Bosh vazir o`rinbosari bir oy muqaddam o`tkazilayotgan festivallar ochiq havoda bo`lgandan so`ng bunday kasallikni bir biriga o`tishining oldi olingan bo`ladi, deb javob qaytargan edi.
Xo`sh, qani oldi olindimi?
Kuni kecha Toshkent shahri “qizil” toifadagi hudud deb belgilandi. Kasallanishlar soni antirekordni qayd etdi. O`lim soni ortdi. Bir kecha-kunduzda 476 tadan ziyod kishida koronavirus qayd etilib, jami bemorlar soni 108104 tani tashkil qildi. Bu antirekord darajalar qayd etilgani tufayli Toshkent shahriga kirish chiqish uchun cheklovlar ham o`rnatildi. 28 iyundan kuchga kiradigan bu cheklovlarning bo`lmasligi ham mumkin edi. Agar hukumat bunga e`tibor bilan qaraganda.
To`g`ri, bu darajadagi holatga kelishiga aholining ham qaysidir ma`noda aybi bordir, ammo karantin sharoitida ham turli bayramlarni tashkil qilgan, yuz minglab yoshlarni to`plab festivallar o`tkazgan hukumatning aybi yo`q emas.
Mantiqan uylab ko`rish qiyin emas: yuz minglab odam yig`ilgan joyda masofa saqlab bo`ladimi? Yo`q albatta, bunga imkoniyat ham bo`lmaydi…
Bundan roppa rosa 30 kun oldin yuz minglab yoshlarni bir joyga yig`ib, katta tadbirni bosh bo`lib o`tkazgan bosh vazir o`rinbosari Behzod Musaevni Rost24.uz sayti muxbiri aynan ana shu xavotirli holatning yuz berishi haqida, karantin sharoitida minglab yoshlarni bir joyga yig`ish xatarli emasmi, deb savolga tutgan edi.
Behzod Musaev:
"Avvalambor, koronavirus ko`rsatkichlari O`zbekiston bo`yicha juda tinch va sokin holatda. Ikkinchi tomonda, yoshlar yig`ilgandan keyin yoshlar orasida tarqalmaslik uchun sanitariya-epidemologik xizmatlarini bu erda ham hamma joyga qo`yganmiz. Qo`lini doimiy ravishda chayib turadi, maskasini taqish bo`yicha nazorat o`rnatiladi. Bunday jipslashishlar ochiq havoda bo`lgandan so`ng bunday kasallikning bir biriga o`tishining oldi olingan bo`ladi”.
Xo`p, bir oy oldingi tadbirlarda virus kam bo`lgandir, lekin bugun-chi?
Bugun respublikamiz bo`ylab qanday vaziyat hukm surmoqda? Bu vaziyatga kelib qolishimizda o`ylanmasdan qilingan ishlar ham sabab emasmi?
Agar vaqtida oldi olinib, rahbariyat ham o`ylab ish yuritganda balki bugungidek vaziyatga tushib qolmas edikmi?
Hukumat vakillari balki bu savollarga ham javob topib qo`ygandir.
Ha, yana bir gap: “Tashkent city”da shu kecha kunduzda ham bayramlar davom etmoqda. Va yana bir gap: Yaqinda Botanika bog`ida yana bitta katta festival bo`lib o`tadi.
Iroda Farxadova