Dunyo bo`ylab ish joyidagi psixososial xavf-xatarlar tobora jiddiy muammoga aylanmoqda. Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning yangi hisobotiga ko`ra, har yili 840 mingdan ortiq kishi aynan ishdagi ruhiy bosim, uzoq ish vaqti va tazyiqlar oqibatida hayotdan ko`z yummoqda. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Tadqiqot natijalariga ko`ra, ish joyidagi stress eng avvalo yurak-qon tomir kasalliklari hamda ruhiy buzilishlarga olib keladi. Ayrim holatlarda esa bu holatlar o`z joniga qasd qilishgacha borib etayotgani qayd etilgan.
XMT mutaxassisi Manal Azzi ta`kidlashicha, ish muhitini sog`lomlashtirish nafaqat xodimlarni himoya qiladi, balki ish samaradorligi va iqtisodiy o`sishga ham ijobiy ta`sir ko`rsatadi.
Hisobotga ko`ra, ishdagi xavflar tufayli har yili qariyb 45 million yillik sog`lom hayot yo`qotilmoqda. Yurak-qon tomir va ruhiy kasalliklar jahon iqtisodiyotiga jiddiy zarba berib, yalpi ichki mahsulotning 1,37 foiziga teng zarar keltirmoqda. Birgina Evropada ushbu omillar sabab 112 mingdan ortiq inson vafot etgan.
Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ma`lumotiga ko`ra esa, depressiya va xavotir tufayli har yili dunyo bo`yicha 12 milliard ish kuni boy berilmoqda.
Mutaxassislar ishdagi ruhiy bosim depressiya va xavotir, uyqu buzilishi va doimiy charchoq, ishdan ko`ngil qolishi kabi holatlarni keltirib chiqarishini ta`kidlashyapti.
Bundan tashqari, stress insonni zararli odatlarga ham etaklaydi. Jumladan, chekish, alkogol iste`moli, ortiqcha ovqatlanish va kam harakatli turmush tarzi kabi holatlar keng tarqalgan. Bu esa o`z navbatida semirish, qon bosimi oshishi va surunkali kasalliklarga sabab bo`ladi.
Hisobotda ishchilar salomatligiga ta`sir etuvchi asosiy omillar sifatida quyidagilar keltirilgan:
– uzoq ish vaqti (ishchilarning 35 foizi haftasiga 48 soatdan ortiq ishlaydi);
– haftasiga 55 soatdan ziyod ishlash insult xavfini 35 foizga oshiradi;
– ish joyida tazyiq va zo`ravonlik (xodimlarning 23 foizi bunday holatlarga duch kelgan);
– mehnatga yarasha haq to`lanmasligi va kamsitish holatlari.
XMT zamonaviy mehnat bozorida raqamlashtirish, sun`iy intellekt va masofaviy ishlash tizimlari ish muhitini tubdan o`zgartirayotganini hisobga olib, tashkilotlarga ish yuklamasini to`g`ri taqsimlash, ish vaqtini me`yorlashtirish va vazifalarni aniq belgilashni tavsiya qilmoqda.
Unga ko`ra, profilaktika choralari samara bermagan taqdirda, xodimlarga o`z vaqtida ruhiy yordam ko`rsatish, ularni kamsitmaslik va sog`lig`i yomonlashgan paytda ish sharoitlarini vaqtincha engillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.