“Men qamalib chiqdim”

09.12.2020 05:00

Yoki jurnalistning mashinasiga qoradori solganlar 22 yildan buyon topilmayapti. NEGA?

1998 yilning yoz oyi boshlarida jurnalistlar orasida mish-mish tarqadi: emishki, “Adolat” gazetasining Samarqand viloyati bo`yicha o`z muxbiri Yalg`osh Sariev hibsga olindi. Mashinasidan “qora dori” topilibdi. Bu noxush xabar qalam ahlini jiddiy tashvishga soldi. Nahotki?.. Shukrki, tobora ajabtovur gaplarga ko`p o`tmay nuqta qo`yildi. Kufrning umri qisqa ekan, hamkasbimizga qo`yilgan ayblar sudga chiqish u yoqda tursin, dastlabki tergovdayoq o`z isbotini topmadi...

Biroq bir necha haftalik pinhoniy tazyiq, so`ng hibsdagi ma`naviy azoblar o`z ta`sirini ko`rsatib ulgurdi: Ya. Sarievning ruhi lat edi...

Kuni kecha Yalg`osh aka tahririyatimizga kirib keldi. Ko`rishdik. Qisqagina suhbat so`nggi yana eski gapga borib taqaldi, “Bo`lib o`tgan voqealarni qog`ozga tushirsangiz bo`larmidi?”, dedik jur`atsizgina. “Tushirdim  - dedi Ya. Sariev.  – Biroq chop etasizlarmi?” 

Bo`lmasa-chi?!

Mana, aziz mushtariy, va`damizni bajo qilishga kirishdik...

“HURRIYaT”

Yuzaga chiqqan adolatning lazzati o`zgacha bo`ladi. Ayniqsa, kameradagi senga qo`yilgan insoniylik qadr-qiymatingni bir pul qiladigan ayblovdan so`ng lahzasi soch oqartiradigan “shiringina” azoblar, har kuni tergovchiga, o`z-o`zingga berilgan so`roqlar, soxta guvohlar, tergovchining tirjaygan basharasi...

Bir savol tinmay miyamni titkilaydi. Ajabo, 22716-jinoyat ishi qanday qilib 11301-jinoyat ishiga aylanib qoldi? Qanday qilib meni jinoyatchiga aylantirishdi? Voqealar, sanalar miyamga mixlanib qolganday...

1998 yil 3 mart. Sobiq tergovchi Abduahad Ortiqovning Qo`shrabot tuman prokurori Abdug`ani Abdullaevning g`ayriqonuniy hatti-harakatlari haqida “Adolat” respublika gazetasiga shikoyat-arizasini tekshirishga kirishdim. Tumanda nomlarini oshkor qilmaslik sharti bilan 22716-jinoyat ishiga tegishli bo`lgan uchta ajabtovur hujjat – Ergash Jumanbulbul o`g`li nomli xo`jalik raisi Tursunqul Rustamovni aylanuvchi tariqasida javobgarlikka tortish haqida qarori, ayblanuvchiga O`zRJKning 41-43 moddalarida ko`rsatilgan huquqlarini tushuntirish haqida protokol, ehtiyot chorasini qo`llash haqida qarorni qo`limga tutqazishdi. Ushbu hujjatlar asl nusxa ekani, bir paytlar qaysidir jildda bo`lgani, igna, ip o`rinlari, prokuror va ayblanuvchi imzolari aniq-tiniq ko`rinib turardi. Bu 22716-jinoyat ishiga qiziqishimni oshirdi. Samarqand viloyat prokuraturasi umumiy bo`limi boshlig`i Muhiddin Bahriddinov, viloyat sudi raisi o`rinbosari Abdukamol Rahmonov, viloyat adliya boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari Ochil Mardonov huzurida bo`ldim. Ulardan xatni tekshirish uchun 22716-jinoyat ishi bilan tanishishga ruxsat so`radim. Nihoyat, Qo`shrabot tuman sudi raisi Qahramon O`ljaev ijozati bilan “delo” qo`limga tegdi. Taxmin to`g`ri chiqdi. 

Qo`limdagi hujjatlar xuddi shu jilddan olingan ekan. Tursunqul Rustamov avvalboshdan ayblanibdiyu, hisobchi Fayzulla Eshaevga hukm o`qilibdi. Har ikkalasi ham muddati o`tmagan 54895 ta alohida ahamiyatga molik hujjatlarni 261-faktura bilan Nurota tuman tayyorlov idorasiga makulaturaga topshirishda ayblanibdi. Tergovda Bahron Jo`raqulov degan arxivchining nomi ham tez-tez uchray boshladi. Bu shaxs kim o`zi? Nurotaga borib, arxiv boshlig`i Nadorshin va tayyorlov idorasi rahbarlari bilan uchrashdim.

1998 yil 22 mart. Xatda nomi keltirilgan sobiq kotiba bilan qarindoshlari ishtirokida suhbatlashdim. Nazarimda, fojeam shu kundan boshlanganday.

1998 yil 24 mart. Tuman hokimi, prokurori vakili uyimga kelib tekshirishni to`xtatishni, aks-holda bir baloga yo`liqishimni aytgan.

1998 yil 29 mart. Sobiq hisobchi Fayzulla Eshaev xatdagi faktlar uchun undan gumonsirashayotganini, tashvishu tahlikada qolganini aytdi.

1998 yil 30 mart. Xizmat safari bilan Navoiy viloyatiga borishda Nurota yo`lida mashinamni yo`ldan siqib chiqarishga intilishdi.

 1998 yil 7 aprel. Tinimsiz ta`qib va iskanjaga olindim. Oilamdan tashvishdaman. O`zim-ku mayli, ularning tuman markazida yashashi xatarli bo`lib qoldi. Holislar qavmu qarindoshlarimni ham tinmay bezovta qilishayapti.

Yana vakil keldi. Emishki, agar tekshirishni to`xtatmasam, o`zim va oilamga yomon bo`larmish. Ularning qo`li uzun, puli ham, yuqorida qo`llovchilari ham ko`p emish. Ma`nodor aytishicha, ular bilan holi gaplashib olsak, yomon bo`lmas ekan. Undan qutulishning yagona yo`li – rozilik. Ertaga 8 aprel – hayit kuni. 9 aprel ertalab vakil uyimga keladigan va uchrushuv joyini tayin qiladigan bo`ldik. "Chiroyim ochilganini" ko`rib vakil yayrab ketdi. “Mazza qilib yashamaysanmi, azamat!”, - dedi elkamga qoqib.

1998 yil 9 aprel. Erta tong soat 5.00 da o`rnimdan turdim. Keliningizga “Hali zamon vakil kelsa, tahririyatning shoshilinch chaqirig`i bilan yo`lga chiqqanimni aytib qo`y”, - deb tayinladim.

1998 yil 10-13 aprel. Muharrir maqola tayyorlashga ruxsat berdi. 2 – 3 kun qog`oz qoralab, “22716 – sonli jinoyat ishi yoki Tursunqul Rustamovning jazodan qanday qutulib qolgani xususida” sarlavhali maqola yozdim. Maqolani yurist mutaxassislarga o`qitdim. Respublika bosh prokurorining matbuot ishlari kotibi Sultonmurod Norxo`jaevga uchrashdim. Uning tavsiyasi bilan 13 aprel kuni maqola va borqa hujjat nusxalari muharrirning kuzatuv xati bilan respublika prokuraturasiga yuborildi.

1998 yil 25 may. Hayotimda eng qora kun bo`lib qoldi. U kunlarni eslash, yozish ham azob. Qatag`ondan joni sabil qolgan adiblar nega bu mavzuda uzoq yozolmay yurganiga endi tushundim. Nima bo`lsa ham o`sha qora kunlardan tezroq uzoqlashishni, dilingdagi jarohatlar tezroq bitishini istab qolar ekansan kishi.

Yana xizmat safariga otlandim. Uyim, mashinam kuzatuvga olinganini, o`rgimchak to`ri to`qilganini hali bilmasdim. 

