O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining investisiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo`yicha o`rinbosari Sardor Umurzoqov ayni damda 10 dan ziyod lavozimni egallab kelmoqda.
Hukumatdagi muhim bir nechta “kreslo”larni bir vaqtning o`zida band qilib turgan 44 yoshli S.Umurzoqov O`zbekistonda davlat boshqaruvchilari orasida eng ko`p lavozimni egallagan yosh amaldor bo`lib rekord natijani qayd etib turibdi.
Sardor Umurzoqov Toshkent irrigasiya va qishloq xo`jaligini mexanizasiyalash muhandislari instituti rektori O`ktam Umurzoqovning farzandi. Ijtimoiy tarmoqlarda bu sulola vakillari amaldorlik pillapoyalaridan mustahkam joy olgani haqida ma`lumotlar uchraydi.
Sardor Umurzoqovning tasarrufida ham barcha qatori sutkasiga 24 soat vaqt bor. Bu amaldor har bir ish joyiga ikki kunlik tashrif vaqtini ajratsa, unga shuncha ishxonani aylanib chiqishi uchun 1 oy vaqt ketadi.
Mansabdorlarning bir vaqtning o`zida bir nechta lavozimni bajarishi manfaatlar muvozanatiga ta`sir o`tkazmaydimi?
Shuncha lavozimni bir shaxs boshqarishi tizimlar faoliyatining rivojlanishiga to`siq bo`lmayaptimi?
Umuman nima uchun O`zbekistonda bitta amaldor bir nechta lavozimda o`tiradi? Ushbu savollar doirasida saytimizda tahliliy maqola e`lon qilinadi.
Bugungi kunda Sardor Umurzoqov egallab turgan lavozimlar ro`yxati:
1. Bosh vazirning investisiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo`yicha o`rinbosari
2. Investisiyalar va tashqi savdo vaziri
3. Tashqi savdoni tarifli va tarifsiz tartibga solish bo`yicha kengash raisi
4. Jahon Savdo tashkilotiga (JST) kirish bo`yicha idoralararo komissiya raisi
5. Evropa tiklanish va taraqqiyot banki (ETTB) Boshqaruvchilari Kengashi Raisining o`rinbosari
6. Islom taraqqiyot banki (ITB) guruhi Boshqaruvchilari Kengashi – Bank oliy boshqaruv organi Raisi, O`zbekiston tomonidan Boshqaruvchi
7. Mintaqalar va soxalarning eksport salohiyatini rivojlantirish bo`yicha Respublika komissiyasining raisi
8. O`zbekistonning to`g`ridan-to`g`ri investisiya jamg`armasi boshqaruvchi raisi
9. "O'zagroeksportbank" ATB kengashi raisi
10. "O'zbekinvest" NKEIS direktorlar kengashi raisi
11. "O'zbekinvest" xalqaro sug`urta kompaniyasi direktorlar kengashi raisi
Eslatma: Matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, Sardor Umurzoqov faqatgina asosiy ish joyi — Bosh vazirning investisiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo`yicha o`rinbosari lavozimidan maosh oladi.