“Xalqning davlatga ishonchini vaksinalash jarayoni ko`rsatdi” - Adliya vaziri Ruslanbek Davletov
Vaksinalash jarayoni xalqning davlatga ishonchini ham ko`rsatdi, dedi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov TDYuU o`qituvchilari bilan bo`lgan uchrashuvda.
"Xalqning davlat organlariga ishonchi naqadar muhimligini vaksinasiya jarayonida ko`rdik. Qaerda, qaysi mamlakatda davlatga xalqning ishonchi yuqori bo`lsa, vaksinasiya darajasi shuncha yuqori bo`lyapti. Bular o`zaro to`g`ri proporsional", – dedi vazir.
Ruslanbek Davletov aytishicha, O`zbekistonda ham vaksinalash jarayoni ko`ngildagidek emas, chunki vaksina xorijiy mamlakatlar bilan bir xil bo`lsa-da, odamlar orasida ishonchsizlik bor.
Ma`lumot uchun, Xitoy yaqinda 1 milliard aholisi to`liq vaksinalanganini ma`lum qildi. Bu ushbu mamlakat aholisining 70 foizini tashkil qiladi. Rossiya, dunyoda birinchi bo`lib koronavirusga qarshi vaksina yaratgan bo`lsa-da, aholini emlash darajasi nisbatan sust olib borilmoqda - 17 sentyabrgacha 40 million kishi (28%) to`liq emlangan.
O`zbekistonda 7 sentyabr holatiga 9,7 million kishi COVID-19ga qarshi vaksinaning kamida birinchi dozasini olgan. Bu jami emlanuvchilarning 45,4 foizini tashkil qiladi.
"Ijtimoiy fikr" respublika jamoatchilik fikrini o`rganish markazi tomonidan o`tkazilgan so`rov natijalariga ko`ra, respondentlarning 53,2 foizi emlashga tayyorligini ko`rsatgan, 36,5 foizi emlashdan voz kechgan va 10,3 foizi esa hali bir to`xtamga kelmagan.
JSST mutaxassislari aytishiga ko`ra, aholining 70 foizi emlanganidan so`ng pandemiya to`xtashi mumkin.
Demak, shu foizga etmaguncha pandemiya bilan bog`liq muammolar yurtimizda tugamasligi mumkin...