“Yong`in chiqqan joy qo`riqxona hududi bo`lib, u erda har kim ham qurilish ishlari olib borishga yoki erdan o`zi istaganicha foydalanishga qodir emas. Asosan viloyat yoki tuman kattalariga tegishli ob`ektlar, dam olish maskanlari bor. O`sha kungi yong`in Zomin tumani hokimining ukasiga tegishli dachada (aslida hokimning dala hovlisi, deyilmoqda) payvandlash ishlari olib borilishi vaqtidagi ehtiyotsizlik oqibatida o`rmonga alanga o`tib ketgan."
1 avgust kuni tushga yaqin Zomin tumani “Duoba” MFY O`riklisoy qishlog`idagi dala maydonida yong`in sodir bo`lgan edi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati dastlab yong`in joyiga 4 ta yong`in-qutqaruv bo`linmasi hamda 24 nafar shaxsiy tarkibdan iborat bo`linmalar etib borgani, yong`inni o`rab olish ishlari boshlanganini ma`lum qilgandi.
Keyinroq yong`in hududi kengayib ketishining oldini olish va uni butunlay o`chirish uchun FVVdan yana qo`shimcha 350 dan ortiq shaxsiy tarkib, Mudofaa vazirligidan 4 ta vertolyot, shuningdek, Milliy gvardiya, Ichki ishlar, Davlat ekologiya qo`mitasi va boshqa tashkilotlarning kuch va vositalari jalb etilgandi.
Yong`in oqibatida 80 gektar maydondagi o`simlik va dov-daraxtlar yonib ketgani, o`sha kuni soat 18:20 da xavf batamom bartaraf etilgani aytildi.
Ammo haligacha rasmiy manbalar yong`in kelib chiqish sababi va tabiatga etgan zarar miqdori haqida aniq ma`lumot bermadi.
Kun.uz'ga etib kelgan ma`lumotda yong`in Jizzax viloyati hokimining o`g`li yoki Zomin tumani hokimining ukasining nomida bo`lgan dala hovlida olib borilayotgan qurilish (payvandlash ishlari) vaqtida kelib chiqqani aytiladi.
“Yong`in chiqqan joy qo`riqxona hududi bo`lib, u erda har kim ham qurilish ishlari olib borishga yoki erdan o`zi istaganicha foydalanishga qodir emas. Asosan viloyat yoki tuman kattalariga tegishli ob`ektlar, dam olish maskanlari bor. O`sha kungi yong`in Zomin tumani hokimining ukasiga tegishli dachada (aslida hokimning dala hovlisi, deyilmoqda) payvandlash ishlari olib borilishi vaqtidagi ehtiyotsizlik oqibatida o`rmonga alanga o`tib ketgan.
Dala hovlining shundoqqina o`rmonga tutash ekaniga guvoh bo`lish mumkin. Payvandlash vaqtida bir nechta usta yigitlar va mahalliy aholi ham o`sha joyda bo`lgan. Ustalarni IIB xodimlari so`roq qilish uchun olib ketishgan”, deydi manba.
Tahririyatga taqdim qilingan suratlarda haqiqatan ham dala hovlining bir qismida payvandlash ishlari olib borilgani va u hudud o`rmonga juda yaqin joylashganini ko`rish mumkin. Bu dala hovlining geologik xaritasida ham ko`rinib turibdi.
Jizzax viloyati prokuraturasi axborot xizmatiga ko`ra, 1 avgust kuni ertalab O`riklisoy dam olish maskani hududida yong`in kelib chiqqani oqibatida dastlabki ma`lumotlarga ko`ra Zomin milliy tabiat bog`idagi 4 gektar er maydonlarida archa va boshqa o`simliklar yonib nobud bo`lgan. Hozirda holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Prokuratura dala hovli viloyat yoki tuman hokimining qarindoshiga tegishli bo`lishi mumkinligi to`g`risidagi savolga javob bera olmasligini bildirdi.
Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Akmal Binoqulov Zomin tumanida Ergash Saliev yoki uning o`g`lining dala hovlisi mavjud emasligini bildirdi.
Kun.uz muxbiri Zomin tumani hokimligi axborot xizmati xodimi O`razali Berdibekov bilan telefon orqali bog`lanishga urinib ko`rdi. Telefonni ko`targan O`.Berdibekovning turmush o`rtog`i birozdan so`ng u kishining o`zi qayta bog`lanishini aytdi. Ammo hozirga qadar Berdibekov bilan bog`lana olmadik.
Rasmiylardan ochiq qolayotgan savollar, xususan, suratdagi dala hovlining Zomin tumani hokimi Alisher Abdug`anievga nechog`lik aloqadorligi, umuman, o`rmonga etkazilgan zarar va uning asl sababi haqida izoh kutib qolamiz.
Isomiddin Po`latov