YaXShIYaM ShOMURODOV BOR...

04.08.2021 14:22

O`zbek futbolida yildan yilga pasayish ko`zga tashlanayotgan bir paytda terma jamoamiz hujumchisi Eldor Shomurodov Rimning “Roma” klubi bilan shartnoma imzoladi. 

Xo`sh, bu transfer qanday amalga oshdi? U Italiyaning eng nomdor va tarixiy klublaridan birida o`ynab keta oladimi? Rost24.uz ana shu savollar atrofida mulohaza yuritadi.

O`tgan yili Rossiyaning “Rostov” klubidan 7,5 million evro evaziga Italiyaning “Jenoa” klubiga o`tgan hamyurtimiz o`zining A Seriyadagi ilk mavsumini yomon o`tkazmadi. Ayniqsa mavsum oxirlarida Eldor deyarli har bir o`yinda gol kiritib, mahalliy futbol ishqibozlarining suyukli futbolchisiga aylanib oldi. Hujumchi ajoyib o`yinlari bilan nafaqat o`zini, balki O`zbekistonni ham Italiyada kengroq targ`ib etdi. Chunki u “kuchli beshlik” chempionatlarida to`p surayotgan birinchi o`zbek futbolchisi edi.

Mavsum yakunlanishi bilan Italiya matbuotida Shomurodovning “Yuventus” va “Inter” kabi nomdor klublarga o`tishi mumkinligi haqidagi xabarlar bong urdi. Ammo “Jenoa” rahbariyati yozda Eldorni sotish niyatlari yo`qligini ma`lum qilishdi va hamyurtimiz Genua jamoasi bilan yangi mavsumga tayyorlanish uchun yig`inlarga jo`nab ketdi. O`tgan hafta so`ngida bo`lsa hamyurtimizning deyarli “Roma”ga o`tishi aniq bo`lganligi to`g`risidagi xabarlar futbol muxlislarini xursand qildi. 3 avgust kuni Shomurodov rasman “Roma” futbolchisi sifatida tanishtirildi va yangi klubi bilan ilk mashg`ulotlarini o`tkazdi. Rimliklar Eldorni sotib olish huquqi bilan ijaraga olishdi va bir yillik ijarasi uchun “Jenoa”ga 2,5 million evro to`lashadi. Agarda u yangi jamoasiga moslashib ketsa keyinchalik “Roma” hujumchining transferini 17,5 million evroga sotib olishi ham mumkin. Yana bir quvonarli xabar, Shomurodovning Rimga kelishida klubning yangi murabbiyi Joze Mourinoning shaxsan o`zi tashabbuskor bo`lgan ekan. Uning yangi jamoasidagi yillik maoshi 2 million evro etib belgilandi.

Eldor Rimda O`ynab keta oladimi?

Hamyurtimizning “Roma”dek mashhur klubga o`tishi nafaqat o`zi uchun, balki butun O`zbekiston uchun ham katta sharaf. Ammo masalaning ikkinchi tomoni, u rimliklar safida yo`qolib qolmasmikan. Chunki klub ustozi Joze Mourinoga yangi mavsumda Chempionlar Ligasiga yo`llanma olish vazifasi qo`yilgan. Shu bois, portugaliyalik mutaxassis har bir pozisiyani kamida 2-3 ta yuqori darajadagi futbolchilar bilan kuchaytirmoqda. “Roma”ning hujum chizig`ida ham Italiya terma jamoasining sobiq hujumchisi Stefan El-Shaaravi, Madridning “Real” klubida o`ynagan Borxa Mayoral, “Barselona” bilan uzoq yillar ko`plab yutuqlarga erishgan Pedro va bosniyalik tajribali Edin Jekolar bor. Ana shunday futbolchilar bilan raqobatlashib, asosiy tarkibdan joy olishni tasavvur qilib ko`ring? Boz ustiga, Mourino ham haddan tashqari talabchan murabbiylardan hisoblanadi. U faoliyati davomida manaman degan yulduzlarni zaxiraga mixlab qo`ygan. Bundan tashqari Italiya ijtimoiy tarmoqlarida “Roma” muxlislari Shomurodovning olib kelinishini tushunarsiz transfer deb hisoblashmoqda va hamyurtimizga uncha ishonishmayapti.

Ammo Eldor o`ynagan har bir klubiga osonlikcha moslashib ketmagan. U bardoshli va og`ir tabiati bilan murabbiylar va jamoadoshlari hurmatiga sazovor bo`lgan. Rimda ham o`zbek futbolchisining ana shunday hurmatga loyiq bo`lishidan umidvormiz. Butun dunyo O`zbekiston haqida Jahon Chempionatida eshitmasada, o`zbek futbolchisining ajoyib o`yinlari haqida muhokama tilishlaridan ham umid qilamiz.

Eslatib o`tamiz, Shomurodov 1995 yilning 29 iyunida Surxondaryoning Jarqo`rg`on tumanida tug`ilgan. Futboldagi ilk saboqlarini “Mash`al” akademiyasidan olgan. Professional karerasini ham shu klubdan (2014 yil) boshlagan. Keyinchalik “Bunyodkor” (2015-2017), “Rostov” (2017-2020) va “Jenoa” (2020-2021) jamoalarida to`p surgan. 

Benvenuto a “Roma”, Eldor.

Orif BAXRIEV

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
3
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар