«Karkidon» suv ombori hududida 635 mlrd so`mlik majmua barpo etilmoqda

27.04.2026 19:43

Prezident Shavkat Mirziyoev Farg`ona viloyatiga tashrifi doirasida Quva tumanida agrovoltaika texnologiyasi joriy etilgan qishloq xo`jaligi majmuasi bilan tanishdi.

Yurtimizda qishloq va suv xo`jaligida energiya sarfi ortib borayotgani hisobga olinib, «yashil» energiya quvvatlarini ko`paytirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Agrovoltaika usuli bir erning o`zida ham mahsulot etishtirish, ham quyosh panellari orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Hisob-kitoblarga ko`ra, mamlakatimizda agrovoltaika yo`nalishida 10 gigavattgacha quvvat yaratish salohiyati mavjud.

Bu yondashuv O`zbekiston sharoitida, ayniqsa, quyoshli kunlar ko`p bo`lgan hududlar uchun samaralidir. Panellar ekinlarga soya berib, tuproq namligini uzoqroq saqlaydi, suv sarfini kamaytiradi. Ekinlar esa er haroratini me`yorda ushlab, quyosh modullarining samarali ishlashiga yordam beradi.

Majmuada suv tejamkorligiga qaratilgan ilg`or texnologiyalar ham joriy etilgan. Xususan, Avstriyaning «Bauer» kompaniyasi texnologiyasi asosida yomg`irlatib sug`orish tizimi qo`llanilmoqda. Bu usul suvni ekin maydoniga bir me`yorda etkazib, tuproq namligini saqlash, o`g`itni maqsadli berish va hosildorlikni oshirish imkonini beradi.

Mazkur texnologiya avval respublikadagi fermer xo`jaliklarida sinovdan o`tkazilib, suv sarfini 40 foizga, o`g`it sarfini 35 foizga, qo`l mehnatini 90 foizga kamaytirish va hosildorlikni 25 foizga oshirish samarasini ko`rsatgan.

110 gektar maydonni egallagan majmuada intensiv bog`dorchilik, chorvachilik va baliqchilik yo`nalishlari uyg`unlashtirilgan. Bu qayta tiklanuvchi energiya manbalari va suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan mamlakatimizdagi ilk agromajmualardan biri hisoblanadi.

Hududda 10 mingta quyosh paneli o`rnatilgan. Ular elektr energiyasi ishlab chiqarish bilan birga tuproq namligini saqlash va ekinlar uchun soya hosil qilishga xizmat qiladi. Baliqchilik hovuzlarida kislorod berish jarayoni elektr energiyasi hisobiga amalga oshiriladi, hovuz suvi esa mineral moddalarga boy holda uzumzor va bog`larni oziqlantirishga yo`naltiriladi.

Chorvachilik yo`nalishida qoramollar quyosh panellari soyasida saqlanadi, bog` hududidagi o`tlar bilan oziqlanadi, organik o`g`it esa er unumdorligini oshirishga xizmat qiladi. Shu tariqa majmuada energiya, suv, ozuqa va o`g`it bir-birini to`ldiruvchi yagona tizimga birlashtirilgan.

Bunday tizim qishloq xo`jaligi, energetika va chorvachilikni o`zaro bog`lab, erdan ikki karra samara olish, mahsulot tannarxini pasaytirish va bozorda raqobatbardoshlikni oshirish imkonini beradi. Eng muhimi, bu fermerlar daromadini ko`paytirish, yangi ish o`rinlari yaratish va mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Hozirda agromajmuada uzumning eksportbop «Avatar» navi etishtirilib, zotdor qoramol va qo`ylar parvarishlanmoqda, intensiv baliqchilik yo`lga qo`yilgan. Natijada 100 dan ortiq oilaning daromadi oshirilib, 350 nafar aholi bandligi ta`minlanmoqda. Eksport hajmi 2,5 million dollarni tashkil etadi.

Endilikda nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqa uchun noyob bo`lgan ushbu tajribani respublikaning 13 ta hududida 2 ming gektar maydonda ommalashtirish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari majmua faoliyati bilan tanishar ekan, agrodronlar yordamida ekinlarni dorilash va monitoring qilish ishlarini ham ko`zdan kechirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoev Quva tumanidagi «Karkidon» suv ombori hududida barpo etilgan yangi turizm majmuasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.

Bu maskan Farg`ona vodiysida yozgi dam olish, ekoturizm va faol hordiq chiqarish uchun eng jozibador manzillardan biriga aylanishi kutilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2025 yil 1 apreldagi qaroriga muvofiq, bu erda qiymati 635 milliard so`mlik zamonaviy turizm majmuasi shakllantirilmoqda. Hududda yo`l infratuzilmasi yaxshilanib, obodonlashtirish ishlari davom etmoqda.

508 gektar maydonni egallagan majmua agroturizm, ekoturizm va ekstremal turizm imkoniyatlarini birlashtirgan. Bu erda 45 ta shale, 57 ta zamonaviy mehmon uyi, agroturizm majmuasi, gullar bog`i, lavandazor, ekobozor, sokin hududlar va restoranlar tashkil etilgan.

Prezidentimiz hududda yaratilgan sharoitlar bilan tanishar ekan, bunday loyihalar aholi farovonligi, hudud iqtisodiyoti va mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta`kidladi. Turizm mamlakatni dunyoga tanitish, yangi ish o`rinlari yaratish va xizmatlar eksportini kengaytirishning samarali yo`nalishlaridan biri ekani qayd etildi.

Loyiha doirasida yuzdan ortiq tadbirkorlik sub`ekti tashkil etilib, 2 mingga yaqin yangi ish o`rni yaratiladi. Yiliga 750 ming nafar sayyohni qabul qilish, 3 milliard so`mlik byudjet tushumi hamda 5 million dollarlik xizmatlar eksportini ta`minlash ko`zda tutilgan. Majmua 2027 yildan to`liq quvvatda ishga tushiriladi.

Kelgusida bu erda motokross maydonlari, 2 kilometrli dor yo`li, karting va golf maydonlari tashkil etiladi. Bu imkoniyatlar «Karkidon» majmuasini faol turizm yo`nalishidagi flagman maskanlardan biriga aylantiradi.

Mutasaddilarga turizm va xizmat ko`rsatish sohalarini yanada rivojlantirish, mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratish, eng muhimi, aholi manfaatiga xizmat qiladigan barqaror tizimni shakllantirish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Tashrif davomida davlatimiz rahbari yangi mehmonxona va savdo majmualari faoliyati bilan ham tanishdi. Shu erning o`zida sayyohlik sohasida istiqbolda amalga oshiriladigan loyihalar taqdimot qilindi.

Jumladan, Taxtako`pir tumanida Qoratereng ko`li, Xonobod tumanida sun`iy ko`l, Xatirchi tumanida «Ko`ksaroy suv ombori, Pop tumanida Arashan ko`li, Nurobod tumanida «Sobirsoy» va Kattaqo`rg`on tumanidagi «Kattaqo`rg`on» suv omborlari atrofida ham yirik turizm majmualarini barpo etish rejalashtirilgan.

Bu kabi loyihalar mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini kengaytirish, hududlarda xizmat ko`rsatish sohasini rivojlantirish va aholi daromadini oshirishga xizmat qiladi.

 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар