Maqsadli davlat siyosati bo`lmasa, sun`iy intellekt O`zbekistonda tabaqalashuv hamda daromadlar tengsizligini kuchaytirishi mumkin. Bu haqda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ma`lumot berdi.
Internetdan foydalanish darajasi
2025 yilgi Government AI Readiness Index (Hukumatning sun`iy intellektga tayyorlik darajasi) bo`yicha O`zbekiston 56,11 ball bilan jahonda 62-o`rinni egallab, Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qozog`istondan (56,70 ball bilan 58-o`rin) keyin 2-o`rinni egallab turibdi.
Shunga qaramay, mamlakatda infratuzilma bilan qamrab olish notekis: aholining 66 foiz qismigina 4G imkoniyatidan foydalana oladi, qolaversa, bu imkoniyat asosan jami aholining taxminan 43 foizi istiqomat qiladigan yirik shaharlarda jamlangan. Qishloq joylarda internet va raqamli xizmatlardan foydalanish darajasi nisbatan past.
Kichik va o`rta biznes korxonalarining kapital hajmi ularning hisoblash resurslari va malakali mutaxassislarga ega bo`lish imkoniyatini cheklaydi. Vaholanki, ular mamlakatdagi jami korxonalarning taxminan 92 foizini tashkil etadi, bandlikning qariyb 75 foizini ta`minlaydi, YaIMning yarmidan ko`pini shakllantiradi. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti mahlumotlariga ko`ra, GenAI`dan hozirda dunyo bo`ylab kichik va o`rta biznes korxonalarining 31 foizi foydalanadi va ularning 65 foizi ishlab chiqarish samaradorligi oshganini qayd etgan.
Gender tafovuti
Sohadagi yana bir muammo — gender tafovuti. IT yo`nalishidagi talabalar orasida ayollarning ulushi atigi 11 foizni tashkil etadi.
Shu nuqtai nazardan, MHTI sun`iy intellekt texnologiyalari mamlakatda iqtisodiy o`sishni tezlashtirish bilan bir qatorda, hududlar, jinslar va biznes toifalari o`rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy tabaqalanishni kuchaytirishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Buning oldini olish uchun, institutning ta`kidlashicha, manzilli davlat siyosati zarur.
Jahon amaliyoti
Jahon amaliyoti shuni ko`rsatmoqdaki, SI mehnat va kapitaldan olinadigan daromadlar tengsizligini kuchaytirishi mumkin. Xalqaro valyuta jamg`armasiga ko`ra, dunyo bo`yicha ish o`rinlarining qariyb 40 foizi SI ta`siriga duch kelyapti, rivojlangan iqtisodiyotlarda bu ko`rsatkich qariyb 60 foizni, past daromadli mamlakatlarda esa 26 foizni tashkil etadi.
Ta`kidlash joizki, rivojlanayotgan davlatlar uchun asosiy muammo ish jarayonlarining avtomatlashtirilishi emas, balki SIdan foydalanish ko`nikmalarining turli darajada ekani. Zarur ko`nikmalar va infratuzilmaga ega bo`lganlar daromadini tezroq oshiradi, boshqalar malaka va daromadlar darajasi nuqtai nazaridan tobora ortda qolmoqda.
Jahon iqtisodiy forumiga ko`ra, ish beruvchilarning 86 foizi 2030 yilgacha SI biznes jarayonlarini tubdan o`zgartirib yuboradi, degan fikrda. Natijada, har 100 xodimdan 59 tasini qayta tayyorlashga to`g`ri keladi, 11 nafari esa bunday imkoniyatdan chetda qolishi xavfi mavjud.
Shundan kelib chiqib, SIning ehtimoliy xatarlarini yumshatishda asosiy e`tibor «ommaviy ishsizlikdan himoyalanish»ga emas, balki SIni biznesda, ayniqsa, kichik va o`rta biznes korxonalarida ommaviy joriy etish va barcha uchun teng standart echimlarni ishlab chiqishga qaratilishi kerak, deb hisoblaydi MHTI.
