Xalqaro miqyosdagi mutaxassis: "O`zbekiston Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining bildirgan fikrlari mutlaqo xato"

07.09.2021 13:37

Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi nomiga to`g`ri kelmaydigan gaplar:

Xalqaro fan olimpiadasi g`oliblarini tan olish uchun qimmatbaho sovg`alar shart emas!

2-8 avgust kunlari IMC – Xalqaro matematika olimpiadasi bo`lib o`tdi va unda yurtimiz talabalari 5 ta oltin, 6 ta kumush va 4 ta bronza medalni qo`lga kiritdi. 

 

Shundan so`ng ijtimoiy tarmoqlarda fan olimpiadasi g`oliblariga etarlicha e`tibor qaratilmayotgani haqida ko`plab xabarlar chiqdi.

Yaqinda ushbu e`tirozlarga javoban IMC haqida turli raddiyalar chiqib, bu oddiy mahalliy tadbir ekanligi, u lokal xarakterga ega bo`lib, xalqaro ilmiy akademik doiralarda hech qanday reytingga ega emasligi haqida xabarlar tarqaldi. Hatto Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining feysbukdagi sahifalari va rasmiy telegram kanalida ham aynan ushbu mazmundagi xabar chiqdi. Bu xabarlar qanchalik haqiqat?

Bu haqda Italiyaning Piza universitetida matematika bo`yicha PhD himoya qilgan fan doktori, hozirda Fransiyaning Lill universitetida faoliyat yuritayotgan olim Karim Rahimov quyidagi fikrlarni bildirdi:

Xalqaro matematika olimpiadasi 1994 yildan beri o`tkazib kelinadi. Ushbu olimpiadaga butun dunyo bo`yicha aksariyat universitetlardan ishtirokchilar keladi. Bu yilgi olimpiadada ham 113 ta universitet ishtirok etgan, shular ichida O`zbekiston Milliy universiteti jamoasi 24-o`rinni egalladi. 

Ilgari turli xil davlatlarda o`tkazilgan. Hozirda bu olimpiada har yili Bolgariyada o`tkaziladi. Shunday bo`lsa-da, bu aynan biror davlatga, xususan, Bolgariyaga bog`liq bo`lgan lokal olimpiada emas. Ishtirokchilar tomonidan badal puli to`lanadi, bu normal holat, chunki mablag` ishtirokchilarning ta`minoti uchun. Bu yil onlayn o`tkazilganida ham 25 funtdan to`lov qilindi, bu katta summa emas, qolaversa ishtirokchilar olimpiada mas`uliyatini his qilishlari uchun ham zarur.

IMC olimpiadasida ishtirok etuvchi hakamlar, koordinatorlar dunyo miqyosidagi kuchli matematiklardir, iddao qilinganidek jahon ilmiy doiralarida hech qanday e`tiborga ega bo`lmagan, tan olinmagan olimlar hakamlik qilmaydi. Masalan, olimpiadada hakamlik qiladigan Geza Kos xalqaro olimpiadalarda ko`zga ko`ringan kuchli matematik. Shuningdek, beriladigan masalalar ham yuqori saviyali, murakkab hisoblanadi. Buni oddiy bir davlat olimpiadalari bilan solishtirib bo`lmaydi. Har safar yangi, ko`rilmagan masalalar beriladi.

Fan olimpiadalari, xalqaro olimpiadalarda talabalar sovrindor bo`lishganda ularni taqdirlash holatlarini bilmayman, qonuniy biror asosidan ham xabarim yo`q. 

Bu olimpiadaga O`zbekiston 2015 yildan buyon jamoaviy qatnashib kelmoqda, ungacha yakka tartibda qatnashish hollari bo`lgan. O`zim rahbar sifatida ilk bor ikki nafar talabani tayyorlab, shu olimpiadaga olib borganman, bitta kumush va oltin medal bilan qaytganmiz. Shundan buyon O`zbekiston jamoaviy holda qatnashib keladi.

O`tgan yili matematika sohasi bo`yicha prezident qarori qabul qilinganidan xabarim bor albatta, bu respublika fani uchun katta yutuq deb hisoblayman. Ko`pincha xorijda bo`lganligim sababli bu qaror yuzasidan qanday ishlar amalga oshirilgani haqida aniq ma`lumotga ega emasman, ammo aytish mumkinki, shu qaror doirasida Al-Xorazmiy mukofoti, ko`plab grantlar e`lon qilindi, magistraturada o`rinlar soni oshirildi, matematika darsi soatlari oshirildi.

Olimpiada haqida gapirganda bir narsani aytish kerakki, dunyo bo`yicha olimpiadalarning o`z obro` darajalari bor, universitetlar bo`yicha ham ko`p olimpiadalar bor, mazkur olimpiada shular ichida eng obro`lisi, eng yaxshi nufuzga ega hisoblanadi. Bu aynan haqiqiy ma`nodagi, saviya jihatidan ham yuksak bo`lganligi uchun biz aynan ushbu olimpiadada ishtirok etib kelmoqdamiz. IMCdan tashqari matematika bo`yicha dunyo miqyosida "Putnam“ va ”Vojtěch Jarník" olimpiadalari bor, ular ham yuqori saviyali hisoblanadi. Ammo bari bir eng yuqori saviyalisi IMC olimpiadasidir.