O`sha kuni ukam va meni qamoqqa olishdi. Avvaliga DAN postida inspektor Xolmurod Ergashev, navbatchi milisioner Baxodir Irzaqulovlar tomonidan mashinam to`xtatilib, ertalab 9.30 larda IIB hovlisiga olib kelindi. Soat 10-10.30 larda “mashinamga qora dori tashlaysizlar, ko`z oldimda tekshiring” degan qa`tiy talabimdan so`ng navbatchi G`ofur Ravshanov mashinani dalolatnoma asosida qabul qildi. So`ng “milisiya xodimini qora dori tashlaysizlar, deb haqorat qilgansiz” deya izoh so`rab tushuntirish xati yozdirishdi. Hech bir asossiz IIB boshlig`i Hasan Qodirov xonasida texnik pasport, talon va guvohnomamni olib qo`yishdi. Qayta tekshirish o`tkazishga kelishildi. Men 2-3 soat oldin mashina to`la tekshiruvdan o`tkazilganini aytib yana e`tiroz bildirdim. “Hech narsa qilmaydi”, dedi Hasan Qodirov shprisdan qo`rqqan bolaga “og`ritmaydi” deganday. 

Soat 12.30 chamasi qayta tekshirish o`tkazish uchun bizni hovliga mashina yoniga olib chiqishdi. Nihoyat, rul ostidagi to`shama tagidan eski sellofanga o`ralgan bir chaynam saqichdek “qora” topilgach, IIB JQB boshlig`i G`ofur Qarshiev tantana qildi.

- Hidlanglar-chi, qoradorimi?!

Sho`rlik Kolumb ham Kuba sohillarini ko`rib bunchalik quvonmagandir.

Shu lahzadan birov bilan gaplashish, telefon qilish, binodan chiqish taqiqlandi. Hayriyatki, diplomatdagi hujjatlarni chiqarib yuborishga, uyga, qarindoshlarga xabar qilishga ulgurdim.

O`sha kuniyoq muxbirning mashinasidan 18 gramm qoradori topilgani haqida maxsus ma`lumot tarqatishadi. Hokim va prokurorni bu qoniqtirmaydi shekilli, 27 mayga kelib, 61,1 grammga chiqarishadi. “Shu yilning 25 may kuni ertalab soat 9 larda E. Sariev boshqaruvidagi mashina DAN xodimlari tomonidan to`xtatilgan. Aka-uka Sarievlar milisiya xodimlarining qonuniy talablariga buysunishdan bosh tortishgan, ularning mashinasi tekshirib ko`rilganda 61,1 gramm... borligi aniqlanib olingan” deb yozishadi. Keyinchalik Navoiy viloyat IIB tergovchisi Baxodir G`ofurov tomonidan o`tkazilgan xolis tergovda G`ofur Qarshiev mening “25 may kuni 18 gramm, 27 may kuni 61,1 gramm topildi, deb maxsus ma`lumot bergansiz. Qay biri to`g`ri? Ikkalasiyam to`g`ri bo`lsa, 79,1 gramm bo`ladi. 18 gramm qoradorini nega deloda kam ko`rsatgansiz?” degan savolimga javob topolmay er chizdi. Tergovchining “maxsus ma`lumotlar” daftarini olib keling!” degan so`rog`iga “arxivga topshirib yuborishibdi” deb javob berdi. Kulasanmi, bug`ilib o`lasanmi bunga?

Hali bu gaplarga, kulishu g`olib bo`lib bug`ilishga ancha bor. Besh kunlik qamoq, uyingdagi tintuv, tergov, prokurorning ehtiyot chorasi, zo`rlar bilan olishganning ahvoli haqidagi mish-mishlar oldinda turibdi, oshna. 

Qechqurun meni IIB tergovchisi Baxtiyor Eshnazarov, JQB boshlig`i G`ofur Qarshiev, uchastka noziri Botir Usmonovlar prokuror Abdullaev huzuriga olib ketishdi. Mashinadan tushgach, tergovchi menga burilib, “siz o`jar odamsiz, lekin taqdiringiz hal bo`layapti, prokuror taklifiga yo`q demang” dedi. Ular bergan yana bir imkoniyatni rad qildim. Prokuror tergovchi bilan gaplashdi. Meni qabul ham qilmadi. Qaytib kelgach, bo`sh dimlomatimni, galstuk, qayish, botinkam bog`ichlarini olishdi. Binoyiday mahbusga aylandim.

 O`sha kechasi uyimni ham tintuv qilishgan. Hayriyatki, oila a`zolarining mahalla vakillarisiz tekshiruvga yo`l qo`ymagani, qarindoshlarning vaqtida etib kelgani, ehtimol, ularning navbatdagi mudhish rejasini puchga chiqargan. 

