Andijonda hokim o`rinbosari, Namanganda bog`cha rahbarlari pora bilan ushlandi

28.08.2025 20:58

Andijon viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi boshqarmasining rahbarlaridan biri hamda Jalaquduq tumani hokimi o`rinbosari o`zaro til biriktirib fermer xo`jaligi ishonchiga kirgani aniqlangan.

Ular mazkur tumandagi baliq etishtirishga ixtisoslashgan fermer xo`jaligida aniqlangan 4,1 mlrd so`mlik zarar bo`yicha sudga da`vo arizasi kiritmaslik, zarar miqdorini 10 barobarga oshirilgan holda undirish choralarini ko`rmaslik, xo`jalik rahbari tomonidan kiritilgan da`vo arizasini qo`llab-quvvatlash evaziga fermerga tegishli bo`lgan Xonobod shahridagi 10 sotixli dala hovlini hokim o`rinbosarining qarindoshi nomiga o`tkazib berishni talab qilishgan. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi.

Tuman hokimi o`rinbosarining ukasi fermer xo`jalik rahbaridan dala hovlining kadastr hujjatlarini olib, xususiy amaliyot bilan shug`ullanuvchi notariusda ushbu ko`chmas mulkni o`zining turmush o`rtog`i nomiga rasmiylashtirib olayotgan vaqtida fosh etilgan.

Holat yuzasidan tuman hokimi o`rinbosari hamda viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi boshqarmasi mansabdoriga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo`llanilgan.

Shuningdek, Andijon viloyatidagi tumanlardan birining filiali boshlig`i tuman zaxirasida bo`lgan 17 sotix toshloq er maydonini noturar joy sifatida fuqaroning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 4 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo`llanilgan.

Namangan viloyatdagi tumanlardan birining maktab va maktabgacha ta`lim bo`limi mudiri hamda ikkita xususiy bog`cha rahbarlari mansabdor tanishlari orqali fuqaroni boshqa tumandagi davlat tasarrufidagi maktabgacha ta`lim muassasalaridan biriga mudira lavozimiga tayinlash evaziga 2500 AQSh dollari talab qilishgan va pul mablag`ini olgan vaqtida ushlangan.

Hozirda ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi va 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар