Urush qurbonlar keltiradi, jamiyat taraqqiyotini ortga suradi. Bu jarayonda hech bir g`olib yo`q, mag`lublar bor xolos. Ikki qarama qarshi kuch ham talofat ko`radi. Yaqinlardan, safdoshlardan ayriladi.
Afsuski, urush balosi jurnalistlar uchun ham xavfliligicha qolib kelmoqda. Bu kasb zahmatkashlari ham achchiq qurbonliklar bermoqda. Birgina ozar va arman qarama qarshiligi ham bir nechta safdoshimizni oramizdan olib ketdi.
«Azertac» muxbiri Magerram Ibragimov va AzTV teletasvirchisi Siroj Abishov minada portlab, halok bo`lganlari AzTV rejissyori Emin Mamedov, haydovchi va Kelbajar tumanida yashovchi fuqaro yarador bo`lganlari to`g`risidagi qayg`uli xabar har bir jurnalistni og`ir iztirobga soladi.
Men shaxsan ular bilan tanish edim. Biz birga ishlab, birga ijod qilgandik. Buning ustiga, jurnalistlarning biri, yaralangan Emin Mamedov o`zbekistonlik. Farg`ona viloyatining Qo`qonida tug`ilib o`sgan. Ularning o`rnida har qanday jurnalist bo`lishi mumkin edi. Kelbajar tumanida o`z professional va fuqarolik vazifasini bajarayotgan jurnalistlarning minali terror orqali o`ldirilishi butun jahonda qabul qilingan umuminsoniy odob-ahloq qoidalari va xalqaro insonparvarlik me`yorlarining o`ta qo`pol buzilishi bo`ldi. Halok bo`lgan jurnalistlarning oilalari va yaqinlariga chin dildan chuqur ta`ziya bildiramiz. Aytish kerakki, birinchi Qorabog` urushi vaqtida ko`plab jurnalistlar o`ldirilgan edi. Bu ro`yxat yangilanishini hech ham istamagan bo`lar edik.
• 1991 yil 9 yanvar kuni Qorabog`da “Molodej Azerbaydjana” gazetasi muxbiri Salatin Aziz kizi Askerova;
• 1991 yil 20 noyabr kuni AzTV xodimlari-jurnalist Ali Mustafaev, tasvirchi Faxraddin Shaxbazov va Orif Guseynov Karakend qishlog`i ustidan vertolyotda uchib o`tayotganda artilleriya o`qlari ostida;
• 1992 yil 15 iyulda Qorabog`da navbatdagi reportajni tayyorlash vaqtida telejurnalist Chingiz Mustafaev;
• 1991 13 avgust kuni Qorabog`da Rossiya gazetasi «Milostivie gosudari» (Perm) muharriri Valeriy Dementev;
• 1991 yil 27 dekabrda Karkijaxan qishlog`i yaqinida Rossiyaning “Mayak” radiostansiyasi maxsus muxbiri Leonid Lazarev;
• 1991 yil 20 sentyabrda “Azerbaydjanfilm” kinotasvirchisi Elxan Aliev bir to`da arman fanatlari tomonidan qattiq kaltaklanadi, keyin uni garovga olishadi. Qiynoqlar natijasida u nogiron bo`lib qoladi. O`sha vaqtda “Zaman” nomli turk gazetasi muxbiri Yilmaz Polad va AzTV muxbiri Nadejda Ismailova ham kaltaklanib, qiynoqqa solingan.
Shuxrat BARLAS (Salamov)
«Eurasia Diary» ning
Markaziy Osiyo bo`yicha maxsus muxbiri