Talabalarimiz olimpiadaga borib kelganlaridan so`ng chiqqan xabarlar juda achinarli. Meni xafa qilgan narsa, aynan ilm-fan sohasida boshqaruvda bo`lgan kishilarning fikrlari. «Bu olimpiada emas, oddiy lokal musobaqa, vaqt sarflashga arzimaydigan narsa», degan fikrlar ham achinarli, ham o`ta kulgili. Agar kishi biror narsa haqida yaxshi ma`lumotga ega bo`lmasa, bu haqida fikr bildirishdan avval mutaxassisdan so`rashi kerak. Biror ma`lumotni tekshirib o`tirmasdan ham fikr bildirib, rasman e`lon qilib yuborish haqida nima deyish mumkin? Biz bu xabarga O`zbekiston matematiklar hamjamiyati bilan birgalikda raddiya yozdik va e`lon qildik. Raddiyaga hali javob berishmadi, rasman javob berilishini kutyapmiz. 

Bu xalqaro olimpiada haqida Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining saytida bildirilgan fikrlar mutlaqo xato. Avvalo, bu olimpiada emas, degan fikrning o`zi kulgili. Bu erda bildirilgan fikrlar vazirlik nomiga, obro`siga, darajasiga umuman to`g`ri kelmaydi.

Ushbu olimpiadaga dunyo miqyosida etarlicha e`tibor qaratiladi. Men O`zbekistonda ham shunday e`tibor berilishini istardim, o`ta yuqori darajada emas va hozirgidek past darajada ham emas. 

Dunyo bo`yicha universitetlarda olimpiadaga tayyorlaydigan alohida bo`limlari bor, men o`qigan Piza universitetida ham shunday bo`lim bor edi. Ushbu universitet matematika bo`yicha Italiyada birinchi raqamli universitet, dunyo miqyosida ham o`z obro`siga ega. Ushbu universitet talabalari ham IMC qatnashib, yuqori natijalarga erishgan.

Umuman, fan olimpiadalari haqida fikr bildiradigan bo`lsam, eng avvalo maktab o`quvchilari uchun olimpiadalarda qatnashishni ma`lum bir izga, tartibga solish kerak. Maktab o`quvchilari uchun eng muhim olimpiada IMO olimpiadasidir. Ba`zi fan musobaqalari, olimpiadalar bor, unda o`quvchilarimiz qatnashadi, ammo bunday olimpiadalar vaqt sarflashga arziydigan darajada emas, o`quvchining ilmiy salohiyatini oshirishi dargumon. 

Masalan, o`quvchilar uchun IMC olimpiadasi bor, unda 7-8-9- sinf o`quvchilari matematik nuqtai nazardan darajasi ancha past bo`lgan masalalarni echadi va undan medal olish ham juda oson. Bunda qatnashish na ilmiy, na amaliy jihatdan muhim. Qisqa qilib aytganda, pul sarflab borishga arzimaydi. 

Eslatib o`tish joiz, talabalar o`rtasidagi IMC olimpiadasiga borib-kelish xarajatlari to`lovi shu paytgacha kafolatlanmagan edi. Endilikda Matematika instituti tomonidan 6 talabadan iborat jamoaga barcha xarajatlar to`lab beriladigan bo`ldi. Maktab o`quvchilari uchun yuqori darajadagi olimpiadalar etarli, mutasaddilar buni izga solishi kerak, qaysi arziydi, qaysi arzimaydi saralash lozim. 


 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
09.09.2021 21:38
Математика фанини ривожлантириш ва йилига 1000 та МФД тайёрлашни Америка бир пайтлар ўзларининг олий мақсади этиб белгилаган. Ўзбекистон ҳам ўз олдига шу мақсадни қўйиш вақти келди деб ўйлайман. Олимпиадачиларимиз эса уша докторларни асоси бўлади. Шу сабаб рағбат жуда зарур.
08.09.2021 11:23
"Расмий раддия кутаяпмиз" дебсизми? "Бу ерга кирувчилар, умидингиздан воз кечинг!" (Данте Алигере "Илохийлик комедияси". "Дузах" булимига эпиграф. Абдулла Орипов таржимасида.)
07.09.2021 20:17
Tulki ishkomdаgi uzumga bo'yi yetmagach "Hali xom ekan" debdi.
07.09.2021 20:09
O'o'o'v, o'zini "dono", o'zgani "nodon" biluvchi "donishmand"lar. Napoleon Banopart axmoq bo'lgani uchun jang vaqti "Olimlar va eshaklarni panaga yashiringlar",-deb buyurgan va "axmoq"ligi bilan dunyoning yarmini zabt etgan ekanda.
07.09.2021 19:56
Sho'ring qurg'ur matematiklar, ularga hatto oddiygina Nobel ham berilmaydi. Axir ular bittadan "Malibu"ni sovg'aga olib, bir haftadan so'ng moshina-poshinasi bilan yo'q bo'lib ketadigan futbolchilarimiz emas-ku.