O`zbekistondan voz kechgan mashhur sportchilar

18.06.2021 17:47

Aslida o`zimizdan chiqqan, bugunda o`zimizniki bo`lmaganlar

Rost24.uz hozirda Turkiya bayrog`i ostida mahoratini namoyish etayotgan asli o`zbekistonlik ikki sportchi hayot yo`li va karerasiga nazar tashlaydi.

Xalqaro maydonlarda yurtimiz sharafini himoya qilgan, qilayotgan asli boshqa mamlakatlik sportchimiz kam emas. Ular tabiiyki, O`zbekiston fuqarolari bo`lgan. 

Lekin O`zbekistonda tug`ilib, taqdir taqozosi bilan boshqa mamlakat fuqarosiga aylangan va ikkinchi vatanda yulduz darajasiga etgan sportchilar haqida eshitganmisiz? 

ERSANMI, ARSENMI? TURKIYaLIKMI YoKI O`ZBEKISTONLIK?

Rasman qayd etilishicha, uning ism-sharifi Ersan Ilyasova (Ersan Ilyasova). Yana hujjatlarda yozilishicha, u Turkiyaning Eskishahrida 1987 yilning 15 mayida tug`ilgan. Ersan millati qrim tatarga mansub bo`lgan turk professonal basketbolchisi va so`nggi vaqtlarda u “Yuta Jaz” MBA klubi tarkibida o`ynayapti. Sportchi forvard pozisiyasida faoliyat yuritadi. U 2005 yildan buyon Milliy Basketbol Assosiyasida o`ynab kelmoqda. Shu fursat mobaynida basketbolchi dunyoning eng zo`r ligasining etti jamoasida o`ynashga muvaffaq bo`ldi.

HAVAS QILIShGA ARZIYDIMI, ARZIYDI 

Yuqorida uning ism-sharifi borasida “rasman” degan ibora ishlatildi. O`zbekiston basketbol federasiyasi tasdiqlashicha, Arsen Ilyasov (uning haqiqiy ismi aynan shunday deb ta`kidlanadi) Buxoroda tavallud topgan. Darvoqe, Ersanning tug`ilgan sanasi deb ko`rsatilgandan uch yil avval tug`ilgan. Arsenning basketboldagi ilk iqtidori O`zbekistonda namoyon bo`lgan. Navqiron basketbolchi 2002 yil avgustida yoshlar jamoasi bilan Turkiyaga kelgan va jamoa taassurufidan nom nishonsiz yo`qolgan.

2003 yilda Konyada bo`lib o`tgan basketbol bo`yicha yoshlar o`rtasidagi Turkiya chempionatdan so`ng Ilyasovaning yoshi va kelib chiqishi borasida bahs-munozaralar avjiga chiqdi. Munozarada O`zbekiston tomonidan 1984 yilda Buxoroda tug`ilgan Arsen Ilyasov 2002 yil 7 avgust kuni (18 yoshida) Turkiyaga borib, so`ng daraksiz yo`qolgani aytiladi.

Turkiya tarafidan turkiyalik Semsettin Bulut degan kishi o`g`lining tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnomani yo`qotgani bois, bolaning 15 yoshida (2002 yil 19 sentyabrida)  qayta guvohnoma olganligi va yigitcha ism sharifi Ersan Ilyasova ekanligi haqidagi vaj keltiriladi. 

Buni qarangki, yigitcha mahoratli basketbolchi bo`lib etishdi. Shundan keyin O`zbekiston Basketbol federasiyasi turkiyalik o`yinchi Ilyasova aslida o`zbekistonlik Ilyasov ekanligi da`vosi bilan FIBAga rasman bayonot kiritdi. Ammo Xalqaro basketbol federasiyasi Turkiya foydasiga qaror chiqardi.

E`tiborlisi, Ersan Ilyasova, ko`plab qrim tatar xalqlari vakillari kabi Qrimga ko`chib o`tgan va bugunda Simferopolda yashayotgan haqiqiy ota onasi Anvar va Irakli Ilyasovlar bilan mustahkam aloqada ekani tasdiqlangan.

TURK REKORDINI YaNGILAGAN SAMARQAND O`G`LONI

Turkiya tennisi tarixida birinchi bo`lib ATP reytingida kuchli yuztalikka kirgan, xalqaro Chellenjer turnirida g`olib bo`lgan ilk turk tennischisi sifatida ko`riladigan Marsel Qaxxorovich Xamdamov 1987 yil ko`hna Samarqandda tug`ulgan. Qadimiy ko`chalarda o`ynab katta bo`lgan. U ilk bor Samarqand shahridagi tennis to`garagiga kelganida olti yoshda edi. Bo`lajak yulduz otasidan erta ayriladi. Shu bois onasi Madiya 2004 yilda o`g`li bilan Turkiyaga ko`chib ketadi. 

Marsel esa mashg`ulotlarini «Takspor Tennis Club of İstanbul” majmuasida davom ettiradi. 2006 yilga kelib Marsel o`ziga Ilxan familiyasini oladi va Turkiya terma jamoasi safida o`ynashni boshlaydi. 2007 yilda tennischi ko`plab fyuchers turkumidagi musobaqalarda g`olib bo`ldi. 

Ilxan 2008 yil Isroilda tashkillashtirilgan Chelenjer turnirining finalida slovakiyalik Ivo Klekni ikki set natijasiga ko`ra mag`lub etib, bunday musobaqada shohsupaga ko`tarilgan birinchi turkiyalikka aylandi. 2011 yilda erkaklar o`rtasidagi xalqaro tennis reytingida 87-o`ringacha ko`tarildi. Bunday natija ham turk tennisida rekord hisoblanadi.

Faoliyatini Turkiya nomidan davom ettirayotgan asli o`zbekistonlik tennischi turk, ingliz va rus tillarida erkin so`zlasha oladi. U professional karerasi davomida 700 ming AQSh dollaridan ko`proq mablag` topgan.

Ming afsuski, ba`zi bir rivojlanmayotgan sport turlarimizda mana shunday noyob iqtidorlarni boy berayapmiz.   

                                                                                Orif BAXRIEV tayyorladi

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
6
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
12.07.2021 16:15
Eeehhe bunday yoshlarimiz 100lab topiladi chet davlatlarda, ayrimlar yoshligidan chet elda yashagan boʻlsa, yana bir qancha yoshlarimiz oʻzini namoyon etolmay atay boshqa yurtlarni bayrogʻini yuqoriga koʻtarmoqda. Bizda diplomdan boshqa narsa bermaydi deya.
19.06.2021 12:18
Уларга ватан эмас пул керак.Узьекистонда булса бунака карерага эришолмасди.Бизда суньий тусик куп.
19.06.2021 02:23
Ersan Ilyosova emas. Ilyosov. O‘g‘il bolaku u
19.06.2021 02:18
Баттар бул,йуколган пичокнинг сори олтиндан,вактида кадрини урнига куйинглар,пулнинг оркасидан югурмай...