Bugun 16 iyun kuni O`zbekiston Simpoziumlar saroyida Savdo-sanoat palatasining navbatdagi qurultoyi bo`lib o`tdi. Unda nutq so`zlagan adliya vaziri Ruslan Davletovning aytishicha, tadbirkorlar uchun eng katta yordam – tadbirkorni tinch qo`yishdir.
Vazir o`tkazilgan so`rovnomalarga ko`ra, O`zbekistondagi biznes reytingda birinchi uchlikda Toshkent shahri, Namangan va Navoiy viloyatlari bo`lsa, oxirgi o`rinlarda Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari joy olganini aytib o`tgan. Ma`lumotlarga ko`ra ushbu reyting har olti oyda qayta tuziladi
Shuningdek, O`tkazilgan so`rovlarga ko`ra, ko`plab tadbirkor tuman (shahar) hokimliklari va davlat soliq inspeksiyasiga ishonmaydi.
So`rovda ishtirok etgan tadbirkorlarning 44%, ya`ni sal kam 2 tadan 1 tasi majburiy homiylikka jalb qilinishini aytishgan.
“Hamma bitta narsani tushunishi kerakki, tadbirkorlikning asosiy mohiyati – bu foyda olish, samaradorlik va olingan foydani yana investisiya qilishdan iborat. Ya`ni tadbirkor foydani qancha ko`p olsa, shuncha ko`p investisiya qiladi va bu mamlakatning o`sishiga xizmat qiladi. Demak, tadbirkorning o`sishidan davlat manfaatdor” deya ta`kidladi adliya vaziri Ruslan Davletov.