Matbuot anjumanida berilgan ushbu savolga Sudyalar oliy kengashi rahbariyati javob berishdan qochdi
Xorazm viloyat ma`muriy sudining sudyasi lavozimida ishlab kelayotgan J.Sultonova o`z faoliyatida «Murdadan ko`rsatma olgani» ommaviy axborot vositalarida katta shov-shuvlarga sabab bo`lgandi.
Ma`lumki, bunday qo`pol xatolar sudyalarning faoliyatini davom ettirishini so`roq ostida qoldiradi. Biroq shunga qaramasdan sudya J.Sultonovaga hamon chora ko`rilgani yo`q. Ayni masala Sudyalar oliy kengashining jurnalist va blogerlar uchun uyushtirgan matbuot anjumanida rost24.uz muxbiri tomonidan qayta ko`tarildi. Anjumanda ishtirok etgan Sudyalar oliy kengashi raisining o`rinbosari Alisher Jalilov matbuot anjuman mavzusiga oid savol berilmaganini bahona qilib «murdani so`roq qilgan» sudya masalasi bo`yicha javob berishdan qochdi.
Sudyalar oliy kengashi raisining matbuot kotibi Tursunali Akbarov qo`pol xatoga yo`l qo`ygan sudya hamon o`z lavozimida ishlab kelayotganini va unga nisbatan chora ko`rilmaganini tasdiqladi.
rost24.uz muxbiri kengashning avvalgi matbuot anjumanida ham sudya Sultonova ishi bo`yicha mas`ullarni so`roqqa tutgan edi. Shundan so`ng “murdalarni so`roq qiluvchi sudya” insidenti xorijiy matbuot nashrlariga ham chiqib, ovoza bo`lib ulgirgan. Lekin, oradan 20 ish kunidan ortiq vaqt o`tgan bo`lsa-da, ushbu masala yuzasidan hamon sud inspeksiyasi javob bergani yo`q.