Futbol bo`yicha O`zbekiston terma jamoasining Jahon chempionati saralash bosqichidan sharmandali chiqib ketishi so`ngi kunlardagi dolzarb mavzu bo`lib turibdi.
To`g`ri, saralash o`yinlarida vakillarimiz haqiqatdan ham muxlislar kutgan o`yinni ko`rsata olishmadi. Murabbiyning tushunarsiz taktikalari, ayrim futbolchilarimizda vatanparvarlik hissi o`lib borayotganligi ayniqsa, oxirgi o`yinda yaqqol namoyon bo`ldi.
Yana shu siyqasi chiqqan mavzuni yodga olib, o`quvchilarning medasigi tegmoqchi emasman. Lekin 19 iyunda bo`lib o`tgan O`FA yig`ilishida Odil Ahmedovning terma jamoadagi faoliyatiga yakun yasaganligining e`lon qilinishi ko`pchilikni hayratga soldi. Vadim Abramovning iste`fosi rasman e`lon qilinmasdan oldin ham aniq bo`lib ulgurgandi. Biroq Odilning milliy jamoamiz libosida boshqa o`ynamasligi ko`pchilik uchun kutilmagan xabar bo`ldi.
Terma jamoamizning so`nggi sardorini ham bexato harakat qildi deya olmaymiz. Lekin bari bir o`zbek futbolida uning o`ziga xos o`rni bor edi. Mirjalol Qosimovdan so`ng namanganlik charm to`p ustasi, o`zbek futbolidagi eng muhim figura desak ham mubolag`a bo`lmas...
Aynan Odilning muhim va chiroyli gollari evaziga O`zbekiston terma jamoasi (2011 yilda) Osiyo Kubogida ilk bor yarim finalgacha borganligini muxlislar yaxshi eslashadi. Nafaqat chiroyli o`yinlari bilan, balki og`ir-bosiq tabiati bilan Ahmedov yurtimizdan tashqari Rossiya va Xitoyda ham hurmat qozondi. Rossiya OAVda “Anji” va “Krasnodar”ning sobiq futbolchisi haqida haligacha iliq fikrlar bildirishadi.
Xo`sh, 2007 yildan buyon yurtimiz sharafini yuzdan ortiq o`yinlarda himoya qilgan yarim himoyachi terma jamoadan tanqidlar ostida ketishi, to`g`rimikan? Nazarimda, Ahmedov bo`lajak o`rtoqlik o`yinlarimizning birida terma jamoadan munosib, bayramona kuzatilishi lozim. Bunga u munosib. Garchi bundan oldin ham vakillarimiz Jahon chempionatiga chiqa olmagan bo`lsalarda Geynrix, Shaskix va Karpenko kabi futbolchilarga zarbof to`nlar kiydirib kuzatilgandi-ku.
Nega Odilga shunday hurmat ko`rsatilmasligi kerak?
Boshqa futbolchilarimiz o`ynay olishmasa, Ahmedovning bir o`zi nima qila olardi.
Orif BAHRIEV