O`zbekiston Paralimpiya qo`mitasi: medallar uchun koronavirusga ham qarshi kurashyapmiz

31.08.2021 08:04

Tokioda o`tayotgan Paralimpiya o`yinlarining yarmi ortda qolmoqda. Ayni damda O`zbekiston jamoasida jami 13 ta medal bo`ldi. O`yinlarning borish jarayoniga qaraganda jamoamiz juda sust ildamlamoqda.

Rost24.uz axborot cayti ko`pchilikni qiziqtirgan ushbu savol bilan ayni damda Tokioda bo`lib turgan O`zbekiston Paralimpiya qo`mitasining matbuot kotibi Malika Murodovaga murojaat qildi.

– Ayrim vaziyatlar sabab 3 nafar dzyudochimiz, engil atletika va suzish turlaridagi etakchi atletlarimiz afsuski musobaqalarda qatnasha olmadi, – dedi M.Murodova. – Shu sabab kutilgan natijalar teng barobar pastlab ketdi.

Dastlab Narita aeroportida xalqaro aeroport tartib-qoidasiga ko`ra, delegasiya a`zolari PSR test sinovlaridan o`tkazilganda ikki nafar jamoamiz a`zosida musbat ko`rsatkich aniqlanib, ular karantin zonasiga olib ketildi. O`yinlar tashkiliy qo`mitasi shartlariga ko`ra, ular bilan kelgan va yon atrofida o`tirgan jamoa a`zolarining 22 nafari ehtiyot chorasi sifati “close contact” izolyasiyaga olindi. Shuningdek 2 nafar sportchimiz para engil atletikachi Bekjon Chevarov mashg`ulot vaqtida oyog`idan jiddiy jarohat olgani, para suzuvchi Dmitriy Xorlin shifokorlar ko`rigi paytida yurak xastaligi aniqlanib, mutaxassislar ularning musobaqada ishtirok etishini taqiqlashdi.

Vaziyat murakkab, tashkilotchilar tomonidan qat`iy nazoratga olingan. Tokio hukumati tomonidan ajratilgan mas`ul xodim izolyasiyadagilarini muntazam kuzatib bormoqda. Bu holat oson kechayotgani yo`q. Xabaringiz bor paralimpiyachilarimiz paralimpiya o`yinlariga 5 yil davomida tinimsiz tayyorgarlik ko`rishgan va ayni dam ular nafaqat medallar uchun balki koronavirusga qarshi ham kurashmoqda

Delegasiyaning medallar borasida rejalashtirgan va g`oliblikka asosiy da`vogar sifatida ko`rilgan atletlarning aksariyati bugungi vaziyatdan kelib chiqqan holda, bor imkoniyatlaridan unumli foydalana olmayaptilar.

Shuningdek, finalga chiqqan dzyudochimiz Shirin Sharipov ham raqibiga nisbatan mumkin bo`lmagan usulni qo`llagani uchun musobaqa hakamlari tomonidan diskvalifikasiya qilindi.

Ana shunday murakkab vaziyatda terma jamoamiz a`zolarini qo`llab-quvvatlashga chaqirib qolaman. Kuzatib borayotgan bo`lsangiz hatto koronavirus tahdidi ham matonatli paralimpiyachilarimizni to`xtata olmaydi, – dedi O`zbekiston Paralimpiya qo`mitasining matbuot kotibi Malika Murodova.

Eslatib o`tamiz, ayni kunlarda Yaponiyaning Tokio shahrida XVI yozgi Paralimpiya o`yinlarida O`zbekiston Paralimpiya terma jamoasining 48 nafar a`zosi 55 yo`llanma bilan ishtirok etmoqda.

Rio-de-Janeyroda o`tgan XV Paralimpiya o`yinlarida ishtirok etgan 32 nafar hamyurtimiz 31 medal bilan qaytishgan edi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар