Ilmda son ko`paymoqda, sifatchi? Ayupov tanqidiga OAK raddiyasi qanchalar asosli?

22.04.2026 20:57

O`zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti Shavkat Ayupov «Jadid.uz» saytiga bergan intervyusida mamlakatda ilmiy darajalarni olish jarayoni, plagiat va “qog`ozboz” ilm masalalariga keskin to`xtalib o`tdi. Uning fikrlari jamoatchilikda katta muhokama uyg`otdi. Oradan ko`p o`tmay, Oliy attestasiya komissiyasi (OAK) tomonidan rasmiy munosabat – raddiya e`lon qilinib, olimning ayrim fikrlari asossiz ekani ta`kidlanmoqda.

Bu ikki pozisiyadan ko`rinib turibdiki, O`zbekiston ilmiy tizimida hamon ikki qarama-qarshi kuch – tanqidlar orqali tozalikka erishish yo`lidagilar va hammasi yaxshi ekaniga hammani ishontirish uchun hali ham urinib yashayotganlar orasida jiddiy savollar mavjud.

Ayupov: “Ilmiy ishlar ko`paydi, lekin mazmun yo`qolmoqda”
Shavkat Ayupovning asosiy da`vosi shundaki, so`nggi yillarda ilmiy daraja oluvchilar soni keskin oshgan, ammo bu o`sish sifat bilan emas, ko`proq formallik bilan bog`liq.
U qisqa vaqt ichida PhD va DSc olayotgan mansabdorlar ko`payganini, ilmiy ishlar orasida yuzaki va tarjima qilingan (plagiat) tadqiqotlar ko`p uchrayotganini, ayrim ishlar hatto xorijdan olib, tarjima qilinib himoya qilinganini ta`kidlamoqda.
Bu fikrlar jiddiy ayblov bo`lib, ular nafaqat tizimga, balki butun ilmiy muhitga bo`lgan ishonchga ta`sir qiladi.

OAK: “O`sish – tabiiy va ob`ektiv jarayon”
OAK esa bu tanqidlarga javoban qator raqamlar va dalillarni keltirdi. Unga ko`ra, 2000 yilda aholi 24 mln bo`lgan bo`lsa, hozir 38 mlndan oshgan, oliy ta`lim muassasalari soni 62 tadan 200 dan oshgan, talabalar qamrovi 8%dan qariyb 50%ga etgan va doktorantlar soni bir necha barobarga ko`paygan. Komissiya fikricha, ilmiy darajalar soni oshishi tabiiy demografik va institusional o`sish natijasi.
Shu bilan birga, OAK plagiat nazorati kuchayganini, dissertasiyalar 1,5 mlrd manba asosida tekshirilayotganini va ko`plab ishlar qayta ishlashga qaytarilayotganini ta`kidlaydi.

Ammo, OAK bu erda son va sifat o`rtasidagi nomutanosiblikni negadir hisobga olmayapti.
Rasmiy raqamlar o`sishni ko`rsatyapti, ammo xalqaro maydondagi ko`rsatkichlar boshqa manzaralarni ochmoqda.

Masalan, Retraction Watch ma`lumotlariga ko`ra, maqolalar qaytarilishi (retraction) bo`yicha O`zbekiston 30 talikdan joy olgan. Qaytarilgan maqolalarning bir qismi plagiat va sifat muammolari bilan bog`liq.
Yana bir og`riqli muammo, pul evaziga sifatsiz yoki tekshirilmagan maqolalarni chop etadigan (predatory) jurnallar masalasi. Ilmiy hamjamiyatda tan olinmagan, ammo pul evaziga maqola chop etadigan bunday jurnallarda O`zbekistondan chiqqan maqolalar soni yuqori ekani haqida xalqaro tahlillarda qayd etilgan. Aynan shu holat ilmiy natijalarning real qiymatini pasaytiradi.

Ilmiy daraja faqat diplom emas, balki bilim sifati indikatoridir. Agar darajalar oson berilayotgan bo`lsa, tadqiqotlar chuqur mulohaza yuritishni talab qilmasa, maqolalar shubhali jurnallarda chiqsa, unda butun tizimda «inflyasiya» yuzaga keladi. Ya`ni, diplomlar ko`payib, qiymat esa tushib ketadi, bu shundoq ko`rinib turgan oddiy narsa.

Va biz buning oqibatlarini ko`ryapmiz mana, xalqaro reytinglarda pasayish, o`zbek olimlariga ishonchning kamayishi, ilmiy natijalarning amaliyotga ta`siri susayishi.

Mansabdorlar fenomeni haqiqatmi yoki mubolag`a?

Ayupov ko`targan eng bahsli masalalardan biri, mansabdorlarning tezkor ilmiy o`sishi edi. OAK buni qonun doirasida amalga oshirilayotgan jarayon deb hisoblaydi. Lekin bu erda muhim narsa shundaki, agar tizim formal talablarni bajarishga aylanib qolsa, unda hatto qonuniy jarayon ham sifatni ta`minlamaydi.

OAK raqamlar bilan tizimdagi o`sishni asoslaydi, ha, bu haqiqat. Ammo, Ayupov sifat muammosini ko`taryapti, siz buni sonlar bilan engolmaysiz, janoblar. Bu inkor qilib bo`lmaydigan, jahon statistikasi isbotlab turgan reallik.

Har qancha tortishilsa ham hal bo`lmaydigan haqiqat shundaki, O`zbekistonda ilm-fan son jihatidan o`smoqda, ammo sifat masalasi bizning yuzimizni reytinglarda ochib beryapti.

O`zbekiston universitetlari jahon reytinglarida

2026 yilgi QS World University Rankings natijalariga ko`ra, O`zbekistondan 7 ta universitet dunyo reytingiga kirgan. Ularning eng yuqori natijasi Toshkent irrigasiya va qishloq xo`jaligini mexanizasiyalash muhandislari milliy tadqiqot universiteti (TIIAME) tomonidan qayd etilgan bo`lib, u 469-o`rinni egallab, ilk bor top-500 talikka kirgan.
Shu bilan birga, O`zbekiston Milliy universiteti 721-730 o`rin, Toshkent davlat texnika universiteti esa 901-950 o`rinda.
Butun mamlakatda 1 ta universitet – top-500, 2-3 ta universitet top-1000 ichida barqaror. Qolganlari 1000 dan past.

Times Higher Education reytinglarida esa, vaziyat yanada yomonroq, hozircha o`zbek universitetlari asosan predmet (subject) reytinglarida 300-1000 oralig`ida qayd etilgan. Ya`ni, umumiy (overall) reytinglarda yuqori pozisiyalar mutlaqo mustahkam emas.

Mintaqaviy raqobatda ham O`zbekiston holati son bo`yicha birinchi, ammo sifat bo`yicha vaziyat bunday emas.
Masalan, Qozog`iston QS World University Rankings da bir nechta universitetlar top-300–400 oralig`ida. Aytaylik, Al-Farabi Kazakh National University 250–300 diapazonida qayd etilgan.

Muammoning asosiy sabablari nimada? Ilmiy maqolalar va iqtiboslar (citation) hajmining pastligi, xalqaro professor-o`qituvchilar ulushining cheklangani, ilmiy tadqiqot va industriya integrasiyasining etarli emasligi, shuningdek universitetlar brendi va akademik nufuz (academic reputation)ning pastligi mazkur holatni yuzaga keltirgan, aniqrog`i, son va sifat orasidagi farqni ushlab turibdi.

OAK tanqidlarga raddiya berish bilan cheklanmay, balki mavjud muammolarga qarshi birgalikdagi kurashni, hamkorlik va maslahatlashuvni tanlasa, ilm-fan yo`lidagi to`siqlarimiz tezroq bartaraf bo`lgan bo`lar edi. Zero, imkon boricha ertaroq boshlangan xalqaro integrasiya, akademik avtonomiya va ilmiy investisiyalar bizni jahon reytinglarida etakchi o`rinlarga olib chiqadi, buning uchun O`zbekistonda ilmiy salohiyat etarli.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар