Savollar aniq, lekin Davlatning huquqni muhofaza qiluvchi organlari buni sir saqlamoqda. Matbuot kotiblarining harakatlari esa jurnalistlarda yanada shubhali holatlar uyg`otishga sabab bo`ldi.
Rost24.uz sayti ishonchli manbasining ma`lumot berishicha, Jizzax viloyatidagi tuman sudlaridan birining sobiq raisi qidiruvga berilgan. Shaxsning qidiruvga berilgani unga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilganini bildiradi.
Sobiq sud raisiga korrupsion holat bo`yicha jinoyat ishi ochilgan bo`lishi mumkin. Ammo bu ma`lumotni rasmiy ravishda huquqni muhofaza qilish organlaridan aniqlashning imkoni bo`lmayapti.
Rost24.uz sayti muxbiri ma`lumotlarni aniqlashtirish maqsadida Sudyalar oliy kengashi matbuot kotibi Tursunali Akbarov bilan bog`landi. Sud tizimi va sudyalar faoliyatidagi kamchiliklarni ayamay tanqid qilishi bilan tilgan tushgan, ammo Kengash matbuot xizmatiga o`tganidan keyin buning aksini qilayotgan T.Akbarovning javobi quyidagicha bo`ldi:
“Siz aytayotgan tuman sudining sobiq raisi faoliyatidagi jiddiy kamchiliklari uchun bir necha oy avval vazifasidan ozod etilgan. Unga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilgan-qo`zg`atilmagani haqida ma`lumotga ega emasman”.
Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov esa Rost24.uz ning bir necha bor yuborgan so`rovini hozircha ochiq qoldirdi.
Shubhalar esa ortib bormoqda.