Rahbarlarda lavozim ko`p, ammo O`zbekistonda birgina boshqaruvchi kadr vakanti o`rniga 76 nafar talabgor

16.07.2021 16:42

O`zbekistonda birgina boshqaruv, rahbar kadr bo`sh o`rniga o`rta hisobda 76 nafar talabgor topiladi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o`rinbosari Otabek Hasanov axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida bo`lib o`tgan tadbirda aytib o`tdi.

Otabek Hasanovning aytishicha agentlik joriy etgan ochiq portal orqali boshqaruvchi, bo`sh vakant o`rinlariga o`rta hisobda 70 nafardan ortiq talabgorlar topiladi. Biroq, O`zbekistonda hukumat tepasida bir kishining bir nechta lavozim, ish o`rnini egallab turganini kuzatish mumkin. Rost24.uz axborot-tahliliy sayti muxbiri ayni shu masala yuzasidan tegishli organ bo`lgan davlat xizmatini rivojlantirish agentligi rahbariyatiga murojaat qildi. Hukumat tepasidagi Jamshid Qo`chqorov, Ilhom Mamatov, Bahodir Qurbonov, Botir Zokirov, Sardor Umurzoqov, Aziz Abduhakimov kabi amaldorlarimizning uch-to`rttadan lavozimlari borligi ma`lum. 

Shunday ekan, Davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilishning ochiq va shaffof mexanizmlarini joriy etish masalalari bilan shug`ullanuvchi davlat xizmatini rivojlantirish agentligining o`rni qaerda qoladi? Agentlik prezident farmoniga ko`riga davlat xizmati rahbarlik lavozimlariga meritokratiya tamoyiliga asoslangan holda ochiq va shaffof tarzda kadrlarni tayinlashi lozim. Bugungi kunda J.Ortiqxo`jaev yoki Ilhom Mamatovning portal orqali ish izlab lavozimga tayinlanganiga kim ishonadi?

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o`rinbosari Otabek Hasanov ushbu savolga javob berdi:

“Jurnalistikada so`zlarga e`tiborli bo`lishimiz kerak. 50 ta masalani hal qilib, bitta masalani bajarmasak, agentlik kerakmi, kerak emasmi deb savol berish masalasini o`ylab ko`rish kerak. Biz sizga yuqorida batafsil qilingan ishlar bo`yicha ma`lumot berdik, bu savolingizga javob 76 nafar deganimiz bu mehnat va vazirlik boshqarma boshliq lavozimida edi. Lekin biz hozir dastlabki bosqichda davlat boshqaruvidagi quyi va o`rta bo`g`in rahbarlariga ochiq tanlov e`lon qilyapmiz. Nima uchun? Buning uchun ham tajriba kerak. Birinchi biz quyi tizimdan boshladik. Ya`ni xatolarimiz chiqdi to`g`irladik. Malaka taraflama muammo chiqyapti, yoki testni shaffof qilyapmizda, og`zaki suhbatga kelganda buzilyapti. Eskicha tizim bo`lib qolmasligi uchun suhbatlashadigan odamlarni o`zini tarbiyalashimiz kerak. Chunki, imtihonlarni ochiq tarzda yutub kanaliga qo`yganimizdan keyin o`zimizning kamchiliklarimizni ko`ryapmiz. Hammasi zamonaviy bo`la-turib, suhbat jarayoni eskicha bo`ladigan bo`lsa bo`lmaydi.

Biz agentlik bosqichma-bosqich bu jarayonlarga kelmoqchimiz. Barcha davlat xizmatchilariga bu jarayon inobatga olinishi uchun agentlik harakat qilmoqda. Uning uchun hamma narsa bunga tayyor bo`lishi kerak, suhbat ham, yozma jarayonlar ham.

Milliy kadrlar zaxira tizimidan bizga topshiriq berilgan. Deyarli barcha rahbarlik lavozimlariga yangi tizim joriy qilyapmiz. Bu degani har bir rahbarni lavozimidan tashqari, yana 3 ta lavozimga o`tkazish, hozircha yopiq, chunki u tizimdan o`tgandan keyin ochiq bo`ladi. Ya`ni hokim va boshqa vazir o`rinbosarlaridan ham suhbat jarayoni, psixologik tomoni, bilimi test suhbatlari o`tkaziladi va shundan so`ng lavozimga tavsiya qilinadi.” – deya ta`kidlab o`tdi Otabek Hasanov.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар