AQSh: afg`onlar masalasi va O`zbekiston

31.05.2021 19:09

AQSh va NATO rasmiy Vashington o`tgan yil boshida Tolibon bilan imzolagan bitimga muvofiq, o`tib borayotgan may oyidan boshlab Afg`onistonda qolayotgan so`nggi harbiylarini ham olib chiqib ketishni boshlagan.

Yaqinda AQSh kuchlari Tolibon va boshqa jangari guruhlarga qarshi so`nggi 20 yillik urushning markazi va ramzi bo`lgan poytaxt Kobuldagi eng yirik Bagrom havo bazasini ham butkul tark etishgan, nazoratini esa Afg`oniston hukumatiga topshirishgan.

AQSh ma`muriyati yakuniy muhlat etib belgilangan 11 sentyabrga qolmay, 31 avgustgacha Afg`onistonni tark etib bo`lishlarini aytgan.

Aynan so`nggi ikki oy ichida esa, Tolibon o`z hujumlarini yanada shiddatlashtirgan.

Nomlari ayrim G`arb nashrlarida tilga olingan O`zbekiston va Tojikiston esa, Markaziy Osiyoning Afg`onistonga bevosita chegaradosh uchta davlatidan ikkitasidir.
 

Shu yil aprel oyida aynan O`zbekiston, Qozog`iston va Tojikiston ayrim nufuzli G`arb nashrlarida AQSh chiqib ketganidan so`ng, Afg`onistonda chegaraosha harbiy amaliyotlarini uyushtira olishi uchun o`z harbiy bazalarini ochish niyatida bo`lgan ehtimoliy davlatlar sifatida ham tilga olingan.

Ayrim Rossiya nashrlari O`zbekiston Mudofaa vazirligi vakili bunday ehtimolni nazardan soqit etgani haqida ham yozishmoqda.

Bloomberg esa kuni kecha e`lon qilga xabarida O`zbekiston va Tojikiston hukumat hay`atlarining Vashingtonga tashrifi chog`ida tomonlarning "AQSh ularning hududidan razvedka, kuzatuv va rekognossirovkani olib borishiga imkon beradigan kelishuvni ham muhokama qilishayotgani"ga alohida to`xtalgan.

O`zbekiston prezidentining matbuot kotibi o`zining jurnalistlar bilan so`nggi savol-javobida mamlakat hududida xorijiy harbiy bazalarning joylashtirilishi masalasini ham tilga olgani ma`lum bo`lgan.

Xabarlarga ko`ra, Sherzod Asadov, "2012 yilda qabul qilingan konsepsiya va mudofaa to`g`risidagi qonunga muvofiq, O`zbekiston hududida hech qanday xorijiy harbiy bazalarning joylashtirilishi mumkin emas"ligini bayon qilgan.

Tolibon munosabati qanday?

AQSh hukumatining uch Markaziy Osiyo davlatiga 9 mingga yaqin afg`on taqdiri yuzasidan "qilgan" murojaatiga oid xabarlarga toliblarning munosabati hozircha ko`zga tashlanmaydi.

Ammo Tolibon harakati yaqinda harbiy bazalar masalasida Afg`onistonning qo`shnilariga murojaat bilan chiqqan.

Ularni o`z hududlaridan Afg`onistonga qarshi foydalanilishiga izn bermaslikka chaqirgan.

Aks-holda buning oqibatlari bilan ogohlantirgan.

"Agar, shunday qilishsa, buning oqibatlariga o`sha davlatlarning o`zlari mas`ul" ekanliklarini aytgandi.

Tolibon harakati mintaqadagi eng yirik jangari guruh bo`ladi. Harbiy doiralarda guruh a`zolarining soni bir necha o`n mingga nisbat beriladi.

Rossiya va mintaqaviy xavfsizlik

Markaziy Osiyoda armiyasi eng jangovar ekani aytiluvchi O`zbekiston, boshqa tomondan, aksariyat mintaqa davlatlaridan farqli tarzda, Rossiya shamsiyasi ostidagi Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga ham kirmaydi, unga rasman a`zo emas.

Ammo rasmiy Vashington bilan 2020 yil fevralida imzolangan kelishuvga ko`ra, 9500 ga yaqin xorijiy harbiylarning butkul chiqib ketishi evaziga Tolibon boshqa jangari guruhlarning Afg`oniston tuprog`idan turib, chetga hujum uyushtirishlariga izn bermasligi shart, deb ko`riladi.

O`zbekiston Afg`onistondagi tinchlik jarayoniga rasman va faol bosh qo`shgan yagona mintaqa davlati bo`ladi. Tolibon harakatining o`zi bilan ham bevosita muloqotda.

Tinchlik jarayonining Afg`onistonda toliblarni ham o`z ichiga oluvchi koalision hukumat tuzilishini maqsad qilgan yakuniy - afg`onlararo muloqotlar bosqichi hanuz o`z poyoniga etmagan.

Tolibon hujumlarining yanada kuchayib borayotgani manzarasida AQSh ma`muriyati, harbiylari va NATO Bosh kotibi bundan keyin ham Afg`oniston xavfsizlik kuchlarini tashlab qo`ymasliklari, ularni har tomonlama dastaklashlarini bayon qilgan, ammo halicha bu xususda aniq rejalari tafsilotlari ko`zga tashlanmaydi.

Aksariyat ekspertlarning birdek e`tirof etishicha, joriy yil Afg`oniston uchun "hal qiluvchisi" bo`ladi.

Kuzatuvchilar esa, Markaziy Osiyo davlatlari afg`on qochqinlarini qabul qilishga rozilik bildirishsa, bu mintaqaviy xavfsizlikni izdan chiqarishi mumkinligidan xavotirda.

Ularga ko`ra, AQSh bu qochqinlarni qayta-qayta tekshiruvdan o`tkazib, mutaassib emasliklariga kafolat berishi lozim.

Orada Rossiya Xavfsizlik Kengashining kotibi ham bunday rozilikning ehtimoliy oqibatlaridan ogohlantirib chiqqan.

Ammo Afg`onistonning o`ziga bevosita chegaradosh shimoli va shimoli-sharqidagi vaziyatning jiddiy izdan chiqib borayotgani manzarasida Tojikiston 10 mingtagacha afg`on qochqinini qabul qilishlari mumkinligini ham aytgan.

Ayrim mintaqaviy nashrlarda O`zbekiston Termiz tashqarisida ehtimoliy qochqinlar uchun o`nlab chodirlar tiklayotganiga oid xabarlar ham bo`y ko`rsatgan, ammo ular halicha o`zining rasmiy tasdig`ini topmagan.

AQSh ma`muriyati esa, o`z harbiylari bilan birga ishlagan barcha minglab afg`onga viza berishga va`da qilgan, bunga kirishganliklarini ham aytgan.

Ammo bashoratlar xavotirli: xorijiy ittifoq qo`shinlarining butkul chiqib ketishi Afg`onistonda voqealarning dahshatli tus olishi, olti oyning o`zidayoq afg`on hukumatining qulashi va mamlakatda fuqarolar urushi boshlanishiga olib kelishi mumkin, degan qo`rquvlar bor.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар