Aziz Abduhakimov sport tizimidagi “oqsoq”liklar uchun jamoatchilikdan kechirim so`ramaydimi?

19.08.2021 20:01

O`zbekistonda sportga mablag` yil sayin ko`proq sarflanmoqda, ammo natija ortga ketmoqda. NEGA?

“Tokio – 2020” yozgi Olimpiadasidagi o`zbekistonliklarning natijalari sport sohasida oldinga emas, balki orqaga qarab ketayotganimizni anglatadi.

“Tokio – 2020” yozgi Olimpiadasini Yaponiya stadionlarida bayroq ko`tarib suratga tushish bilan boshlagan O`zbekistonning Sport va turizm vaziri Aziz Abduhakimov Olimpiada natijalariga bag`ishlangan matbuot anjumanida ko`rinish bermadi.

Aslida sportdagi har bir natija uchun birinchi rahbar javobgar bo`lishi, jamoatchilik oldida mas`uliyatni his qilib tushuntirish berishi kerak emasmi?

Matbuot anjumani Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligining anjumanlar zalida bo`lib o`tdi. Ochig`i, ko`ngilochar joylar va allaqanday tadbirlarning ochilish marosimlarida suratga tushishga odatlangan vazirni jiddiy uchrashuvda uchratishimizga ham ko`zimiz etmagandi. Agar, natijalar haqiqatan ham maqtovga sazovor bo`lganida edi, bugungi anjumanda so`zsiz Aziz Abduhakimovni ko`rgan bo`lar edik. Qolaversa, 6 ta lavozimga ega bo`lgan vazirning dolzarb matbuot anjumanlariga vaqt ajrata olmasligi tayin.

Yaqindagina yakunlangan “Tokio – 2020” yozgi Olimpiadasidagi O`zbekiston sportchilarining natijalari sport sohasida oldinga emas, balki orqaga qarab ketayotganimizni anglatadi. Birgina taqqoslash uchun misol, “Rio – 2016” olimpiadasida ko`rsatilgan natijaning yarmiga ham erisha olmadik, ammo sport sohasiga davlat tomonidan tobora ko`proq mablag`, e`tibor ajratilmoqda. Biroq natija esa ko`ngildagidek emas.

Sportdagi natijalar ortga ketishi bilan birga tizimda so`nggi vaqtlarda korrupsiya alomatlari ham urchib borayapti. Bu holat katta minbarlarda ham aytildi. Ammo nima uchundir, ayni paytda sport sohasiga javobgar bo`lgan birinchi rahbar bu borada masalalarga bir og`iz ham munosabat bildirgani yo`q.

Mazkur kamchiliklar, oqlanmagan mablag` va mag`lubiyat uchun vazirlik, vazir uzr so`ramaydimi? Eng kamida kamchiliklarini tan ola biladimi? Yoki O`zbekistonda shuncha berilayotgan mablag` va imkoniyatlarga qaramay sport tizimi ortga ketayotganida amaldorlarning aybi yo`qmi?

* * *

Jurnalist Anora Sodiqova:

– Yildan yilga sportga ko`proq mablag` ajratib borilyapti. Lekin shunga qaramasdan natijalar teskarisiga, borgan sari kamayib boryapti. Mana masalan dzyudoda ham boshqa sport turlarida ham ko`rish mumkin. Yaqqol misol, “Tokio–2020” va “Rio–2016” musobaqalarini solishtirilganda ham ko`rish mumkin. Nima uchun mablag` ko`tarilib, natija tushib boryapti. Bundan siz mutasaddilar ham hijolat bo`lasizmi hech, sizlar ham uyalasizlarmi?

Milliy olimpiya qo`mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov:

– Mablag` ajratilishi borasidagi e`tirozingiz, albatta, to`g`ri. Nafaqat mablag`, o`quv mashg`uloti yig`inlarida ham musobaqalarda ishtirokida ham biz har doim federasiyaning talabnomasidan kelib chiqamiz. Ular esa bevosita kimlar bellashishini shtabning talabidan kelib chiqib tanlashadi. Mablag` asosan o`quv mashg`uloti yig`inlariga va reyting musobaqalariga qatnashish bilan bog`liq masalalarga ajratiladi.

