Davlat statistika qo`mitasi taqdim etayotgan ma`lumotlar qanchalik haqiqatga yaqin? Ular haqiqatdan yiroq ham bo`lishi mumkinmi?
Bugun, Axborot va ommaviy kommunikasiya agentligida davlat statistika qo`mitasi ishtirokida o`tgan matbuot anjumanida Rost24.uz ushbu savolni o`rtaga tashladi.
Davlat statistika qo`mitasi raisi o`rinbosari A`zam Ikramov bildirilgan bu e`tirozning o`rinli ekanligini aytib, tizimdagi muammolarga to`xtalib o`tdi. Amaldorning aytishicha, statistik ma`lumotlarning noto`g`ri bo`lishi ko`proq uni taqdim etayotgan vazirlik va idoralarga bog`liq. Tizimda hamon kamchilik va bo`shliqlar mavjud. Bu kamchiliklarni bartaraaf etishga 2-3 yil kamlik qiladi.
“Bu erda statistik raqamlarga bo`lgan e`tiroz nafaqat Davlat statistika qo`mitasining raqamlariga, balki statistika ma`lumotlarni taqdim etuvchi vazirlik idoralari, xo`jalik birlashmalariga ham tegishli. Aynan ushbu aytilgan e`tirozlarning oldini olish maqsadida hamda statistika faoliyatini yanada takomillashtirish bo`yicha 4796-sonli Prezidentimizning qarori qabul qilingan. Ammo, baribir e`tirozlar bo`lgan va haligacha bo`lyapti ham.
Bo`shliqlar mavjud. Bu bo`shliqlarni bir yil yoki uch yilda to`ldirish imkoni yo`q. Shuning uchun ham birinchi navbatda, shaffofliklarni bizning tizim organlari tomonidan maksimal darajada ta`minlash belgilab berilgan. Biz uning nazorat tizimini yo`lga qo`yganmiz. Shu bilan birga boshqa statistik ma`lumotlarni ishlab chiqaruvchilarni metodologiyasini auditdan o`tkazish masalasini kiritdik. Bu O`zbekiston uchun yangilik bo`lsada boshqa davlatlarda bu amaliyot joriy qilingan. Aynan mana shu amaliyot natijasida organlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan ma`lumotlarning shaffofligi ta`minlanadi. Bu o`rinda bizning qo`mitamizning boshqa davlat organlarining zimmasida ko`plab ishlar bor. O`ylaymanki bunday natijaga bosqichma-bosqich erishishda OAVlarining o`rni beqiyos. Biz ham aynan shu jabhada ular bilan va boshqa davlat organlari bilan shaffoflikni ta`minlash bo`yicha qonun talablarini so`zsiz bajarishga harakat qilyapmiz”, dedi A`zam Ikramov.