Multik qahramonlari kiyimini kiyib tomosha ko`rsatadigan insonlarning niqob ortidagi hayoti

01.09.2021 17:01

Rost24.uz muxbiri mehnati ko`zga ko`rinmas insonlar bilan birga bo`lib, ularning hayotini o`rgandi va bevosita o`zi ham bu qiyinchiliklarni his qilib ko`rdi.

O`zbekistonda bugungi kunda statistik hisob-kitoblarga ko`ra, ishsizlik darajasi 13,2 foizdan ham ortiqroqni tashkil etar ekan. Aholimiz orasida ishsizlikdan aziyat chekayotganlar bir muncha. Mardikor bozorlariga ish izlab chiqqan odamlar ham bir talay.

Bugungi qahramonlarimiz esa ishsiz emas, ular halol mehnat qilib pul topishmoqda. Uzoqdan qaraganimizda bu ishni biz kasb yoki soha hisoblamaymiz. Lekin ular uchun bu tirikchilikdan boshlangan bo`lsa ham bugungi kunda bir kasb darajasida.

Ular bilan suhbatlashish jarayonida qiziqarli holatlarning guvohi bo`ldik. 13 yoshli bolalar mana shunday kiyimlarni kiyib, ota-onasiga pul olib boryapti. Qahramonimiz Og`abek Isomiddinov buni shunday aytib berdiki, odam taajjublanadi:

"Men bu ishni boshlaganimga 2 yildan oshdi. Boshida boshlaganimda qiyinchiligi bor edi, issiqda qizib ketardim, ko`p qolib ketardik, lekin bolalarning quvonchini ko`rib, hammasini unutardim. 

Oyimning tug`ilgan kuniga shu topgan pullarimdan sumka olib berdim, ular xursand bo`ldilar. Har doim uyga non ko`tarib boraman. Hozirgi kunda dam olishdamiz, shunga har kuni ishdaman, lekin darslarim boshlansa, faqat yakshanba kuni ishga chiqaman", dedi Og`abek Isomiddinov.

Eng quvonarlisi 13 yoshli bolaning hozirdan orzulari, maqsadlari tayyor – tadbirkorlik bilan shug`ullanmoqchi.

Ikkinchi suhbatdosh Farruh Jovliev, Babyshow kompaniyasi asoschisi. U hozirgi kunda nafaqat tomosha ko`rsatish bilan, balki mana shunday tomoshalarga ixtisoslashgan kompaniya ochib, kompaniyani kengaytirish arafasida ekan.

"Bu ishni boshlaganimga 9 yil bo`layati. Boshida restoran ochilishlarida 5 soatlab turardik, 8 ming so`m berishardi. Juda ko`p qiyinchiliklar bo`lgan. Sabr qilib ishni davom ettirardik. Keyinchalik bu narsani kengaytirib o`zimizda maxsus kiyimlarini chiqarish istagi tug`ilgan. Chunki barcha kiyimlar chetdan kelardi. Hozirgi kunda import qilmayapmiz, barcha kiyimlar o`zimizdan chiqmoqda. Shu taraflama tadbirkorlikni yo`lga qo`ydik. Yigitlarni ish bilan ta`minlayapmiz, hozir ularning ham topadigan daromadi oldingiday emas, ancha yaxshi. Hatto oyiga 8-9 million ham topishadi, mehnatiga yarasha. Maktab o`quvchilari ham bo`sh vaqtlarida kelishsa albatta ularga ham kunlik ish beramiz, chaqiramiz. Chunki bu narsa birinchi o`rinda odamni mehnatga o`rgatadi, ikkinchidan odamlar bilan muloqot qilishni, jamoa oldida o`zini qanday tutishni o`rganadi. Bu ular uchun kelajakdagi hayoti uchun juda ham kerakli narsa . Mening o`zim esa bolalarning kulgusini ko`rib, bu sohaning qiyinchiliklariga qaramasdan ishlagim keladi. 

Lekin o`qish niyatim bor, oldingi yil Mir-Arab madrasasiga o`qishga topshirganman, kirolmadim. Endi bu yil ham albatta, harakat qilib ko`raman. Hozirgi kunda arab tilini o`rganyapman", deya so`zini yakunladi Farruh Jovliev.

Bu insonlarning harakatini, ko`zidagi shijoatini ko`rib odam to`lqinlanib ketadi. Ular o`tirishgani yo`q, ular mehnatda, kelajakdagi maqsadlari aniq. Ular bolalarga quvonch berib rohatlanishadi. Issiqni issiq, sovuqni sovuq demay, mehnat qilib oilasini boqishmoqda. 

Shaxsan o`zim ularning kiyimini kiyib, issiqligidan 5 daqiqa ham yura olmadim. Ularning holatini his qilib ko`rdim. Lekin biz uzoqdan qaraganda, oson deymiz, ularning mehnatini qadrlamaymiz va hatto ustilaridan kulamiz.

Lekin...

Biz bu ish bilan shug`ullanuvchi ikki shaxsning hayotini sizga tanishtirdik. Bu bilan sizda shu ish bilan shug`ullanuvchi insonlarning ishi va shaxsiy hayoti haqida oz bo`lsa ham ma`lumotga ega qilish edi. Bu kim uchundir o`rnak, kim uchundir saboq, kim uchundir esa ko`zgu bo`lar...

Iroda Farxodova

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
02.09.2021 14:50
Баъзан уларни хақорат қилишади, масхаралашади, уялтирган бўлишади. Аввало бировларнинг топганини "жеб жотган"лар уялишсин, ўзларидан ор қилишсин, агар ориятлари (эркакликлари) бўлса.
02.09.2021 11:22
Barakalla, qandini ursin! Halollikka nima yetadi? To'rt muchasi sog' bo'la turib ko'chada tilanchik , eng yomoni firibgarlik qilayotganlardan Xudo asrasin. Faqat o'quvchilar sog'lig'iga va ongiga ehtiyot bo'lish, pulni halol sarflashni o'rgatish kerak.