Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi “Hukumat soati”ida xalq vakillari “Aholini ish bilan ta`minlash va yangi ish o`rinlari tashkil etish bo`yicha davlat buyurtmasining shakllantirilishi hamda uning bajarilishi to`g`risida”gi masalani muhokama qilishdi.
Deputatlarning mazkur masala yuzasidan savollariga O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o`rinbosari E.Muxitdinov javob berdi.
Xalq demokratik partiyasi a`zosi, deputat Dilbarxon Mamajonova rost24.uz saytida Anora Sodiqova tomonidan mardikor ayollar bozorida o`tkazilgan ijtimoiy eksperiment haqida gapirdi.
“Biz deputatlar ko`pincha joylarga chiqqanimizda shuni ko`ramizki, kunlik markazlar ochilishiga qaramasdan mardikor bozorlariga hamon ayollarimiz chiqmoqda. Kuni kecha ko`rgan bo`lsalaringiz kerak, jurnalist Anora Sodiqovaning 2 qismlik mardikor bozoridagi ayollar taqdiri, qismati haqida ajoyib bir maqolasi e`lon qilindi. Bu haqiqatga ancha yaqin. Bizda bir taklif bor edi. Mardikor bozorida ayollarni ishga jalb qiluvchi fuqarolar yoki tadbirkorlarni kunlik ro`yxatga olish kerak. Ayollar kunlik ishga qaerga ketayotganini nazoratga olish maqsadli bo`ladi. Bu ayollarning xavfsizligini ta`minlashga yordam beradi. Bunda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining monomarkazlariga vakillarini jalb etish kerak bo`ladi”, deya o`z taklifini bildirdi Oliy majlis Qonunchilik palatasi deputati Dilbarxon Mamajonova.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o`rinbosari E.Muxitdinov bu masala haqiqatan eng og`riqli muammolardan ekanini qayd etib o`tdi, hamda vazirlik mardikor ayol, erkaklar muammolarini ancha yillardan beri hal qilishga harakat qilib kelayotganini aytdi.
"2019 - 2021 yilda 20 ta zamonaviy "Kunlik ishchilar markazi" (tah.) qurish uchun 24,6 milliard so`m sarfladik. O`ylagan edikki, muammolar shu bilan hal etiladi deb, lekin hayotda bunday bo`lib chiqmadi." – dedi vazir o`rinbosari E.Muxitdinov.