1998 yil 26 may. Yo`lakdan kameraga mo`ralagan qizg`ish nur yorug`ida Bo`riboy Ahmedovning “Amir Temur” kitobini varaqlayman. Unga xavf solib turgan fitna va muqarrar o`lim xavfi oldida meni hech narsa emas ekan. O`zRJKning 277-moddasi 2-qismi, 276-moddasi 1-qismi bilan ayblashayapti. Faqat qoradorimi desam yo`q, milisiya xodimlarining qonuniy talablariga bo`ysunmagan, DAN xodimi Xolmurod Ergashevni haqorat qilgan emishman. Buni guvohlar Sheron Xoliqulov va Boyxo`roz Ismoilovlar ko`rishgan ekan, shu... 

Har kuni bir-ikki marta tergovchi huzuriga so`roqqa olib chiqishadi. Guvohlar bilan yuzlashtiradi. Men fitna ataylab tashkil etilgani uchun prokuror Abdullaev va uning qo`l ostidagi so`roq berishdan bosh tortayapman. Negadir “Haqiqatni yozinglar, sizlarni men himoya qilaman”degan sado quloqlarim ostida tinmay jaranglaydi, qalbimni yoritib, vujudimni ilitib, ruhiyatimga taskin-tasalli beradi. Shunda nimadan kuch-oziq olayotganimni angladim. Alp elkasidan asrlar yukini itqitayotgan, nurday poklanayotgan zahmatkash yurt bu. Burchak-kunjakda to`qilgan o`rgimchak to`rlarining supurgilik holi bor, xolos.

1998 yil 22 may. Yana tergovga chaqirishdi. Xonada tergovchi, JQB boshlig`i G`ofur Qarshiev, shifoxona dorishunosi, yana ikki yigit “guvoh bo`lsa kerak” o`tirgan ekan. “Mashinangizdan topilgan qoradorini o`lchab ko`ramiz”, deyishdi. O`lchash uchun toroziga qo`yilgan qoradorini ko`rib ko`zlarim “yashnab” ketdi. Sigaret pachkasidek keladigan, yaltiroq sellofanga o`ralgan so`lqildoq qoradori 61,1 gramm chiqdi. Qoyil?! Guvohlar ko`rganlarini tasdiqlab berishdi.

1998 yil 28 may. Chop etilmagan maqolamda nohaq jabrlangan deb tilga olingan Ne`mat Munavvarovni shu erda uchratdim. Qo`shni kamerada ekan. 2-3 kun burun sud qilishga olib kelishibdi. Kulgim qistadi, kecha adolat istab ular himoyachisi eding. Bugun senga qo`yilgan ayblar unikidan og`irroq. Endi o`zing adolatga, himoyaga muhtojsan, oshna.

Tushdan so`ng prokuror huzuriga olib ketishdi. O`ng qo`limga zanjirli halqa taqishgani yomon bo`ldi. Odamlarning, ayniqsa, bola-chaqang ko`ziga shu ahvolda ko`rinish... Nimayam qilarding. Prokurorning torgina qabulxonasida biroz noqulaylik tug`ildi. Xonaga kirib qolgan soliqchi do`stim Rajab O`rolov ko`rishish uchun qo`l uzatdi-yu, zanjirga ko`zi tushib rangi bo`zday oqarib ketdi. Prokuror bilan yana murosamiz kelishmadi. U qamoqqa olish haqida qaror chiqardi, men esa qaror ostiga: “Qaror g`ayriqonuniy, qo`l qo`yishdan bosh tortaman” deb yozib qo`l qo`ydim. 

Mashinada milisionerlarning menga munosabati ancha o`zgardi. Ular negadir Belorusiyada sud qilinayotgan rus jurnalisti Pavel Sheremet haqida gaplashishti. 

1998 yil 29 may. Kamerada mastlikdagi bezoriligi uchun sud hukmini kutayotgan uch navqiron “hamdardim” gumondordan ayblanuvchiga aylanim bilan qutlashdi... 

-Tamom, - dedi kichkintoy, - tayyorlanavering, endi sizni ham Kattaqo`rg`onga jo`natishadi!

