O`zbekiston stadionlariga o`yindan tashqari holatda kirish mumkinmi?

17.06.2021 19:39

Mashhur futbolchilar to`p surgan stadionga borishni va u erda suratga tushib kelishni dunyoning u chekkasida turuvchi inson ham orzu qiladi. Aynan shu narsa stadionlarga sayohat qilish xizmatini yo`lga qo`yishga undaydi.

Xo`sh, bu masala bizda qanday? Stadionlarimizda bunday xizmat yo`lga qo`yilganmi? 

Shu savollarga javob olish maqsadida poytaxtimizda joylashgan ikkita stadion va markaziy arenaga borib mutasaddilardan javob oldik.

2012 yil sentyabr oyida Poytaxtimizning Chilonzor tumanida qurib bitkazilgan «Bunyodkor» stadioniga futbol o`yinlari bo`lmagan vaziyatda ham O`zbekistondagi har bir fuqaro, turli mamlakatdan tashrif buyurgan sayyoh hamda poytaxt mehmonlari tomosha uchun borishi mumkin. 

Tomosha uchun kelganlar, u erdagi «O`zbekiston futbol tarixi» muzeyi va stadion ichiga kirib sayohat qilishi, o`rganishi, suratga tushishi va hordiq olishi mumkin. Buning uchun hech qanday hujjat talab qilinmaydi. Faqatgina, kirish uchun belgilangan to`lov summasi mavjud bo`lib, bu 22 ming so`m (o`quvchi, talaba va pensionerlar uchun 11 ming so`m) etib belgilangan. 

Stadion ma`muriyati sayohat uchun qat`iy belgilangan grafik yo`qligini, «Bunyodkor» eshiklari ekskursiyachilar uchun haftaning istalgan kunida ochiqligini ta`kidladi. Bir vaqtning o`zida 34 ming tomoshabinni o`z bag`riga sig`dira oladigan stadionni ko`p bor tribunadan turib tomosha qilgandirsiz, lekin bu ishni bevosita ichkaridan yoki maydon bo`ylab amalga oshirish yanada qiziqroq bo`lishi shubhasiz.

Paxtakorga kirish uchun alohida ruxsat olish kerak...

65 yillik tarixga ega «Paxtakor» stadionida ham xuddi shu vaziyat bo`yicha izlanish olib bordik. Stadionga kirish bo`yicha grafikli to`lov joriy qilinmaganligi tufayli, stadion xavfsizligi uchun mas`ul xodimlar bizga «Futbol bahslaridan tashqari vaqtlarda kirish mumkin emas», deya javob berishdi.

Stadionning kirish eshigi oldida biroz ushlanib qolgach, bevosita stadion ma`muriyat bilan gaplashishga qaror qildik. Qarangki, ulardan «Kirish imkoniyati bor, albatta faqat ma`muriyat bilan gaplashib ruxsat olish kerak», degan javob oldik. «Paxtakor» stadioni ham futboldan tashqari holatlarda odamlarni bemalol stadion ekskursiyasi uchun o`yingohga kirish uchun sharoit va qulaylik yaratib bersa, maqsadga muvofiq bo`lar edi. Chunki bu nafaqat tomoshaga kelganlar uchun balki, stadion marketingini oshirish uchun ham xizmat qilishi tayin.

Zero, o`sha mashhur «Onamdan qolgan toshoyna qani?» jumlasini bilmagan odam yo`qki, «Paxtakor»ni bilmasa, Gennadiy Krasniskiy, Birodar Abduraimov, Mirjalol Qosimov kabi afsonalar to`p tepgan stadionni kelib ko`rmasa, bir davrlardagi kabi ishqibozlik tuyg`usini his etmasa...

2019 yil mart oyida ochilgan «Humo Aren» muz saroyi o`ziga 12 ming kishini sig`dira oladi. Bu erda qishki sport turlari (xokkey, short-trek, figurali uchish va kyorling) bo`yicha musobaqalar o`tkazish, ko`rgazmalar hamda forumlar tashkil etiladi.

Humo Arenada “Humo” xokkey jamoasi 2019-2020 yilgi mavsum Oliy xokkey ligasi (VHL) o`yinlarini o`tkazgan. Arena rahbariyati ma`lumotiga ko`ra, bu yil yoz kunlarida oilaviy tashrif buyurganlar uchun «Ommaviy uchish» mashg`ulotlari boshlanar ekan. Humo Arenaga bir kunlik sayohat tashkil qilish imkoni grafik asosida mavjud.

Bizda ham futbol va tadbirlardan tashqari stadionlarga kirish imkoniyati yo`lga qo`yilganligi quvonarli albatta. Lekin bu nimaga ochiq targ`ib qilinmayapti? Ya`ni stadionga o`yindan tashqari kunlarda ham kelib sayohat uyushtirish mumkinligi reklama qilinmagan, stadion va arena saytlari orqali grafiklari chiqarib qo`yilmagan.

Nega ijtimoiy tarmoq va telekanallar orqali mana shunday imkoniyat borligi e`lon qilinmaydi?

Masalan, «Barcelona»ning «Kamp Nou» stadioniga sayohatlar 24,5 evroni tashkil qilib, yashil maydonga chiqish, kiyim almashtirish xonalari, futbolchilar o`tiradigan o`rindiqlar, katta matbuot zali, kichik cherkov va albatta klub muzeyi tashrifni o`z ichiga oladi.

Madridning «Real» klubi stadionida ham maxsus ekskursiya grafigi mavjud. Kirish narxi 25 evroni tashkil etadi.

Angliyaning eng salobatli o`yingohlaridan biri «Manchester Yunayted» jamoasi to`p tepadigan «Old-trafford» stadionida ekskursiya narxlari kattalar uchun 18 funt sterling, bolalar uchun 12 funt sterling, 4 kishilik oila uchun 54 funt sterling. 

 «Bavariya»ning “Allianz Arena» o`yingohida ham ekskursiyalar tashkil qilish mumkin. Sayohat chiptalari bir kishi uchun 19 evro turadi. Ekskursiyalar har kuni mavjud.

Evropa mamlakatlari stadion ekskursiyadan shuncha daromad topayotgan bir vaqtda, bizda odamlar hatto futboldan tashqari stadionlarga kirish imkoni borligini bilmasa, odamni taajjubga soladi. 

Iroda Farhodova, jurnalist

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
3
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар