O`zbekistonda valyuta operasiyalari tartibi yangilandi

30.04.2026 11:19

Valyuta operasiyalarini amalga oshirish qoidalariga muhim o`zgartish va qo`shimchalar kiritildi. Markaziy bank boshqaruvining 30 martdagi qarori bilan tasdiqlangan yangi tartib valyuta operasiyalarini soddalashtirish, kapital bozori ishtirokchilari uchun sharoitlarni yaxshilash va bozor shaffofligini oshirishga qaratilgan.

Yangi qoidalarga ko`ra, jismoniy shaxslar uchun valyuta operasiyalarini amalga oshirish yanada osonlashtirildi. Endi fuqaroligidan qat`i nazar, barcha jismoniy shaxslar O`zbekistondagi bank hisobvaraqlari orqali bir-biriga shaxsiy maqsadlarda, ya`ni nosavdo pul o`tkazmalarini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo`ldi.
Shuningdek, xorijliklar uchun ham qo`shimcha engilliklar joriy etildi. Ular endilikda mamlakat hududida ustav fondiga mablag` kiritish, xayriya qilish va meros bilan bog`liq valyuta operasiyalarini amalga oshirishi mumkin.

Qaror tadbirkorlik sub`ektlari uchun ham bir qator qulayliklarni nazarda tutadi. Xususan, yuridik shaxslar chet el valyutasida chiqarilgan qimmatli qog`ozlar bo`yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun valyuta sotib olishda ortiqcha hujjatlar taqdim etishdan ozod etildi. Endi bunday holatlarda faqat qimmatli qog`oz chiqarilganini tasdiqlovchi hujjatning o`zi etarli bo`ladi.
Xorijiy investorlar uchun ham imkoniyatlar kengaytirildi. Ular fond bozorida qimmatli qog`ozlarni sotishdan tushgan mablag`larini, dividend va boshqa daromadlarini erkin ravishda chet elga olib chiqishi mumkin bo`ladi.

Yangi tartib valyuta operasiyalarining shaffofligini oshirishga ham qaratilgan. Endi barcha valyuta ayirboshlash operasiyalari, jumladan onlayn bitimlar yagona axborot tizimida hisobga olinadi. Bu esa bozordagi jarayonlarni kuzatish va tahlil qilishni osonlashtiradi.
Shu bilan birga, yuridik shaxslar tomonidan valyuta sotib olishda uchraydigan texnik va imloviy xatolarni tuzatish imkoniyati joriy etildi. Bu tadbirkorlar uchun vaqt tejash va ortiqcha kechikishlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Qaror bilan bank kassalaridan naqd xorijiy valyutani berish tartibi ham aniq belgilab berildi. Jismoniy shaxslar o`z hisobvaraqlaridagi mablag`lari doirasida naqd valyutani cheklovsiz olishlari mumkin.
Yuridik shaxslar uchun esa naqd valyuta faqat belgilangan maqsadlarda, xizmat safari, ustav kapitaliga kiritilgan mablag`larni qaytarish va boshqa qonuniy holatlar uchun beriladi.

Ma`lum qilinishicha, 2026 yil mart oyi oxirida Account-to-Account (A-A) pul o`tkazmalarining yangi formati ishga tushirilgan. Bu xizmat orqali jismoniy shaxslar mablag`larni bir bank hisobidan boshqasiga to`g`ridan-to`g`ri o`tkazishi mumkin.
Hozirda mazkur servis barcha banklarda texnik jihatdan joriy etilgan bo`lib, mavjud P2P o`tkazmalar bilan bir qatorda qo`shimcha imkoniyat sifatida xizmat qilmoqda. Komissiya to`lovlari esa banklarning tarif siyosatiga ko`ra mustaqil ravishda belgilanadi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар