “Yaponiya tajribasi”ni tatbiq etish va bu borada Yaponiyaning etakchi ta`lim muassasalari bilan hamkorlikni yo`lga qo`yishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Xususan, joriy yil 27 yanvardagi Farmonda yaponiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda Qoraqalpog`istonda faoliyat yuritayotgan yosh tadbirkorlar orasidan 50 nafar mentorni tayyorlash vazifasi qo`yilgan.

«U-HOPE 2025” loyihasi aynan mazkur bosqichdagi ishlar rasman boshlanganligini anglatadi.

Ushbu vazifa ijrosi doirasida joriy yilda Yamagata universitetining yuqori baholangan tadbirkorlikni o`qitish dasturi (Yori-I)ga asoslangan dastur asosidagi mashg`ulotlar:

- Boshqaruv bo`yicha amaliy nou-xauni egallash;

- Innovasiyalarni ilgari surish;

- Yangi biznes yaratishni qo`llab-quvvatlash kabi yo`nalishlarda olib boriladi va yakunda Qoraqalpog`istonda yana 50 ta mentor tayyorlanadi.

Dastur ishtirokchilarda ma`ruzalar, seminarlar va murabbiylik orqali muammolarni hal qilishning amaliy ko`nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan bo`lib, mahalliy tadbirkorlik muhitini yanada jonlantirish, pirovardida iqtisodiy o`sishga olib keladigan tashabbus ekani bilan e`tiborga molikdir.

Yangi – “Yori-I loyihasi doirasidagi U-HOPE 2025” ochilish marosimida so`zga chiqqanlar tomonidan ushbu loyihaning hududda ish o`rinlarini yaratish, mahalliy iqtisodiy taraqqiyotga erishish hamda tadbirkorlikka ilg`or tajribalarni joriy qilish, hududning eksport salohiyatini yanada yuksaltirishdagi amaliy ahamiyatiga to`xtaldilar.

Qayd etildiki, mentorlar tayyorlash va mahalliy tadbirkorlarni o`qitish borasida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB va Yamagata universiteti o`rtasida tuzilgan hamlorlik kelishuvi izchil ravishda, ko`zda tutilgan muddatlarda asosiy maqsaddan og`ishmagan holda bajarib kelinmoqda.

Bu esa, yurtimizda tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash va aholi bandlik darajasini oshirishga qo`shilayotgan munosib hissadir.

Zero, “Yori-I loyihasi doirasidagi U-HOPE 2025” loyihasi doirasida mashg`ulotlar faol start oldi va bir necha bosqichda bilim olgan, sinovlardan o`tib mentorlik talablarini a`lo bajargan yangi, mahalliy tadbirkorlar tarafidan o`tkazilishi kelgusida yanada ko`plab tadbirkorlarni Yaponiya tajribasi asosida o`qitish imkoniyatlarini sezilarli ravishda oshiradi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар