1969 yilgacha Haydar sho`rxogi (botig`i)da mayda sho`r ko`llar va sho`rlar keng tarqalgan bo`lib, ayrim olimlar Haydar sho`rxogini Sirdaryoning qadimiy o`zani deb hisoblaydi.
1968-1969 yillarda yog`ingarchilikning haddan tashqari ko`p bo`lishi tufayli Sirdaryo oqimining bir qismi (qariyb 21 km³) Chordara suv ombori va Arnasoy orqali Aydar botig`iga oqizildi, chunki Orol dengiziga oqizish uchun shuncha suv Sirdaryo o`zaniga sig`mas edi. Haydarko`l shu tariqa tashkil topadi.
Haydarko`l Jizzax viloyatidagi Oqbuloq, Sangzor daryosining Qiyli tashlamasi, Chordara suv ombori va Arnasoyga quyilayotgan Markaziy Mirzacho`l tashlamasi oqimi hisobiga to`yinadi. 1994-1995 yillarda qish va bahorda Chordara suv omboridan katta hajmda suv kelishi natijasida Arnasoy, Tuzkon va Aydar ko`llarining suv maydoni 184 ming gektardan 320 ming gektarga etdi.
Suvining minerallashuv darajasi 1 litrda qariyb 12-15 gramm va undan ortiq. Haydarko`lning qirg`oqqa yaqin sayoz joylari va orollari atrofi qamish va boshqa suv o`simliklari bilan o`ralgan butalardan iborat. Ko`lda zog`ora baliq, laqqa baliq, sudak, tovon baliq, leshch va boshqa baliq turlari mavjud. Bu erda yiliga o`rtacha 3 ming tonnadan ziyod baliq ovlanadi. Qoravoy, saqoqush, chayka, yovvoyi o`rdak va boshqa suvda suzuvchi qushlar yashaydi.
Ahmad TO`RA, fotograf