Ayni damda korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi binosining ta`mirlash ishlari olib borilmoqda. Agentlikning rost24.uz ga ma`lum qilishicha bino ta`miriga 12,6 milliard so`m sarflanadi.
Hukumatning 2020 yil sentyabr oyidagi tegishli farmoyishiga binoan, tugatilgan “O`zpaxtasanoat” aksionerlik jamiyatiga tegishli bino va inshootlar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga operativ boshqaruv huquqi bilan berilgan edi.
Ushbu bino Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Sh.Rustaveli ko`chasi, 8-a-uyda joylashgan.
Binoni ta`mirlatish buyurtmasi Toshkent shahar hokimligi huzuridagi yagona injiniring kompaniyasi tomonidan berilgan. Bajaruvchi korxona sifatida “TREST-5” MChJ, loyihalovchi tashkilot esa “Original proekt” MChJlardir.
Agentlik ma`lumotiga ko`ra, korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga ob`ektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun davlat byudjetidan mablag` ajratilishi belgilangan.
Shunga muvofiq, agentlik binosini rekonstruksiya qilish uchun “Toshkent shahar hokimligi huzuridagi yagona buyurtmachi xizmati injinering kompaniyasi” buyurtmachi etib belgilangan bo`lib, ajratilgan mablag`larni va rekonstruksiya ishlarini buyurtmachi tasarruf etmoqda. Buyurtmachi tomonidan qonunchilikda belgilangan tartiblar asosida Agentlik binosida qurilish-rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish uchun tender e`lon qilingan. Loyihachilar tomonidan qurilish umumiy qiymati 15 milliard so`m deb baholangan.
Bugungi kunda tender natijalariga ko`ra g`olib bo`lgan qurilish kompaniyasi tomonidan Agentlik binosi rekonstruksiya qilinmoqda. Qurilish bahosi 12,6 milliard so`m.