Huquqshunos: “Tuman sudiga Oliy sud ajrimining ijrosini to`xtatib turish huquqi berilmagan”
O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik ishlari bo`yicha kassasiya instansiyasi sudlov hay`atining (2021 yil 16 iyun) qarordan norozi bo`lib da`vogar Nurxon Nafasov ishni takroran ko`rib chiqish uchun Oliy sud o`rinbosari nomiga ariza kiritgan.
2021 yil 14 sentyabr kuni fuqarolik ishlari bo`yicha Shayxontoxur tumanlararo sudi raisi G`ulomova M.Z. tomonidan imzolangan xatga ko`ra, “Toshkent shahar fuqarolik ishlari bo`yicha Shayxantohur tumanlararo sudi tomonidan da`vogar Nafasov Nurxon Zietovichning javobgar O”ZBEKISTON KARATE MILLIY FEDERATATSIYA Davlat unitar korxonasiga nisbatan buyrug`ni g`ayriqonuniy deb topish va ishga tiklash haqidagi fuqarolik ishi yuzasidan chiqarilgan 2020 yil 20 oktyabr kunidagi hal qiluv qarori Toshkent shahar sudining 13.09.2021 yildagi FSX-1-10-4771/21-sonli topshiriq xatiga asosan O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan o`rganib chiqilgunga qadar ijro harakatlari to`xtatilganligi ma`lum qilinadi” deb ko`rsatilgan.
Ushbu tuman sudining ijro harakatlarini to`xtatish to`g`risidagi xatining qonuniyligi va haqqoniyligi bir necha sabablarga ko`ra shubha ostida qolmoqda. Avvalo xatda javobgar O”ZBEKISTON KARATE MILLIY FEDERATATSIYA”sining huquqiy maqomi “davlat unitar korxonasi” deb ko`rsatilgan. Holbuki bu federasiya nodavlat tashkiloti hisoblanadi. Agar tuman sudining shu xati orqali ijro harakatlari to`xtatilishiga qaratilayotgan bo`lsa, unda N.Nafasovning ishga tiklash qismini ijrosi to`xtatilishi lozim. Lekin, Majburiy ijro Olmazor tuman bo`limida bunday mazmunda ijro hujjati mavjud emas.
Bundan tashqari fuqarolik prosessual qonunchilikda tuman sudi o`zidan yuqori turgan Oliy sudi ajrimining ijrosini to`xtatib turish huquqi belgilangan emas. O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik prosessual kodeksining 455-moddasida sud tomonidan berilgan ijro varaqasi asosida qo`zg`atilgan ijro ishini yuritishni to`xtatib turish va tugatish shu sud tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.
Hozirgi kunda Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar Olmazor tuman bo`limini ijro ish yurituvida faqat 2021 yil 16 iyun kuni O`zbekiston Respublika Oliy sudi fuqarolik ishlari bo`yicha kassasiya instansiyasi sudlov hay`ati tomonidan chiqarilgan ajrimini ijrosini ta`minlash uchun ijro varaqa mavjud.
Shu sababli ham Shayxantohur tumanlararo sudi raisi G`ulomova M.Z. tomonidan imzolangan 01-k-1/21 sonli xat ijrosini Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar Olmazor tuman bo`limiga yuborishi O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik prosessual kodeksining 455-moddasi talablariga ziddir.
FPK shu moddasida ijro ishini to`xtatib turish yoki tugatish to`g`risidagi arizani ko`rib chiqish natijalari yuzasidan ajrim chiqarilib, uning ko`chirma nusxasi undiruvchiga, qarzdorga, shuningdek davlat ijrochisiga yuboriladi deb belgilangan. Lekin, Shayxantohur tumanlararo sudi raisining xatida, bu haqda undiruvchi javobgar O”ZBEKISTON KARATE MILLIY FEDERATATSIYA”ga ma`lum qilinayotganligi ko`rsatilgan emas.
Shu bilan birga “Sud hujjatlari va boshqa organ hujjatlarini ijro etish to`g`risida”gi qonuning ijro ishi yuritishni to`xtatib turishning majburiyligini tartibga soluvchi 34-moddasining 3-bandida ijro hujjatini berish uchun asos bo`lgan sud hujjatini yoki boshqa organ hujjatini ijro etishni to`xtatib turish huquqi qonunda berilgan mansabdor shaxs tomonidan qaror chiqarilishi belgilangan.
Shu sababli ijro harakatlarini sudning qarorisiz faqat sudning xati orqali to`xtatib turish nechog`li qonun talablariga to`g`ri keladi.
Bu xat tuman sudi tomonidan 2021 yil 14 sentyabr kuni rasmiylashtirilishi ham shubha ostida. Sababi shu kuni Majburiy byurosi Olmazor tuman bo`limi xodimlari Oliy sudning chiqarilgan qaror yuzasidan harakatlarini amalga oshirilayotgan edi. N.Nafasov ijro harakatlarini to`xtatish uchun ushbu xatni davlat ijrochisiga taqdim etgan.
Ushbu holatlarni e`tiborga oladigan bo`lsak, bu xat ba`zi sud xodimlari tomonidan savodsizlarcha rasmiylashtirilgan yoki xat soxta ko`rinishga ega. Sud xodimlari tomonidan o`z mansab vakolatlarini suiiste`mol qilgan holda shu kabi qonunbuzarlikka yo`l qo`yilishi albatta achinarli holdir.
O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Sudyalar oliy kengashi rahbariyati bu noqonuniy xolatni atroflicha o`rganib chiqib va qonun buzilishiga yo`l qo`ygan sud xodimlariga nisbatan tegishli chora ko`radi degan umiddaman.
Husan Mahbubov,
O`zbekiston karate Milliy federasiyasi huquqshunosi.