Rost24.uz bosh muharriri Anora Sodiqova qo`mita ekspertlar guruhi a`zosi bo`ldi
Qo`mita tashkil etilishidan maqsad nima?
Bu qo`mita ham boshqalariga o`xshab “qog`ozda ishlarni bitiriladigan joy” bo`ladimi?
Joriy yilning 25 iyun sanasida Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta`minlash masalalari qo`mitasi tashkil etilgan edi va kuni kecha ushbu qo`mitaning birinchi majlisi bo`lib o`tdi. Majlisda 3 ta masala, ya`ni davlat organlari ochiqligini ta`minlash masalalari, ekspertlarni tasdiqlash va ikkinchi yarim yillikka mo`ljallangan ish rejasi muhokama qilindi.
Shakllantirilgan ekspertlar guruhida jurnalistlar, blogerlar, OAV vakillari va yuristlar ham kiritilgan. Ularning orasida Rost24.uz sayti bosh muharriri Anora Sodiqova, bloger va huquqshunos Hushnudbek Xudoyberdiev, Qalampir.uz internet saytidan Qamariddin Shayxov va yana bir qancha faol OAV vakillari ekspert sifatida tanlab olindi.
Ushbu ekspertlar guruhini qo`mitaga tanlangani birmuncha oldingi “qo`mitalardan” farq qilishiga ishora berayotganday bo`ldi. Ekspertlar qo`mita bilan birgalikda axborot siyosati, davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni ta`minlash sohasida huquqiy boshqarish tizimining samaradorligini tahlil qilishda ilmiy-uslubiy va ekspert-tahliliy ko`mak ko`rsatish, uni takomillashtirish bo`yicha takliflarni ishlab chiqish, aholini qiziqtirgan dolzarb muammolarga bo`lgan munosabatlari bo`yicha o`z fikr-mulohazalarini qo`mitaga taqdim etadi.
Bundan tashqari, internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo`lgan masalalar yuzasidan o`z fikrini mustaqil bayon etish va uning echimlarini bo`yicha tavsiyalar beradi. Majlisda so`zga chiqqan jurnalistlar bir nechta muammo va takliflarni o`rtaga tashladi. Qo`mita faoliyati davomida balki barcha jabhada ochiqlik ta`minlanib, bu borada muammolar bartaraf etilar.
Albatta, buning uchun birinchi o`rinda tepada turganlarning jurnalistlarga bo`lgan munosabati o`zgarishi kerak. Ko`ramiz, kuzatamiz…
Iroda Farhodova,
Quvonch To`raev (video)