O`zbekiston uchun xavf
«O`zbekiston uchun SIning asosiy xavfi ish o`rinlarining ommaviy qisqarishi emas, turli kasblar mehnat unumdorligidagi farqlarning tezlashishi tufayli daromadlar va imkoniyatlar o`rtasidagi tafovutning kengayishidadir.Ijtimoiy tabaqalanish o`z vaqtida qayta tayyorlash imkoniyatiga ega bo`lish bilan yumshatilishi mumkin. Maqsadli davlat siyosat amal qilmasa, SI
“ko`nikmalari oshirilayotgan” va “siqib chiqariladigan” ishchilar o`rtasidagi tafovutni yanada kuchaytiradi. Shu bois davlat siyosati SIni shunchaki rivojlantirishga emas, balki uni barcha ijtimoiy qatlamlar uchun ochiq va inklyuziv tarzda joriy etishga yo`naltirilishi kerak», — deya qayd etadi institut mutaxassislari.
Nima taklif qilinmoqda?
SI-assistentlar
Har bir mahalla o`z fuqarolariga davlat xizmatlari yuzasidan maslahat bera oladigan SI yordamchisiga ega bo`lishi kerak. Bunda mavjud davlat xizmatlarini yagona SI platformasiga integrasiya qilish va interfeysni aholining raqamli savodxonlik darajasiga moslashtirish talab etiladi.
MHTI bu borada Xitoy va Janubiy Koreya tajribasini misol qilib keltiradi. Ushbu davlatlarda davlat va mahalliy xizmatlarni ko`rsatishda SI yordamchilari faol joriy etilishi ma`muriy apparat yuklamasini sezilarli darajada kamaytirmoqda.
SI sinov maydonchasi dasturi
Hududiy SIlar uchun «sinov maydonlari»ni (AI Sandbox Zones) joriy etish. Bu hududlar darajasida innovasion echimlarni tezkor sinovdan o`tkazish va joriy etish uchun maxsus maydon vazifasini bajaradi. Bunda hukumat sinov uchun hududlarni tanlaydi, ular uchun alohida tartib ishlab chiqadi va shu hududlarni boshqarish uchun maxsus organ tashkil etadi.
Bunday sinov maydonchasi Buyuk Britaniyada ishga tushirilganida, 700 dan ortiq kompaniyaga innovasion echimlarni sinovdan o`tkazish imkonini bergan.
Ayollar va yoshlar uchun SI bo`yicha amaliyot dasturlari
Ish beruvchilarga xodimlarni ishga qabul qilish va ularni amaliy raqamli ko`nikmalar bo`yicha o`qitish uchun subsidiya ajratish. Bunda dastur, MHTI taklifiga ko`ra, ish beruvchilarni akkreditasiya qilish, o`qitishning majburiy minimal muddatini (kamida 6 oy), shuningdek, ish haqini davlat va ish beruvchi tomonidan birgalikda moliyalashtirish choralarini o`z ichiga oladi.
Singapur tajribasi shuni ko`rsatadiki, haq to`lanadigan qayta tayyorlash dasturlari va bunda ish beruvchilar ishtirokining ta`minlanishi mehnat bozoriga o`tish samaradorligini sezilarli darajada oshiradi.
Sug`urtalash dasturi
SI joriy etilishi ishi yoki daromadiga ta`sir ko`rsatishi mumkin bo`lgan xodimlar uchun o`tish davrini sug`urtalash mexanizmlarini joriy etish. Dastur yirik ish beruvchilar tomonidan ish haqi jamg`armasining 1−2 foizi miqdoridagi yig`im orqali moliyalashtiriladi; SI ta`siriga uchragan xodimlarning kamida 70 foizini qayta o`qitgan kompaniyalarga imtiyozlar beriladi.
Shunga o`xshash dastur Singapurda joriy etilgan bo`lib, qayta o`qish davrida daromadning 70−90 foizigacha kompensasiya qilinishini nazarda tutadi, bu esa xodimlarni qayta tayyorlashdagi ishtirokini sezilarli darajada oshiradi.