“Yuqoridagi raqamlar birorta statistikada yo`q. Men vijdonim oldida javob berish uchun e`lon qilyapman. Chunki bor gapni boricha aytmasak bo`lmaydi. Ayniqsa, yurak-qon tomir kasalliklari – Nukus shahri, Ellikqal`a, Chimboy tumanlarida, qandli diabet – Nukus shahri, Qorao`zak, Mo`ynoq tumanlarida, nafas yo`llari kasalligi – Kegeyli, Chimboy, Qorao`zak, Taxtako`pir tumanlarida ko`p uchraydi.
Shu bois, har bir mahallaga biriktirilgan “tibbiyot brigadalari” va oilaviy poliklinikalar surunkali kasalliklarni barvaqt aniqlash bo`yicha zarur vositalar bilan ta`minlanadi. Erta o`limning asosiy sababi bo`lgan qon bosimi va diabet kasalliklarini davolash uchun surunkali kasali bor bemorlarga eng zarur dori vositalari bepul tarqatiladi.
Yiliga har 100 ming aholiga 66 nafar onkologik kasalliklar aniqlanishi bizni tashvishga solishi tabiiydir. Shu sababli, 12 ta tuman eng zamonaviy kompyuter tomograflari bilan ta`minlanadi. Birlamchi bo`g`inda ayollar onkologik kasalliklarini barvaqt aniqlash uchun tegishli tibbiyot muassasalari 3 ta mobil mammograf bilan ta`minlanadi.
Shu bilan birga, xalqaro standartlarga to`liq javob beradigan 175 o`rinli zamonaviy onkologiya markazi tashkil etiladi. Qorao`zak, Taxtako`pir, Shumanay, Qonliko`l, Beruniy, Taxiatosh, Nukus tumanlari tibbiyot birlashmalari laparoskopik uskunalar bilan ta`minlanib, kaminvaziv operasiyalar o`tkazish yo`lga qo`yiladi.
Qoraqalpog`istonning 500 dan ziyod yosh shifokorlari eng ilg`or xorijiy klinikalarda malaka oshirishga davlat hisobidan jo`natiladi. Lekin bu mutaxassislar kamida ingliz, rus tillarini bilishi shart. Har qancha qiyin bo`lmasin, bu ishni amalga oshiramiz.
Shuningdek, 15 yoshgacha bo`lgan 610 ming nafar bola va 40 ming nafar homilador ayol 7 turdagi vitaminlar bilan bepul ta`minlanadi. Natijada, ayollar va bolalar o`rtasida kamqonlikni 25 foizga kamaytirishga erishamiz”, dedi Prezident.