Bugun negadir tergovga chaqirishmadi. Buning ustiga tergovchi mashinkasining odatdagi chiq-chiqi eshitilmaydi. Amir Temurning turkman Alibek Jonqurboniy qo`lida asir yotgan sahifalarini o`qib yotib mulgib ketibman. Ajab, sokin tun qo`ynida, zamin bag`rida yotibman. Osmonda oy suzadi. Atrofida bodroqday sochilgan chaqnoq yulduzlar. Bir payt oydan bir dasta nur ajralib yonimga kelib to`xtadi. Zum o`tmay nurdan yaralgan narvonga aylandi. Vujudimni orombaxsh iliqlik qoplaydi. Shu payt taraqlagan ovozdan uyg`onib ketdim. Navbatchi milisioner temir darchani urib meni chaqirayotgan ekan. Nega tergovga chaqirishmagani ma`lum bo`ldi. Prokuror ham, tergovchi ham Toshkentga chaqirib ketilibdi. Hokim kasalxonada yotgan emish. Donishmand ukamiz yotgan joyida yana bashorat qildi: “Ertaga siz chiqib ketasiz, aka”. 

1998 yil 30 may. Ertalab yana tergovga chaqirishdi. Tergovchi yonida akamni ko`rib ajablanmadim. Ko`p o`tmay prokuror Abdug`ani Abdullaev ham etib keldi. “Sizning hurmatingiz uchun ukangizni chiqarayapman”, dedi u akam bilan ko`rishar ekan.

Ozodlikning “ehtiyot chorasi orqali” degan kichkinagina sharti bor ekan. “Qara, qanday yaxshi odam, tinch yursa buyog`i ham tinchib ketadi deyapti”, deydi akam. 

Hasan Qodirov bilan xayrlashishimiz ayniqsa ko`ngilli o`tdi. “61 gramm bilan yotganning chiqishini birinchi ko`rishim. Bola-chaqangiz bor ekan, nima qilasiz kattalar bilan olishib, uka!”

Bilmagan ekanman. Biram shirinsuxan, biram mehribon ekan-ku, bular. 

“Kosa tagida nim kosa” borligini ertasi kuni Toshkentga borib bildim. Masalaga oydinlik kiritishda Respublika Prokuraturasi ancha sa`y-harakat qilibdi. 

Jinoyat ishi xolis tergov o`tkazish uchun Navoiy viloyat prokuraturasiga berildi. Tergovning birinchi kunidanoq guvohlar – Sheron Xoliqulov va Boyxo`roz Ismoilovlar o`zlaridan yolg`on ko`rgazma olinganini bayon qilishdi. Xolmurod Ergashev ham bo`sh kelmadi, “Qizishib ketib haqorat qildi, deb yozganman”, deb turib oldi. G`ofur Qarshiev esa “maxsus ma`lumotlar” daftari arxivga topshirilgan”ini ma`lum qildi... 

Shunday qilib Navoiy viloyat IIB tergov boshqarmasi 11301-jinoyat ishining Yalg`osh Sarievga tegishli qismini tarkibida jinoyat alomatlari yo`qligi uchun 83-moddaning 2-qismi bilan harakatdan yotqizdi. Qoradori esa “no`malum shaxs tomonidan tashlab ketilgan” bo`lib chiqdi va Qo`shrabot tuman ichki ishlar bo`limiga aybdorni aniqlash topshirig`i berildi... Shungayam oradan qariyb bir yarim yil vaqt o`tdi. Keyin nima bo`ldi, deysizmi? Hasan Qodirov tinchgina pensiyaga chiqib ketdi. Hokim qarori bilan unga o`zi minib yurgan xizmat mashinasi sovg`a qilindi va yana mashina qaytarib olib kelindi. Prokuror Abdug`ani Abdullaev qaysidir gunohlari uchun vazifasidan chetlashtirildi. IIB JQB boshlig`i G`ofur Qarshiev, DAN inspektori Xolmurod Ergashevlar o`ta og`ir jinoyat sodir etishda ayblanib, tergovga tortildilar.

