Nosvoy chekuvchilar ushbu tamaki mahsulotini cheklash salbiy oqibatlarga olib kelishidan xavotir oldi
Joriy yil avvalida Sog`liqni saqlash vazirligi mutaxassislari O`zbekistonda tutunsiz tamaki mahsulotlari, xususan, nosvoy sotuvini qonun darajasida taqiqlashni tavsiya qilib chiqqan edi.
Bugungi kunda vazirlik mutaxassisi Shuhrat Shukurovning aytishicha, O`zbekistonda nosvoy ishlab chiqarish va sotish qonun darajasida cheklanmaydigan bo`ldi. Qonun loyihasining birinchi o`qilishida nosvoy sotuvini cheklash bo`yicha ko`rsatma qabul qilinmagan. Biroq, tamaki maxsulotlari iste`molini cheklash bo`yicha qonunchilikka ma`lum darajada yangi cheklovlar kiritilishi kutilmoqda.
Shuhrat Shukurovning ma`lum qilishicha, O`zbekiston aholisi orasida 2 milliondan ortiq nosvoy chekuvchilarning borligi sababli ushbu tamaki mahsulotini cheklash salbiy oqibatlarga olib kelishidan xavotir olishgan. Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida O`zbekiston tutunsiz tamaki (nosvoy) iste`mol qilish bo`yicha birinchi o`rinda turadi. Qo`shni davlatlar orasida Qozog`iston va Turkmanistonda nosvoy ishlab chiqarish va sotish rasman ma`n etilgan.
Qo`shni davlatlarda nosvoy sotuvini qonunan cheklanishi avvaliga katta o`zgarishga olib kelmagan. Sotuvda noqonuniy bo`lsa-da, nosvoy sotuvi saqlanib qolavergan. Ammo, keyinchalik statistik raqamlarda nosvoy iste`moli sezilarli darajada kamaygani aytiladi.
Sog`liqni saqlash vazirligi mutaxassisi Shuhrat Shukurovning ma`lum qilishicha, tutunsiz tamaki maxsulotlari sirasiga kiruvchi nosvoy iste`molini cheklashdan qo`rqish kerak emas. Aslida bu tutunsiz mahsulotning iste`molidan ko`proq xavfsirash lozim. Nosvoyni cheklash bilan aholi salomatligini saqlashga jiddiy qadam qo`yilgan bo`ladi.