Bizda dyuzdo sport turini oladigan bo`lsangiz aynan avlodlar almanishuvi bo`ldi, yosharish kuzatilib tarkibda ko`p sportchilar almashdi. Rishod Sobirov, Abdulla Tangriev bor edi. Bizda sportchilarni sinovdan o`tkazish, qolaversa, turli nufuzli xalqaro musobaqalarda ularning ishtirokini ta`minlab kerakli reyting ballarini yig`ib borishlari uchun sarflanadi. Biz balki yosh sportchilar bilan olimpiadada ishtirok etgandirmiz. Lekin bu yosh, umidli sportchilarimiz keyingi olimpiada o`yinlarida va boshqa musobaqalarda o`zining samarasini berishiga ishonamiz. Lekin bu mas`uliyatni bo`ynimizdan olmaydi. Dyuzdo bo`yicha solishtiradigan bo`lsak, bu yilgi natija pastroq. Biroq bu vaziyatni sportchilarning natijasi keyingi olimpiadalardagi g`alabalarga zamin yaratib berishi bilan asoslash mumkin.

Sport jurnalisti Mirali Boymurodov:

– Mana, Rost24.uz sayti aytganidek, “Rio – 2016” natijalarining yarmini ham qo`lga kirita olmadik. Ayollarimiz soni ko`paydi, yoshlarimiz soni ko`paydi, avlodlar almashinuvi degan gaplar bilan biz muxlislarni, qolaversa, Prezidentimizni ham aldab qo`ymayapmizmi? Xalq kutyapti, nega olimpiada o`yinlaridan keyin “O`tgan gal 13 ta medal olgandik, bu gal kamida 10 ta ham ololmadik. Kechiringlar bizni, biz to`rt yil davomida shuncha mablag` sarfladigu lekin eplolmadik”, degan javobni bermayaapsizlar-ku. Faqat sizlarniki to`g`ri bo`lib chiqyapti. Ko`rsatinglar, xalqqa mana 17 ta federasiyadan vakillar borgan. Engil atletika, taekvando, boks, dyuzdo yana 4 ta medal berishi kerak edi, ko`rsatinglar, bilsin xalq. Biz juda ko`p natijani, medallarni kutgandik.

Milliy olimpiya qo`mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov:

– Hech kim Olimpiadaga yutqazish uchun bormaydi. Tahlillar natijasi ommaga ma`lum qilinadi va tegishli xulosalar chiqarilib, keyingi olimpiadaga qadar tayyorgarlik ko`riladi. Rahbarlarni olib tashlab yoki trenerlarni o`zgartirib bu masalani hal qilib bo`lmaydi. Balki muammoning ildizi chuqurroqdir. Buning uchun bizga vaqt bersangiz mutaxassislarni jalb qilgan holda o`rganib, natijasini kerak bo`lsa yana bir marta mana shunday yig`ilib yoki rasmiy bayonot tarzida etkazamiz.

 

Eslatib o`tamiz, “Oltita lavozim egasi Aziz Abduxakimov boshqaruvidagi 6 tarmoqning qaysi biri rivojlandi?” nomli maqola ham e`lon qilingan edi. Haqiqatdan ham 6 ta tarmoqning qaysi biri rivojlandi?

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
5
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
20.08.2021 22:34
Ҳақиқий истеъдодлар пули бўлмагани учун спорт билан профессионал даражада шуғуллана олмайди. Пули борлар истеъдоди етарли бўлмаса ҳам шуғулланади. 1% истеъдод етишмай қолаётгани натижаларда яққол намоён бўла бошлади.
20.08.2021 14:19
Буларга "спорт" деганда "спирт" деб эшитилса керак
20.08.2021 02:09
Бировларнинг еганига тикилиш уят бўлади. Нима, тарбия кўрмагансизларми? (Узр, шунақа қўпол одамман)
20.08.2021 02:01
Jim turing, shovqinlanmang, sport vaziri uxlayapti