Davlat bojxona qo`mitasi ma`lumotlariga ko`ra, 2025 yil yanvar—iyulda mamlakatga jami 462,4 ming tonna benzin import qilindi. Uning umumiy qiymati 265,2 mln dollarni tashkil etdi. Hisob-kitoblarga ko`ra, har bir tonna benzin o`rtacha 573,6 dollardan, bir litri esa 0,42–0,43 dollardan sotib olingan. Markaziy bank kursidan kelib chiqib hisoblanganda, bu bir litr benzin 5,5 ming so`mga teng.
Birja savdolarida esa narxlar ancha yuqori bo`lgan. Masalan, 4 yanvar kuni Ai-80 markali benzinning tonnasi 9,3 mln so`mdan sotilib, uning litri 6,7 ming so`mga to`g`ri keldi. 22 iyulda esa shu marka benzinning tonnasi 10,5 mln so`mga chiqdi, bir litri o`rtacha 7,5 ming so`mdan baholandi.
Ai-92 markali benzinda ham shu holat kuzatilgan. Yanvarda bir tonnasi 12,6 mln so`mdan, ya`ni har litri 9,6 ming so`mdan sotilgan bo`lsa, iyulda tonnasi 12,8 mln so`mdan, bir litri 9,7 ming so`mdan savdoga chiqdi.
Shu bilan birga, mamlakatda ichki ishlab chiqarish hajmi keskin pasaydi. 2025 yil yanvar—iyulda 667 ming tonna benzin ishlab chiqarilgan bo`lib, bu o`tgan yilning shu davriga nisbatan 15,7 foizga kam. Solishtirish uchun, 2023 yilda shu davrda 784,1 ming tonna, 2024 yilda esa 791,3 ming tonna ishlab chiqarilgandi.
Mahalliy ishlab chiqarishning pasayishi va import xarajatlarining o`sishi benzin narxlaridagi o`sish tendensiyasini kuchaytirayotgani qayd etilmoqda.