“Biznesni rivojlantirish banki” ATB: naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimi amalda” mavzusida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
Anjumanda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 10 dekabrdagi “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmoni doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, naqdsiz hisob-kitoblar tizimini rivojlantirish borasidagi amaliy natijalar yuzasidan batafsil ma`lumot taqdim etildi.
Unda ushbu tashabbuslarning asosiy maqsadi – mamlakatda naqd pulsiz hisob-kitoblar ulushini oshirish, “yashirin iqtisodiyot” hajmini qisqartirish, yuqori xavf mavjud bo`lgan oldi-sotdi munosabatlarida zamonaviy raqamli echimlarni joriy etish, shuningdek aholi va biznes subektlari uchun yanada qulay, tezkor hamda shaffof moliyaviy xizmatlarni yaratishdan iboratligi ma`lum qilindi.
Farmon ijrosi doirasida amalga oshirilgan inventarizasiya va monitoring ishlari natijasida 56 ta notarial idora qamrab olinib, ular bilan muntazam hamkorlik yo`lga qo`yilgan.
Shuningdek 238 ta avtomobillarga yoqilg`i quyish shoxobchasi monitoring qilinib, ulardan 224 tasi bank mijozlariga tegishli bo`lgan. Bundan tashqari, 177 ta alkogol mahsulotlari savdo nuqtasi, 34 ta tamaki mahsulotlari savdo nuqtasi hamda 4 ta istirohat bog`i va bolalar o`yingohlari faoliyati ham o`rganilgani aytildi.
Bank tomonidan ko`chmas mulk va avtotransport vositalari oldi-sotdisida xavfsiz hisob-kitoblarni ta`minlash maqsadida eskrou hisobvaraqlari tizimi keng joriy etilgan. Ushbu tizim uchun 2026 yil 30 martdan boshlab maxsus tariflar va komissiyalar tasdiqlanib, amaliyotga kiritilgan. Shu bilan birga, zarur biznes-jarayonlar, ariza shakllari hamda namunaviy shartnomalar ishlab chiqilgan.
2026 yil 1 apreldan 29 aprelga qadar bo`lgan davrda 4 215 ta eskrou hisobvarag`i orqali muvaffaqiyatli xizmat ko`rsatilganligi ta`kidlandi. Ushbu operasiyalar bo`yicha umumiy tranzaksiya hajmi 104,8 milliard so`mni tashkil etgan.
O`z navbatida, avtomobillarga yoqilg`i quyish shoxobchalarida zamonaviy to`lov shakllantirish maqsadida yagona QR-kod tizimi joriy qilinganligi aytildi. Mavjud eskirgan terminallar yangilariga almashtirilib, "UZCARD" va "HUMO" kartalari orqali uzluksiz hamda barqaror to`lovlarni qabul qilish ta`minlangan. Shu bilan birga operatorlarni real vaqt rejimida xabardor qiluvchi telegram-bot ishga tushirilgan hamda 24/7 texnik ko`mak xizmati tashkil qilingan. Joylardagi muammolarni tezkor hal etish uchun maxsus telegram ishchi guruhlari faoliyati yo`lga qo`yilganligi e`tirof etildi.
Shuningdek naqd pulsiz hisob-kitoblarni rag`batlantirish maqsadida, bank tomonidan qator aksiyalar va bonus dasturlari yo`lga qo`yilganligi aytildi.