Saytimizda “8 nafar fuqaro o`ldi. Bunga kimdir javob beradimi? Yoxud falokatdan keyin falokatligi haqida faqat bayonot beradigan FVV" haqida maqola e`lon qilgan edik. Maqolada agar o`z vaqtida aholi ogohlantirilganda, mas`ul tashkilotlar o`z vazifasiga mas`uliyat bilan bajarganida, balki bugungidek fojialar ro`y bermas edimi, degan mulohaza o`rtaga tashlangan edi.
Bugun Kosonsoydagi sel hodisasi oqibatida halok bo`lganlar soni 9 nafarga etgani ma`lum bo`ldi.
Namangan viloyati Kosonsoy tumanida kuchli sel kelishi oqibatda 9 nafar o`lim kuzatilgan, 6 nafar kishi jarohatlangan. Rost24.uz axborot sayti sel oqibatida nima uchun 9 nafar fuqaro qutqarib qolinmagani, sel kelishi avvalidan aholi qay darajada ogohlantirilgani (umuman ogohlantirilganmidi) va qutqarish uchun qanday texnikalar jalb etilgani bilan qiziqdi.
Maqsad tabiiy ofat oldidan vazirlik qanchalar puxta tayyorgarlik ko`rishi va aholini qutqarish uchun qanchalar zarur texnikalarni jalb etishini aniqlash edi. Sabab qonunda belgilanishicha, Favqulodda vaziyatlar vazirligining asosiy vazifasi ofatdan keyin oqibatlar bilan kurashish emas, balki xavf oldini olish va profilaktika qilishdir.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot kotibi Murod Sodiqovning ma`lum qilishicha, dunyoning hech bir hududida tabiiy ofatlarni 100 foiz aniq sanasi va soatini aniqlab beruvchi moslama yo`q. Shunday ekan sel tez kelishi tufayli ko`pincha aholi orasida qurbonlar kuzatilib turadi. “Hatto rivojlangan davlatlarda ham sel oqibatida o`lim holatlari kuzatiladi”, deydi M.Sodiqov.
Vazirlikning ma`lumotiga ko`ra, 13 iyul kuni “O`zgidromet” tomonidan Respublikamizning tog`li va tog`oldi hududlarida havo haroratining keskin tushib ketishi, yog`ingarchiliklarning kuchayishi, kuchli shamollarning yuzaga kelishi to`g`risida ogohlantirish berib o`tilgan.
Biz favqulodda vaziyatlar vazirligining doimiy va to`xtovsiz ravishda tabiiy ofat va boshqa xavf yuzasidan ogohlantirish berib borishini bilamiz. Ammo, Namanganda sel kelgan kuni obi-havo ma`lumoti yog`ingarchilikning kuchayishini ko`rsatgan bo`lsada, vazirlik tomonidan ogohlantirish SMS xabarnomalari jo`natilmagan. SMS xabarnomalarni aholi o`qishi va unga qanchalar amal qilishi ikkinichi masala, lekin vazirlikning vazifasi yuqorida qayd etilganidek aholini xavfdan xabardor etish va oldini olishdan iborat emasmidi?..
Kosonsoyda o`sha kuni tabiiy ofat ro`y bergach, Favqulodda vaziyatlar vazirligining qutqaruv – qidiruv xizmati, milliy gvardiya, hokimiyat vakillari voqea joyiga etib borgan. Qutqarish ishlari uchun 500 nafar xodim va 45 ta maxsus texnika ajratilgan. Jalb etilgan texnika orasida vertolyot bo`lmagan. Vazirlik matbuot kotibining so`zlariga ko`ra mutaxassislar qanday texnika ishlatishni vaziyatdan kelib chiqqan holda jalb etadi.
Shuningdek, favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan yil davomida qirg`oqlar atroflarini to`sish va boshqa sel oqibatini yumshatuvchi choralar ko`riladi.