2021 yil boshida AI-80 benzin narxi 4000 so`m edi. Iyul oyiga kelib 6000 so`mga ko`tarilib oldi. Bu – 7 oy ichida benzin narxi 50 foizga ko`tarildi degani.
Narx ko`tarilishining sabablarini iqtisodchilar turli sabablar bilan izohlashi mumkin. Benzin narxining ko`tarilishiga yana bir yaqqol ko`rinib turgan omil borki, buni tan olmaslikning iloji yo`q. Ya`ni “O`zbekneftgaz” tizimidagi talon-tarojliklar.
18 avgust kuni “O`zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev boshchiligida o`tkazilgan yig`ilishda aynan ana shu talon-tarojliklar tilga olindi.
M.Abdullaevning aytishicha, ko`pgina neft baza rahbarlarining ishi qoniqarsiz deb topilgan.
Shuningdek, neft bazalari tomonidan iste`molchilarga etkazib berilgan mahsulotlar bo`yicha debitor qarzdorlik joriy yilning 1 avgust holatiga 171,9 mlrd. so`mni tashkil etgan.
Jumladan, qishloq xo`jaligi korxonalari bo`yicha - 96,5 mlrd. so`m, tizim korxonalari bo`yicha - 9,8 mlrd. so`m va boshqa iste`molchilar bo`yicha – 65,6 mlrd. so`m debitorlik qarzdorlik mavjud.
Boshqaruv raisi Jizzax neft bazasi debitorlik qarzlarining deyarli 50% qismi umidsiz ekanligini ma`lum qildi.
“O`zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev bunday debitor qarzdorliklar zamirida talon-tarojliklar, o`g`irlik borligi va ayni shu sabab Prokuratura bilan hamkorlikda tekshiruv o`tkazilayotganini ham ta`kidlab o`tdi.