Yana bitta tarixiy, XALQ MULKI bo`lgan bino qonunga xilof ravishda sotuvga qo`yildi

10.07.2021 09:19

Noqonuniy sotilgani aytilgan DXXning sobiq “Markaziy bino”sini O`zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov farzandiga tegishli kompaniya egallagan edi. Endi ikkinchi, qonunga yana xilof ravishda sotilayotgan katta tarixiy ob`ekt “Gelogiya muzeyi” binosini kimning kompaniyasi olishi mumkin?

Madaniy meros ob`ekti bo`lgan va sotilishi qonunan taqiqlangan yana bir tarixiy majmua — Geologiya muzeyi binosi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan  auksionga qo`yildi.

Taras Shevchenko ko`chasida joylashgan Geologiya muzeyi 1928 yilda qurilgan. Ushbu ob`ekt O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabr sanasidagi 846-sonli qaroriga ko`ra, arxitektura yodgorligi sifatida ro`yxatga olingan hamda ushbu qarorda mazkur bino badiiy yoki o`zga madaniy qimmatliligi tufayli unga garov va ipoteka qo`llanilishi mumkin emasligi qayd etib o`tilgan.

Ma`lumki, O`zbekiston qonunchiligiga ko`ra, davlatga tegishli bo`lgan moddiy madaniy merosni sotuvga qo`yish qonun bilan taqiqlangan. Ya`ni “Madaniy meros ob`ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to`g`risida”gi Qonunning 23-moddasiga ko`ra, davlat mulkida turgan moddiy madaniy meros ob`ektlari davlat tasarrufidan chiqarilishi va xususiylashtirilishi mumkin emas.

Ammo Davlat aktivlarini boshqarish agentligi e`loniga ko`ra, mamlakatning amaldagi qonunlarida sotilishi mumkin bo`lmagan ob`ekt boshlang`ich narxi 27,6 mlrd. so`m bilan ochiq savdoga qo`yildi. Arizalar shu yilning 7 avgustgacha qabul qilinadi va xalq mulki hisoblangan, madaniy meros bo`lgan “Geologiya muzeyi” savdolari 9 avgust kuni bo`lib o`tishi ko`rsatilgan.

Muzey qonunchilikdagi taqiqlarga qaramasdan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan auksionga qo`yilayotgan ikkinchi tarixiy ob`ektdir.

Joriy yilning 17 iyun sanasida agentlik madaniy meros ob`ekti hisoblangan DXXning sobiq markaziy binosi O`zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o`g`li rahbarlik qilayotgan Metropol Group kompaniyasiga 210.0 milliard so`mga sotilganini e`lon qilgan edi.

Rost24.uz axborot sayti DXXning sobiq binosi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabr sanasidagi 846-sonli qaroriga ko`ra, Davlat xavfsizlik xizmatiga tegishli bo`lgan “Markaziy bino” arxitektura yodgorligi sifatida ro`yxatga olingan hamda ushbu qarorda mazkur bino badiiy yoki o`zga madaniy qimmatliligi tufayli unga garov va ipoteka qo`llanilishi mumkin emasligi haqida yozgan. 

Biroq nima uchundir O`zbekistonda binolar qonunga xilof ravishda sotilgani bong urilganiga qaramay birorta davlat organlari tomonidan mazkur masalaga munosabat bildirilgani yoki oydinlik kiritilgani yo`q. Tarixiy madaniy majmualar, xalq mulki bo`lgan binolar esa sotilishda davom etmoqda.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
3
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар