Davlatning gigant mediakompaniyasi rahbari Alisher Xodjaev jurnalistlardan qo`rqadimi?

03.08.2021 22:42

U nega Prezident talabini bajarmayapti?

O`tgan 4 yil ichida Alisher Xodjaev media sohasidagi yuqori lavozimdan ketib yana o`z joyiga qaytib kelgan yagona amaldor hisoblanadi.

O`zbekiston teleradiokompaniyasini boshqarayotgan bu amaldorning shu kungacha jurnalistlarga bergan biror bir intervyusini ko`rmaganmiz. Minglab teleradiojurnalistlarga rahbar bo`lgan raisning o`zini jurnalistlardan uzoq yurishi biroz taajjublanarli.

Davlatning gigant media kompaniyasi rahbari hatto Prezidentimiz tomonidan ko`tarilayotgan tashabbuslarga, respublika hayotidagi eng katta ijtimoiy siyosiy voqealiklarga ham munosabat bildirmaydi. Gazeta va jurnallarda ham biror bir maqola yoki intervyu berganini hozircha ko`rganimiz yo`q. 

Hatto barcha media rahbarlari-yu, lavozimda turgan amaldorlar ketma-ket o`zbek OAVsida munosabat bildiradigan Prezidentning Murojaatnomalarini ham bu amaldor jimgina kuzatadiganlar toifasidan. Shaxsiy fikri yo`qmi yoki boshqa biror sabab bormi?

Alisher Xodjaev mutaxassisligi bo`yicha fizika matematika fanlari nomzodi. U TV ga rahbar bo`lib kelishidan avval media yo`nalishida ishlamagan. Balki, uning mediashaxs bo`la olmayotgani va jurnalistlar uchun ochiq emasligini shu bilan izohlash mumkindir. Biroq bugungi ochiq jamiyat tashabbuslariga kamarbasta bo`lishni istagan har bir rahbar qarashlarini jamoatchilikka bildirib turishi o`rinli bo`ladi.

Alisher Xodjaevning haqiqiy kasbi, fizika matematika yo`nalishi bo`lib, u xavfsizlik kengashi rahbariyatida ham faoliyat yuritgan. 2002 — 2005 yil orasida Aloqa va axborotlashtirish vazirligida rahbar lavozimida ishlagan.

A.Xadjaev bilan O`zbekiston Bosh vaziri A.Aripovning soxalari bir-biriga yaqin. Ayrim manbalarda, ularning birga ishlaganlari va quda bo`lganlari ham aytiladi.

2020 yildan buyon Alisher Xodjaev O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasi raisi lavozimida faoliyat yuritib keladi. Bundan avval u 2005 — 2017 yillar orasida ham O`zbekiston teleradiokompaniyasida (hozirgi MTRK) rais bo`lib ishlagan. Raislik lavozimidagi uzilish  2017 — 2020 yillarga to`g`ri keldi. Bu vaqt oralig`ida u O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do`stona munosabatlar bo`yicha qo`mita raisi o`rinbosarligi lavozimida faoliyat yuritdi.

Alisher Xodjaev televidenieda raislik lavozimidan ozod etilib, qayta yana o`z joyiga ishga tiklangan yagona amaldordir. Ayrim manbalar uning 2020 yilda qayta Milliy teleradiokompaniyaga rais etib tayinlanishini Bosh vazirning nomi bilan bog`laydi.

Nima uchundir yirik media raisi bo`lishiga qaramasdan jurnalistlarga intervyu berishdan doim uzoqda turishi tushunarsiz holat. Ma`lumki, Prezident Shavkat Mirziyoev boshlab bergan siyosiy davrda Xadjaevdan tashqari barcha rahbarlar, ayniqsa, mediaga talluqli amaldorlarning barchasi o`z qarashlarini OAV orqali jamoatchilikka bildirib kelmoqda.

Rost24.uz axborot sayti muxbiri intervyu olish maqsadida teleradiokompaniyasi raisiga murojaat qildi. Media amaldori yaqin kunlarda ish jadvali tig`izligini aytib, rad qildi. Biz Xodjaevning yordamchisidan uning boshqa OAVlarga bergan intervyusidan manba sifatida foydalanishga muxtojligimizni bildirganimizda, u “shu vaqtgacha rais kimga intervyu bergan ekan”, deya taajjublandi.

Xodjaev jurnalistlarga intervyu berishdan uzoqda yursa-da, feysbuk ijtimoiy tarmog`ida o`z sahifasini yuritadi. Ammo, o`zining sahifasida ko`pincha umumiy harakterli ma`lumotlarni bo`lishadi va voqealarga nisbatan shaxsiy fikrlarini berishdan qochadi.

Prezident barcha rasmiylardan ochiq va shaffof ishlashni, xalq oldida hisobdor bo`lishni talab qilayotgan bir vaqtda Alisher Xodjaev o`zini jurnalistlardan olib qochishini qanday izohlash mumkin?

P/S: Teleradiokompaniyaning bugungi holati, davlat byudjetidan olingan milliardlar, 10 dan oshiq davlat telekanallarining jamiyatga nima berayotgani haqidagi ma`lumotlar saytimizning navbatdagi mavzusi...

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
27
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
08.01.2023 20:01
Яхши мавзу кузатишда давом этамиз.
07.01.2023 19:28
Xa yaxshi mavzu, rahmat!
03.01.2022 19:16
Молодец, ажойиб усулни қўллабсиз.
06.08.2021 20:32
Сайт ёпилиб кетмаса булди?
04.08.2021 06:10
Yahshi mavzu tanlapsila