O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Matbuot kotibi Shohrux G`iyosov nimalar demoqda?
Mas`uliyatli idoraning mas`ul xodimi jamoatchilik oldiga bir so`z aytib chiqayotganda har bir so`zi uchun javobgarlik hissi bo`lishi lozim. Ayniqsa, bu hol huquqni muhofaza qiluvchi, birlamchi vazifasi qonun ustuvorligini ta`minlash kerak bo`lgan mulozim tomonidan yangrasa yanada achinarli.
So`nggi kunlarda ichki ishlar xodimlari tomonidan yana ikki nafar fuqaro o`ldirilgani aytilgan voqea o`zbek ommaviy axborot vositalarida shov-shuvli munozaraga aylandi. Bugun esa (Qashqadaryoda) yana bir xuddi shunday holat qayd etilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Achinarlisi, qonun posbonlari tomonidan sodir etilayotgan qotilliklar xalqning ko`z o`ngida ochiq-oshkora bo`lmoqda. Voqealar o`zani ko`pchilik qaysi tomonga burilayotganini anglab etar darajada fahmlamoqda.
Surxondaryo viloyati, Denov tumanida fuqaro Hasan Xushmatov hamda Qoraqalpog`iston Respublikasi Taxiatosh tumanidan Baxtiyar Dauletmuratov IIB profilaktika inspektorlari tomonidan urib o`ldirilgani haqida rasmiy doiralar tomonidan ham turli munosabat va bayonotlar bildirdi.
IIV Matbuot xizmati rahbari esa bunday qotilliklarni qoralash o`rniga oqlash bilan ovora. U har chiqishlarida vazirlik xodimlarini oqlab, halok bo`lgan fuqarolarni "g`irt xudo urgan bezori"ga chiqarib jurnalist va blogerlarni taajjubga solayotgan matbuot kotibi ichki ishlardek nufuzli vazirlikning asl mudoasi va ishlash tizimini shubhaga solmoqda.
Xususan, Shohrux G`iyosovning so`nggi ikki o`lim holatlari bo`yicha jurnalistlarga yo`llagan norasmiy bayonoti OAV vakili sifatida bizni ham xavotirga soldi. Shu sababli ushbu bayonotni e`lon qilishni to`g`ri deb bildik.
IIV Matbuot kotibining aytishicha, Qoraqalpog`istonda o`lgan fuqaro pnevmaniyadan o`lib qolgan, ichgan, boshidan jarohatlangan ekan.
Denovdagi o`lgan fuqaroni IIV Matbuot kotibi "g`irt xudo urgan" deya baho bermoqda. Katta bir tashkilotning matbuot kotibi hech bir shaxsni kim bo`lishidan qat`iy nazar "xudo urgan" deya haqoratlashga haqqi yo`q. Bunday huquq hozircha, bilishimizcha hech kimga berilmagan.
Sh.G`iyosovning jurnalistlarga yo`llagan murojaati ham ichki ishlar xodimlariga qanday baho berishni belgilab bermoqda. Uning bu chiqishlaridan, munosabatlaridan anglash mumkinki, o`lgan shaxslar jamiyat uchun ortiqchadek, go`yo.
O`zbekiston fuqarosi kim bo`lishidan qat`iy nazar yashashga haqqi bor. Umuman aslida mas`ul xodimning jurnalistlar guruhidagi bunday “chiqishlari”ga tegishli idoralar huquqiy baho berishi kerak. Zero, rasmiy idora matbuot kotibining 500 nafar jurnalistlarga qarata bildirgan xavotirli fikrlarini jiddiy olmaslikning o`zi mumkin emas. Ichki ishlar xodimi har qanday sharoitda har qanday fuqaroga nisbatan hurmat saqlashi shart va fuqarolarni "xudo urgan" deya, ajratishga haqli emas.
Modomiki, vazirlikning rasmiy vakili fuqarolarga shunday baho berar ekan, biz jurnalistlar IIB xodimi munosabatini ijtimoiy yukini sezgan holda e`lon qilishni ma`qul, deb topdik.
O`zbekiston Konstitutsiyasi IIB mas`ul xodimi "xudo urgan", deb haqoratlayotgan fuqarolarni ham himoya qiladi. Faqat buni IIV vazir o`rinbosariga tenglashtirilgan vazirlik matbuot kotibi Shohrux G`iyosovning bilmasligi taajjublanarli.
IIV Matbuot xizmati rahbarining har bir munosabatiga e`tibor qilsangiz, ichki ishlar xodimlari qilayotgan jinoyatlarga jamoatchilikka qarshi bir o`zi advokatlik qilayotgandek. Nahotki, tizim xodimlari faqatgina o`zlari va bir birlarini emas, balki aslida fuqarolarni himoya qilishlari kerakligini anglab etmagan bo`lsa.
Xullas, montajsiz ochiq e`lon qilingan IIVning matbuot kotibining munosabatini eshiting va o`zingiz baho bering.