Qachon xalq bo`lamiz? Mahalliychilik illati oqibatlari

03.09.2025 17:48

Bir xorijlik tanishim O`zbekistonda bo`lganini aytarkan, toshkentliklar u qadar mehmondo`st va mehribon emasligini, qashqadaryoliklar biroz madaniyatdan uzoqligi, farg`onaliklar aldashga ustaroqligi, samarqandliklar nisbatan ko`ngli keng, yordamga tayyor va ochiq yuzli-yu, lekin ba`zida o`zbek-tojik ayirishini, umuman butun mamlakatda negadir hamma o`zbeklar bir biriga nisbatan samimiy emasligini gapirdi. Samimiy, chin dildan gapirdi-yu, ichimga og`riq kirdi.


Biz qachondan beri bu qadar ... bo`lganmiz? Menimcha avvaldan biroz ayirmachi bo`lganmiz, bunga tarix guvoh. Ammo o`sha paytda balki butun dunyo, barcha millatlar shunday bo`lgan. Chunki hududlar aniq emas, oddiy odamlar bu qadar katta aloqalarga ega emas, himoyalar u qadar kafolatlanmagan, kimga ishonish kerak yoki kerak emasligi faqat tajribalar orqali aniqroq bo`lar edi. Ammo dunyoda ayni paytda bunchalik darajada chuqurlashib ketmagan, ammo bizda hali hamon chuqurlashishda davom etayotgan bu illat sobiq tuzum davrida qon-qonimizga qattiq harakatlar bilan, maxsus singdirilgan deb o`ylayman. Viloyat-viloyat, tuman-tuman, qishloq-qishloq, hatto xonadon-xonadon bo`lib bir-biri bilan paxta terish, dala ishlari, boshqa har qanday jamoaviy ishlarda bellashib, qizil bayroqni g`olib hududlarga ko`chirib yurishgan, yozaman desangiz gap ko`p. Chunki xalq, millat birlashishidan, o`zligini tanib qolishidan doim qo`rqishgan! O`zimizdan bo`lgan, qoni aynigan laganbardorlarni xalqning orasini buzishga,bir-biriga nafrat uyg`otishga, uyg`onib qolganlarni sotishga yo`llashgan, nima qilayotganini o`ziyam tushunmaydigan kurmaklar esa nimalarga erishganini yaxshi bilasiz, hamma bilgan Qodiriylar, Usmon Nosirlar, xalq tanigan jadidlar hammasi emas, xalqning yuzidagi qaymog`ini suzgich bilan suzib olib tashlashgan, buni eslashning o`zi cheksiz og`riq beradi.


Ammo mustaqil bo`lganimizga 34 yil bo`ldi. Biz esa hamon ayirib, ayrilib, bo`linib yuraveramiz. Nega? Tushunarsiz, balki haliyam oramizda birlashishimizga yo`l qo`ymaslik uchun tiqilgan o`zimizdan chiqqan balolar maxsus ishlab yurishgandir? Menga shunday tuyuladi gohida, har qanday pozitiv, chiroyli video, xabar, ma`lumot, kontent bo`lmasin, albatta uning tagida qo`zg`ovchi, haqoratomuz izohlarni topasiz.
Biz qachon birlashamiz? Qachon to`liq mustaqil bo`lamiz? Rasman emas, ich ichimizdan, chindan, millat sifatida, xalq sifatida, elat sifatida, shaxs sifatida? Qachon bizning oramizda mahalliychilar, millatchilar, shaxsga sig`inuvchilar, ko`ngilni xira qiluvchi quyqalar bir hovuch bo`lib ko`rinmay ketadi, qachon ular xalqning yuzi bo`lib ko`rinmaydi?


Bu oddiy narsa emas. Mustaqil bo`lganimizdan 34 yil o`tib ham hamon birlasha olmayotgan ekan, haliyam bir birimizni bo`lib, ayirish bilan band ekanmiz, haliyam sal yuqoriroq chiqqan munosiblarni oyog`idan tortib, kallasi bo`sh tanish-bilishlarni tepaga itarib chiqarib qo`yar ekanmiz, bir birimizni qo`llab-quvvatlamas emanmiz, o`z jonimizdan qo`rqib, tomoshabin bo`lar ekanmiz, har qanday yurtda xor bo`laveramiz, har qanday shovinist bizni istagancha toptayveradi, biz o`zimizni qadrlamas ekanmiz, kimdir bizni millat sifatida qadrlashini kutishimizning o`zi kulgili.


Shaxsan men uchun, samarqandlik, buxorolik, navoiylik, namanganlik, toshkentlik, surxandaryolik yo`q! Men O`zbekistonlikman. Men uchun o`z millatini erga urib, yaxshi niyatda kelmagan boshqa millatlarni boshiga ko`taradigan, ularga o`zining yurtini yomonlab, ularnikini maqtab yaltoqlik qiladigan, o`z millatdoshlarini ijara uyidan quvib, pul uchun boshqalarga uyini, vatanini bo`shatib bervoradigan, millatdoshlarini, qarindoshlarini xorijga oborib sotib keladigan sotqinlar xalq emas. Vaqtida Toshkentning darvozasini bosqinchilarga ochib berganlar, Stalinga xat yozib, Yozuvchilar uyushmasidan ijobiy ma`lumotnoma kutgan Usmon Nosirni shunchaki o`zidan yaxshiroq bo`lgani uchun chiritib yo`q qilganlar, odamlarning qaydan kelib chiqqani-yu, kiyimi-yu, ko`rinishi-yu, e`tiqodi, taqvosi, qo`yib bersa Tangri bilan o`rtasidagi munosabatigacha aralashib, do`zaxiy-jannatiyligiga fatvo berib berib o`tiradigan, lekin o`zining holidan bexabar g`iybatchilar millatimning yuzi emas.


Odamning qaerda tug`ilgani, qanday sharoitda katta bo`lgani, ro`molli-ro`molsiz, soqolli-soqolsiz, taqvoli yo taqvosi haminqadar ekani, umuman uning aynan shaxsi, xotini, qizining kiyimi..... va hokazolarga qarab muomala qiladigan, odam ajratadigan saviyasizlar men uchun hatto odam qatorida emas. 


Men millatdoshlarini har qadamda qo`llab-quvvatlaydigan oddiy vatandoshlarimni, Toshkent zilzilasida har joydan kelib Toshkentni bittalab toshlardan bino qilganlarni, Sardobani suv bosganda uyidagi ko`rpa-to`shagigacha berganlarni, karantinda uyma-uy taom tarqatib, bir birini qo`llaganlarni haqiqiy insonlar, haqiqiy millatdoshlar, o`zbeklar deb bilaman. Menga insonning yuragi, insofi, odamiyligi muhim.


Yurtdosh! Davlat bo`lib, xalq bo`lib rivojlanishimiz uchun keling birlashaylik! Ko`nglimiz, ishimiz, qaragan tarafimiz bir bo`lsin! Shunchaki bir birimizni qadrlaylik, xayrli ishlarda qo`llab quvvatlaylik, chindan bir millat bo`laylik, chindan MUSTAQIL bo`laylik! Oramizda bir hovuch g`alamislar yo`qolib, ovozlari bilinmay ketsin! Millat bo`laylik, xalq bo`laylik, turkiy bo`laylik! Aslimizni unutmaylik! Zero, bu xavfli illat ekanki, 34 yildan beri ham millatimiz yuziga dog`, xorijiy yurtlarda oyoqosti bo`lishimizga sabab, rivojlanib ko`tarilishimizga to`siq bo`lib, oyog`imizdan tortib kelmoqda.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
3
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар