Sud tizimidagi ahvol: Murdalarni so`roq qilgan sudyalar jazolanmasligi ma`lum bo`ldi

23.08.2021 13:54

Xorazmda murdalarni so`roq qilib, jazolagan sudyalarga Sudyalar oliy kengashi raisi X. Yodgorov nima uchundir ko`z yumib kelmoqda.

Xorazmning ayrim sudyalari murdalarni so`roq qilishni va hatto jazolashni ham uddalaydi. Eng qizig`i buning uchun ularni hech kim javobgarlikka tortmaydi. Sudyalar Oliy kengashi rahbariyati murdadan ko`rsatma olgan sudya J. Sultonovaga chora ko`rilmasligini ma`lum qilgan. Kengashning bildirishicha murdadan ko`rsatma olish ishi uzoq 2016 yilda sodir bo`lgan shu sababli, sudya J. Sultonovaga chora ko`rilmaydi.
Joriy yilning 31 may kuni Axborot va ommaviy kommunikasiya agentligida bo`lib o`tgan matbuot anjumanida Rost24.uz muxbiri O`zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi mas`ullariga “murdani so`roq” qilgan sudya masalasida savol bergan edi. (Rost24 - O`zbekiston sud tizimida “murdani so`roq qilgan” sudyalar ham ishlab kelmoqda). Ya`ni, fuqarolik ishlari bo`yicha Shovot tumanlararo sudi raisi J. Sultonova nikohni bekor qilish masalasida sudga murojaat qilgan fuqaroni (ayol) go`yoki sudda so`roq qilib, da`vosidan voz kechganini asos qilgan holda ishni tugatish haqida ajrim chiqaradi. Keyinchalik sudda da`vosidan voz kechgani aytilgan ayol sud majlisi bo`lgan sanadan o`n kuncha avval vafot etgani fosh bo`ladi.

Matbuot anjumanida Sudyalar oliy kengashi mas`ullari “murdani tiriltirgan sudya” bo`yicha kengash Sud inspeksiyasi tomonidan alohida o`rganish olib borilishi va natijasi bo`yicha Rost24.uz saytiga axborot berilishini ma`lum qilgandi.

Oradan ko`p o`tmay Sudyalar oliy kengashi raisining matbuot kotibi Tursunali Akbarov "murdani so`roq qilgan sudya" masalasini o`rganilganda  tasdig`ini topganini bildirdi va bunday o`ta qo`pol xatoga yo`l qo`ygan sudyaning javobgarlik masalasi Kengash kun tartibiga kiritilib, kollegial hal etilishini bildirdi.  («Murdani tiriltirgan» sudyaga nega chora ko`rilmayapti?).

Oradan ikki oyga yaqin vaqt o`tgach, 17 avgust kuni Sudyalar oliy kegashi tomonidan “Sudyalar oliy kengashi faoliyatidagi shaffoflik, sudyalarni lavozimga tayinlashning mexanizmlari haqida” mavzusida  matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Anjumanda murdani tiriltirgan sudya J. Sultonovaga chora ko`rilmasligi ochiqlandi. 
Murdalarni tiriltirgan sudyalar jazolanmaganligi sabablimi, Xorazmda marhumlarni so`roq qilish va ularga jazo tayinlash urf bo`lgan ko`rinadi. 

Xorazmda “marhumni so`roq qilib”, hatto unga “jazo tayinlagan” yana bir sudya faoliyat ko`rsatgani ma`lum bo`ldi. Eng qizig`i, bunday aqlga sig`mas  holat haqida  aynan Tursunali Akbarov matbuotda bong urgan ekan. Uning bu haqidagi maqolasi bundan roppa-rosa ikki yarim yil avval “Xabar.uz” saytida chop etilgan “Xorazmcha charxpalak? Hovva!” sarlavhali feletonida jinoyat ishlar bo`yicha Bog`ot tuman sudi raisi  E.Berdiev  “bir marhumni (!) sud qilib, jazo tayinlavorgani”, shunga qaramay o`sha “sehrgar” sudya ko`p o`tmay Xo`jayli tuman ma`muriy sudi raisligiga loyiq ko`rilgani hayrat bilan qayd etiladi.

Yaqin-yaqingacha  sud tizimidagi muammolar va sudyalarning kamchiliklari haqida o`tkir tanqidlar yozib, Sudyalar oliy kengashining matbuot kotibi lavozimiga tayinlangandan keyin ularning beminnat himoyachisiga aylangan T. Akbarovni bir paytlar o`zi yozgan feleton bahona yana bezovta qildik.

Tursunali Akbarovning avvalgi maqomi (“Xabar.uz” maxsus muxbiri) bilan hozirgisi (Sudyalar oliy kengashi matbuot kotibi) o`rtasida katta farq borligi, ayni paytda aytadigan gapi uning shaxsiy fikri emas, Kengash nuqtai nazarini bildirishini aytib, savoldan o`zini olib qochdi.
Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, savollarni sayt orqali bildirishni lozim topdik. 
Savollar T. Akbarovga berilsa-da, aslida Sudyalar oliy kengashi raisi X. Yodgorovga qaratilgan.

Demak:
1.  “Murdani so`roq” qilib, da`vosidan voz kechgani haqida soxta ajrim chiqargani tasdiqlangan fuqarolik ishlari bo`yicha Shovot tumanlararo sudning sobiq  raisi (hozirgi kunda Xorazm viloyati ma`muriy sudining sudyasi) J Sultonovaga nega chora ko`rilmadi?
2.  Jinoyat ishlari bo`yicha Bog`ot tuman sudi raisi E. Berdiev jazoga tortgan “marhum” kim va unga qanday jazo berilgan? Shu kunlarda  sudya E. Berdiev tizimda ishlayotgani rostmi?

Nazarimizda murhumlarni “bezovta” qilib so`roq qilish va ularga hukm chiqarib jazolash bilan shug`ullanayotgan sudyalar va ularni bu qilmishiga ko`z yumayotgan Kengash raisini ham javobgarlikka tortish lozim.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
6
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
10.09.2021 20:17
J. SULTANOVA BILAN KENGASH RAISI KURSDOSH BO'LISHI MUMKIN
10.09.2021 17:04
Ўзбек олий суди умуман ишончим йўқ. Бунга ишониб алданиб қолмаслик керак уларни ўзалри умуман қонунга амал қилмайди эҳ аттанг афсуслар бўлсинки.
27.08.2021 02:54
ж,султонова оддий судья эмас вилоят маъмурий суди раиси хозир,лекин энг саводсиз ,ноинсоф шахс
24.08.2021 18:18
"Go'ringda tinch yot" deb bekorga aytishmas ekan-da.
24.08.2021 12:53
Ёп уятингни, "а-я-я-я" булади
23.08.2021 21:25
Taxminan 2005-2006-yillarda G'allaorol tuman Xalq Ta'limi bo'limi hisobchisi erkak kishiga tug'ishgacha (dekret) ta'tili bergan ekan. Muhtaram sudyalarimiz hammadan o'tib ketishibdi. P.S. O'sha hisobchining hozir kattagina do'koni bor ekan.
23.08.2021 21:00
2016-yildan beri yana qancha murda so'roq "qilinib" jazolandi ekan. Xalqimiz topib aytgan: "Baliq boshidan sasiydi".