Afg`onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatining rahbari Xaybatulloh Oxundzoda oilalar uchun “islomiy bo`lmagan” va moliyaviy jihatdan og`ir deb topilgan bir qator an`anaviy to`y marosimlarini taqiqlovchi farmon chiqardi.
“Tolibon” muvaqqat hukumati adliya vazirligi tomonidan e`lon qilingan farmon bilan haddan tashqari ko`p qalin puli, to`yona (to`y xarajatlari uchun pul), to`ydan oldingi va keyingi bazmlar, shohona ziyofatlar, fotiha to`y marosimi va kelin-kuyov uchun beriladigan qimmatbaho sovg`alar taqiqlanadi.
Quyida hujjatda keltirilgan asosiy cheklovlar:
–Fotiha to`y bazmlaridan, jumladan, “payvaziy” (fotiha va to`ydan keyingi marosimlar) dan voz kechish kerak.
–“Dastmol xuriy” (ro`molcha marosimi)da sovg`a almashish faqat kelin va kuyov o`rtasida bo`lishi mumkin. Bunday tadbirlarni mehmonxonalarda o`tkazish taqiqlanadi.
–Kelin fotiha to`yidan keyin yiliga bir martadan ortiq kiyim-kechak sovg`a sifatida ola olmaydi. Kuyovga kiyim sovg`a qilish taqiqlanadi.
–To`y marosimlari kuyovning moliyaviy imkoniyatlariga va uning yashash joyiga qarab o`tkazilishi kerak. Kelinning oilasi qimmat mehmonxonalarni so`ramasligi lozim.
–Davlat transport vositalaridan to`ylar uchun foydalanish taqiqlanadi.
–Kuyovga to`y vaqtida kelinning uyiga taom yuborish taqiqlanadi, kelin oilasiga esa shirinliklar uchun haq olish man etiladi.
–Kelin oilasi kelinni topshirish vaqtida pul talab qila olmaydi.
–Mashina yoki boshqa qimmatbaho sovg`alar mukofot sifatida beriladigan tanlovlar taqiqlanadi.
–To`y tadbirlarida osmonga o`q uzish va xavfli mashina haydash ham man etiladi.
–To`y tugagandan keyin pul yoki kiyim-kechak tarzida sovg`a almashish (“ronamoy”) taqiqlanadi.
–“Badal” amaliyoti, ya`ni oilalar o`rtasida qizlarni almashish orqali nizolarni hal qilish taqiqlanadi. Farmonda bunday urf “yaxshi natija bermaydi”, deya qayd etilgan.
–“Valvar” (kelin puli) va kuyov oilasidan olinadigan shunga o`xshash moliyaviy talablar ham taqiqlanadi.
Farmonda, shuningdek, to`ylar xarajatlarni kamaytirish uchun fotiha to`y nikoh tuzilganidan ko`p o`tmay o`tkazilishi kerakligi ta`kidlangan.
“Bunday qadam Afg`onistondagi iqtisodiy inqiroz fonida tashlanmoqda. Inqiroz oqibatida ko`plab yosh afg`onlar uchun uylanish tobora qiyinlashib bormoqda”, deyiladi xabarda.