Shunchaki motivasiya uchun
...Kechagina qanday ish qilmasin, katta daromad ko`rib yurgan tadbirkor edi. Uning ishlari birdaniga orqaga ketdi. Endi esa qay ishga qo`l urmasin, faqat qarzlari ko`payyapti. Bir yoqda haqdorlar qarzlarini qistab qo`yishmaydi. O`zini to`rt tomonga urgani bilan, natija yo`q. Xuddi barcha najot yo`llari berkilgandek…
Shunday o`ylardan miyasi g`ovlab, xiyobon chetidagi o`rindiqqa og`ir cho`kdi. Lo`qillab og`riyotgan boshini eggancha yana iztirobli xayollarga berildi. Kimningdir nigohini his qilib, boshini ko`targanida yonida bir qariyani ko`rdi: «Juda g`amgin ko`rinasan. Boshingga qandaydir tashvish tushgani ahvolingdan ma`lum. Balki dardingni menga aytarsan…»
Negadir u hamma dardlarini shu qariyaga aytgisi keldi, aytdi ham. So`zlarini bo`lmay eshitib turgan qariya nihoyatda xotirjamlik bilan: «Senga yordam berishim mumkin», dedi va yonidan chek daftarini chiqarib yozdi: «Bu pul senga. Roppa-rosa bir yildan keyin shu erda ko`rishamiz va qarzingni qaytarasan». Shunday deya tezlik bilan ko`zdan uzoqlashdi.
Qariya ketganidan keyin qo`lidagi chekka qaragan qahramonimizning ko`zlari yashnab ketdi – roppa-rosa 500 ming dollar. Imzo esa Jon Rokfellerga, ya`ni zamonasining eng boy odamiga tegishli! «Bu pul bilan hamma qarzlarimdan qutulishim mumkin», deb o`yladi u. Lekin negadir bu qimmatli chekni buzgisi kelmadi, avaylab seyfga soldi. O`zida ishlashga oldingidan ham ko`proq ishtiyoq tug`ilganini his qildi va ayni g`ayrat bilan ishga kirishdi. Katta-kichik demay barcha ishlarini yo`lga qo`ya boshladi, yangi rejalar tuzdi va shu asosda asta-sekin barchasi yaxshi tomonga o`zgara boshladi. Shu tarzda bir necha oy o`tgach, qarzlaridan batamom xalos bo`ldi, ishlari avvalgidan ham gurkirab ketdi…
Kelishilgan bir yil o`tdi. U qo`lida buzilmagan chek bilan tanish xiyobonga yo`l oldi. Aytilgan soatda o`zi tomon tez odimlar bilan kelayotgan qariyani ko`rdi. Minnatdorchilik bilan chekni qaytarib, qo`lga kiritgan yutuqlari haqida hayajon bilan gap boshladi. Shu payt yonlariga yugurgancha bir hamshira keldi va qariyaning qo`lidan tutdi:
– Topa olmaymanmi deb qo`rqqandim, yaxshiki uzoqqa ketib qolmabsiz.
Keyin unga qaradi va xijolatomuz dedi: «Siz, albatta, uning yolg`oniga ishonmagandirsiz. Bu janobga qariyalar uyidan qochib, shu xiyobonga kelish, ko`ringan odamga o`zini Jon Rokfeller deb tanishtirish shunchaki odatga aylanib qolgan…»
Qahramonimiz nima deyishini bilmay, uzoqlashib borayotgan qariya va hamshiraning ortidan hayron qarab qoldi. Demak, yil bo`yi ishongan, ko`nglini to`ldirib, uni yangi cho`qqilar sari etaklagan 500 ming dollar asli yo`q narsamidi? Lekin shu on erishgan yutuqlariga asos pul bo`lmaganini his qildi.
Uning hayotiga ta`sir qilga narsa, aslida, o`zidan topgani – katta va mustahkam IShONCh edi.