Qo`shrabotda biz fosh etolmagan jinoyatchilik faktlarining bir qismi ochilib qoldi. “Un” operasiyasi uchun hokimning iqtisodiy masalalar bo`yicha o`rinbosari, tuman matlubot hissadorlik jamiyati raisi, “Paxtabank” boshqaruvchisi, tuman xalq ta`limi bo`limi mudiri, hisobchi va kassiri ustidan sud jarayoni bo`lib o`tdi. Jinoyat izini yo`qotish maqsadida Ochil Qodirov nomli xo`jalik hujjatlari topilmadi. Bu erda otlar suvga oqqani yoki eski traktorga aylanib qolgani, “Qo`shrabot” xo`jaligida pilladan “Tiko” yasalagani, hokim tomonidan 1.200.000 ming so`m olib sovg`a qilingan “Neksiya”lar haqida g`aroyib ertaklar paydo bo`ldi. Ayniqsa, “Akmal-MK” firmasi yurist tadqiqotchilar uchun “ochilmagan qo`riq” bo`lib turibdi. Qaniydi, bu firma olib borgan tovarsiz pul operasiyalari, o`g`rilik, ko`zbo`yamachilik faktlarini oshkor etadigan bir mard topilsa? Qo`shrabotliklar bunga uringan muxbir, o`nlab halol va vijdonli kishilarning badnom qilinganini, “qoradori operasiyasi”ning boshida kim turganini juda yaxshi bilishadi. Lekin jinoyat albatta oshkor qilinishi shart. Bu haqiqat bugun uchun ham, ertangi kun uchun ham albatta aytilishi kerak.

Xo`sh, qoradorining egasi kim? Agar u men bo`lganimda muqarrar jazo olardim. Qanday tutqich bermas zot – insmi-jinsmi u, qonunga chap berib yuraversa?! Qonun barchaga barobar ekan, adolat chala bo`lmasligi, bu og`u boshqa halol odamlarning hayotini boshqa zaxarlamasligi uchun, ko`z yoshlar yonoqlarda qotmasligi uchun “U”ning nomi oshkor qilinishi lozim!!! Muhtaram Prezidentimiz aytganidek, “Qonun ustivorligi ta`minlanishi, har-bir jinoyat tegishli jazosini olishi kerak”.

22 yildan beri ochilmagan jinoyat

Men aybsizlik prizumpsiyasi asosida O`zJPKning 83-moddasi 2 qismi bilan jinoyat ishining menga tegishli qismi bekor qilingan bo`lsada, qoradorining haqiqiy egasini topish dastlab Qo`shrabot tuman ichki ishlar bo`limiga, maqola chop etilgach esa, O`zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi tergov boshqarmasi boshlig`i A. Sharofuddinov imzosi bilan “Hurriyat”da chop etilgan javobda aytilishicha, aniqlanmagan shaxsni topish ishini jadallashtirish Samarqand viloyat IIBga topshirilgan. Oradan yigirma ikki yarim yildan ko`roq vaqt o`tdi hamki, noma`lum shaxs, topilishi istalmagan shaxs sifatida qolmoqda. Chunki respublika prokuraturasi ham, respublika ichki ishlar vazirligi ham biror marotaba o`z xodimlarining jinoyatini ochmagan. Bunday shaxslar doimo jinoyatni vazifasidan ketgandan so`ng sodir etgan deb rasmiylashtirishgan. Binobarin, jurnalistning xizmat vazifasini bajarishi chog`ida unga qilingan bu mudhish tahdidni keyingi 30 yil davomida ming-minglab odamlarga ma`muriy organlar tomonidan qilingan suiqasdlardan biri deb tushunish kerak.

Garchi men xizmat vazifamni bajarishda davom etayotgan bo`lsamda, maqola chop etilgunga qadar o`tgan bir yarim yildan ko`proq vaqt mobaynida tahririyatlar “Inson va Qonun”, “Xalq so`zi” va boshqa nashrlar g`aladonida yotdi. To`g`rirog`i gazeta muharrirlari o`zlariga bosh og`riq orttirib olishlaridan cho`chishdi. Nihoyat “Hurriyat” gazetasi “Quruq tuxmatdan xalos etgan respublika prokuraturasiga rahmat” degan yordamchi sarlavha ostidagina mazkur maqolani chop etishga jur`at etdi. Maqola o`z davrida nihoyatda katta shov-shuvga sabab bo`ldi. Respublika huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda muhokama qilindi. Biroq maqola yuzasidan biron-bir jurnalist hamkasbimiz mulohaza yuritishga na jur`at va yo nashr topmadi. 

Bugun ijtimoiy tarmoqlarning keng rivojlanganligi jurnalist va blogerlarning har bir voqea-hodisaga vaqtida o`z munosabatini bildirish imkonini bermoqda.  

YaLG`OSh SARIEV,

jurnalist

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
3
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар