Surxondaryo va Qoraqalpog`istonda ikki fuqaro IIB xodimlari tomonidan kaltaklanishi oqibatida o`lim topganiga oid xabarlar tarqalishi ortidan Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shoxruh G`iyosovning «norasmiy bayonoti» biroz shov-shuvga sabab bo`lganining sirligi qolmadi.
IIV polkovnigi o`z «bayonotida» Qoraqalpog`istondagi voqea bo`yicha avval tekshiruv o`tkazilib, hech kimning xatti-harakatlarida jinoyat alomati topilmaganini bildirgan, Surxondaryodagi holat esa prokuratura organlari tomonidan o`rganilayotganini ta`kid etib, marhumni «Xudo urgan» sifatida ta`riflagan edi.
Surxondayodagi holat bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atilib, profilaktika inspektorining ikki nafar yordamchisi qamoqqa olingani xabari berilgandi.
Bugun Qoraqalpog`istondagi voqea bo`yicha qo`shimcha ma`lumotlar paydo bo`ldi.
«Taxiatosh tumanida yashovchi fuqaro B.Dauletmuratovning IIB xodimlari tomonidan olib ketilib, kaltaklangani va uning natijasida vafot etganligi» bo`yicha tarqalgan xabarlar bo`yicha mahalliy prokuratura organining ma`lum qilishicha, 23.05.2021 yili Taxiatosh tumanida yashovchi fuqaro B.Dauletmuratovning ko`chada mast holatda yotganligi yuzasidan xabar bergan shaxslarning chaqiruvga binoan voqea joyiga etib kelgan ichki ishlar xodimlari uni tuman IIB olib ketadi. Bu erda uning sog`ligi yomonlashganligi sababli, Taxiatosh tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.
Taxiatosh tuman tibbiyot birlashmasida esa B.Dauletmuratovga shifokorlar tomonidan zarur tibbiy muolajalar ko`rsatilib, shu kuni qarindoshlari orqali uyiga ruxsat berib yuborilgan.
B.Dauletmuratov uyida ahvoli yomonlashganligi sababli 29.05.2021 yilda yana Taxiatosh tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan va davolash muolajalaridan keyin 05.07.2021 yilda uyida vafot etgan.
O`tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko`ra, B.Dauletmuratovning o`limi o`pka pnevmoniyasi natijasida kelib chiqqanligi, lekin uning badanida o`limidan oldin etkazilgan tan jarohatlari mavjudligi aniqlangan.
Mazkur halat bo`yicha Qoraqalpog`iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan JKning 104-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Hozirgi kunda uning tanasidagi jarohati qachon va kim tomonidan etkazilganligini aniqlash yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda», deyiladi Qoraqalpog`iston Respublikasi prokuraturasi axborotida.
Mazkur axborot IIV matbuot kotibi ta`kid etganidek, sodir bo`lgan voqelikda jinoyat alomatlari yo`q emas, aksincha, borligini ko`rsatmoqda. Bu esa «norasmiy bayonot» tasdig`ini topmaganini bildiradi.
Darvoqe, davlatning eng muhim organi matbuot kotibining ijtimoiy tarmoq orqali o`zi sizdirgan gaplarini «norasmiy bayonot» deb bo`ladimi o`zi?!
Manba: xabar.uz