2021 yil sport tarixida muhim voqealar bilan yodda qoladigan bo`ldi. Kechiktirilgan Evropa chempionati va Olimpiada o`yinlari, endi bo`lsa futbolning tirik afsonasi Leonel Messining 18 yillik faoliyatidan so`ng “Barselona”dan rasman ketganligi barchani shok holatiga tushirdi.
Xabarlarga qaraganda, Messi va “Barselona” yangi shartnoma bo`yicha bir to`xtamga kela olmagan. Qolaversa, Ispaniya Futbol Federasiyasi qo`ygan taqiqlarga ko`ra, “Barsa” yulduziga o`zi xohlagan maoshni bera olmaydi. Shu tariqa Leoning Kataloniyadagi 18 yillik “ertagi” nihoyasiga etdi. U “Barselona” libosida barcha rasmiy musobaqalarda 778 o`yin o`tkazib, 672 gol va 305 golli uzatma amalga oshirishdan tashqari 35 ta turli musobaqalar bosh sovriniga ega chiqqan. Har qanday futbolchi bunday natijani orzu qilishi aniq.
Xo`sh, endi argentinalik futbol “sehrgari” karerasini qaysi klubda davom ettiradi? Allaqachon bir nechta nomdor klublar Messining agentlari bilan aloqaga chiqqanligi aytilmoqda. Uning yangi mavsumdan qaysi klubda o`ynashi mumkinligi borasida to`xtalib o`tamiz.
PSJ
Arab shayxlariga tegishli bo`lgan Parij jamoasi hozirda Leoni qo`lga kiritishda favorid bo`lib turibdi. Chempionlar Ligasini yutishni maqsad qilgan PSJ yangi mavsum oldidan o`z safini Serxio Ramos, Veynaldum, Janluidji Donnaruma va Ashraf Xakimi kabi nomdor futbolchilar bilan to`ldirdi. Agarda Messini qo`shib olsa parijliklar sayyoramizning eng kuchli klublaridan biriga aylanadi. Qolaversa, klub futbolchi xohlayotgan maoshni ham qiyinchiliksiz to`lay oladi. Bundan tashqari jamoa safida Messining “Barselona”dagi yaqin o`rtog`i Neymar ham to`p surmoqda. Bu omillar futbolchining Fransiya poytaxtiga ko`chib o`tishiga turtki bo`lishi mumkin.
“Manchester Siti”
Arablar egalik qiladigan yana bir klub – “Manchester Siti” ham qahramonimiz uchun kurashda etakchilardan biri sifatida e`tirof etilmoqda. “Shaharliklar” uchun ham argentinalikning maoshi katta muammo emas. Boz ustiga, hozirda “Siti”ni Messining “Barsa”dagi sobiq ustozi Xosep Gvardiola boshqaradi. Ular haligacha yaxshi munosabatda ekanligini ijtimoiy tarmoqlar orqali bilib turibmiz.
Biroq masalaning ikkinchi tomoni ham bor, yaqindagina “Manchester Siti” “Aston Villa” yarim himoyachisi Jek Grilishni 100 million funt sterlingga sotib olganligini rasman e`lon qildi. Bundan tashqari, ular Angliya terma jamoasi hujumchisi Xarri Keynning transferi borasida ham deyarli kelishuvga erishgan. Agarda “Tottenxem” hujumchisi “Siti”ga o`tsa Leoning Manchesterda faoliyatini davom ettirishi bir muncha qiyinlashadi. Yoki “shaharliklar” Messi uchun Keyndan voz kechishlariga to`g`ri keladi.
“Bavariya”
Germaniyaning eng nomdor klubi Messi xohlayotgan yillik 30 million evroni to`lashga tayyor. Aynan myunxenliklarga hozirda qahramonimizdek o`yinni boshqaradigan futbolchi kerak. Ammo argentinalikning o`zi Germaniya chempionatida to`p surishni xohlarmikan? To`g`ri, “Bavariya” Evropaning eng kuchli jamoalaridan hisoblanadi. Biroq Germaniya chempionati saviyasi jihatidan Ispaniyadan ancha past.
“Yuventus”
Krishtianu Ronaldu va Messining bir klub safida o`ynashini tasavvur qilib ko`ringa?! Leoning “Yuventus”ga o`tish imkoniyatlari bir oz pastroq, ammo hayotda nimalar bo`lmaydi. Deyarli butun faoliyati davomida bir-biri bilan ashaddiy raqobatchi bo`lgan hozirgi futbolning ikki yulduzi yangi mavsumdan jamoadosh bo`lish ehtimoli ham yo`q emas.
Shuningdek, olti karra “Oltin to`p” sohibi bilan “Chelsi”, “Manchester Yunayted” va “Inter” klublari ham muzokaralarni boshlab yubordi. Biroq futbolchi “Barselona” muxlislari bilan xayrlashmasdan Kataloniyani tark etmasligini ta`kidlab o`tdi.
Orif BAHRIEV