“Mehr-3” gumanitar operasiyasi doirasida olib kelingan fuqarolarimiz Suriyada sovuqda och nahor, ayanchli ahvolda qolganlari aytilmoqda.
Yurtimizga qaytarilgan ayollardan birining turmush o`rtog`i, boshqa birining otasi qurolli to`qnashuvlarda ayanchli o`lim topgan.
Oqibatda hali bolalik baxtini his qilmagan bolalarning ko`pchiligi otalaridan ayrilgan, ba`zilari esa chin etim bo`lib qolgan. Antisanitar holatda, ocharchilikda, tibbiy yordam va boshqa xizmatlar bo`lmagan qiyin sharoitda hayot kechirgan bu ayollar va bolalarni davlatimiz o`z himoyasiga oldi. Ayni qish faslini hisobga olib, ularni Suriyadan olib kelish uchun mamlakatimizdan yangi issiq kiyim-kechak va boshqa zarur narsalar olib borilgan.
Eri yoki otasi tufayli taqdirning achchiq qismatiga duchor bo`lgan bu ayollar hamda bolalarni endilikda qarindosh-urug`lari va mahalla-kuy o`z bag`riga oladi.
“Mehr-1” va “Mehr-2” gumanitar operasiyalari davomida 220 nafar ayol va bolalar mamlakatimizga qaytarilgan bo`lsa, qo`shni Afg`oniston hududida qiyin ahvolda qolgan 100 ga yaqin vatandoshimiz ham olib kelindi.
Shuningdek, xorijiy mamlakatlardagi fuqarolarimizning mavjud muammolarini tezkor va ijobiy hal etish, ularga amaliy huquqiy yordam ko`rsatish hamda Vatanimizga qaytarish borasida joriy yilda zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, pandemiya davrida 500 mingdan ziyod O`zbekiston fuqarosi yurtimizga olib kelindi.